Fiqh kitoblarida nikoh va taloq alohida katta bo'lim tariqasida yoritiladi. Taloqning ichidagi qismlaridan biri bu “Hulu'” masalasi hisoblanadi. Alloh Taolo g'azab qilgan va er-u osmon u sababli larzaga kelgan narsa bu nikoh aqdi bo'langan insonlarning ajrimidir. Hulu ham taloq kabi ajrim hisoblanib, uning taloqdan farqi- ayol kishi tomonidan talab qilingan ajrimdir. Albatta islom shariatida aql va quvvat jihatdan erkak kishi kuchli sanaladi va barcha masalalar uning tasarrufi orqali amalga oshiriladi. Bu narsa qiyshiq qovurg'adan yaratilgan ayolning ojiza va hissiyotga beriluvchi maxluqotligini Biluvchi Zot tomonidan qo'yilgan buyruq hisoblanadi. Shu sababdan, taloq qilish huquqi erkak kishiga berilgan bo'lib, uni javobgarligini ham erkak kishi bo'yniga yuklatiladi. Ammo shunday vaziyatlar bo'ladiki, ajrim ayol tomondan ham talab qilinishi mumkin. Bu tomonga ham islom shariati munosib qarab, o'z o'rnida ayol kishi ham o'z talog'ini talab qilib olishga huquq berilgan.
Hulu' so'zi lug'atan “kiyim echish” degan ma'noda ifodalaydi. Shariatda esa xotin kishining arz qilib, bir narsa berib, eri bilan ajrashishiga xulu' deyiladi. Chunki er-xotin Qur'on ta'biri ila bir-biriga kiyim o'rnida bo'ladi. Shu sababdan mana shu lug'aviy ma'nodagi so'z bilan qo'llaniladi.
Alloh taolo Baqara surasida:
Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasligidan qo'rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo'qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o'shalar, ana o'shalar zolimlardir , degan (229-oyat).
Ushbu oyati karima asosida Islom shariatida xulu' hukmi joriy qilingan. Er-xotin birga yashashlarining iloji qolmasa, agar birga tursalar, gunoh ish sodir bo'lishi muqarrar bo'lib qolsa, xotin ajrashishni istasa, eriga fidya (to'lov) berib, uni rozi qilib, ajrashib ketishi joizdir.
Islom dinida birinchi xulu' Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida sodir bo'ldi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Sobit ibn Qaysning xotini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: Ey Allohning Rasuli! Men unga xulqda ham, dinda ham bir ayb qo'ya olmayman, lekin Islomda kufron bo'lishini (ya'ni erimni yoqtirmaganim uchun unga itoatsizlik qilib, gunohkor bo'lishni) ham istamayman , dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (Senga mahr qilib bergan) bog'ini unga qaytarib berasanmi? dedilar. Ha , dedi ayol. U zot (Sobit ibn Qaysga) Bog'ni qabul qilib olgin-da, uni bir taloq qil , dedilar .
Buxoriy va Nasoiy rivoyat qilganlar.
Sobit ibn Qays roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va-sallamning aytganlarini qildi va shu tariqa Islomda birinchi xulu' sobit bo'ldi.
Hulu' boin taloq hisoblanadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xulu'ni bir boin taloq hisoblaganlar. Boin taloq – raj'iy taloqdan farqlin o'laroq er- xotinlik aloqalari o'sha zahotiyoq tamom bo'ladi.
Bundan tashqari ajrim qozi tomondan ham amalga oshiriladi. Qazoiy ajrimga to'rt fiqhiy mazhablarga ko'ra, quyidagilar sabab bo'ladi:
Ushbu masalalar qozining hukmiga bog'liq bo'ladi.
Nafaqadan ojiz bo'lish. Hanafiy mazhabidan boshqa uch mazhab, ya'ni molikiy, shofe'iy va hanbaliy mazhablarida nafaqadan ojiz bo'lish er-xotin ajratilishiga sabab bo'ladi. Ammo, hanafiy mazhabiga ko'ra, nafaqadan ojizlik sababli er xotin orasi ajratilmaydi. Chunki er goh boy, goh nochor holatda bo'ladi. Agar er boy bo'lib, nafaqa qilmayotgan bo'lsa, ajrimdan boshqa yo'llar qilinadi, masalan qamab qo'yiladi yoki majburan moli nafaqa uchun sotiladi.
Ayb va kasallik. Abu Hanifa va Imom Muhammad uch jinsiy kasallik sababidan er-xotin orasi ajratiladi, deyishgan. Ular:
Bunda qozining nikohni fasx – bekor qilishi boin taloq bo'ladi.
Janjal va zarar. Janjal – inson hurmatiga ta'na etkazadigan darajadagi qattiq nizo. Zarar – erkak kishining xotiniga gap yoki xatti-harakat bilan aziyat etkazishi. Huddi, so'kish, urish va harom ishlarga majburlashi kabi. Molikiylardan boshqa uch mazhab, agarchi nizo va zarar o'ta darajada kuchli bo'lsa ham, ajrimga sabab bo'lolmaydi. Chunki ayoldagi zararni taloqsiz ham hal etish mumkin, masalan qozining erkakni odobga chaqirishi, jazolashi kabi.Molikiylarda esa, zarar va janjal sababidan tafriq joiz bo'ladi,
Erning yo'q bo'lib ketishi. Agar er g'oyib bo'lsa hanafiy va shofe'iy mazhabiga ko'ra, garchi muddat uzun bo'lsada, erning yo'q bo'lishi sababidan qozi ularning orasini ajratmaydi. Negaki, bu borada birorta shar'iy dalil sobit bo'lmagan.
Toshkent Islom instituti
403-guruh talabasi Orifjonova Mohira
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.