— Inson o'lganida mayit ustiga “Yosin” surasi yozuvi tushirilgan matoni yopib dafn qilishsa, savobi katta emish. Shu rost-mi?
— “Yosin” surasini yopish degan gap shariatda yo'q. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qabristonga kirganda “Yosin” surasini qiroat qilsa, Alloh o'sha kuni ularga engillik beradi va unga o'sha erdagi narsalar adadicha hasanotlar bo'ladi”, deganlar.
Ma'qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O'liklaringizga Yosinni qiroat qiling”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).