Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yoniga dafn etilgan sahobalar Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar ibn Hattob roziyallohu anhudir. Bu joy “Ravzai mutohhara” deb nomladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrlari joylashgan joy rafiqalari Oisha roziyallohu anhoning uylari edi.
Bugungi kunda “Ravzai mutohhara” Madinadagi Payg'ambar alayhissalom masjidlari, ya'ni Masjidun Nabaviyning ajralmas qismi bo'lib, ziyoratchilar bilan doim gavjum.
Payg'ambar alayhissalom va U zotning ikki sahobasining qabrlari eshik va derazasiz bir nechta devorlar bilan o'ralgan, shuning uchun u erga hech kim to'g'ridan-to'g'ri kirish imkoniga ega emas.

Payg'ambar alayhissalomning qabri Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy qismida joylashgan. Uning shimoliy va janubiy tomonlari 16 metr, g'arbiy va sharqiy tomonlari esa 15 metr.
Ravzai mutohhara atrofidagi ilk devorlar hijriy 678 yilda Zohir Baybars tomonidan qurilgan. Ular yog'ochdan yasalgan va balandligi 3 metr edi. Hijriy 886 (milodiy 1481) yili Payg'ambar alayhissalom masjidida kuchli yong'in chiqadi va yog'och inshootlar vayron bo'ladi. Keyin Sulton Ashraf Kaytbay bu devorlarni bugungi kungacha saqlanib qolgan, biz ko'rib turgan panjaralar bilan almashtiradi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrining bir nechta eshiklari bor:

Qabrning sharqiy tomonida “Salomlashish joyi” deb nomlangan oltin panjarali devor joylashgan. Bu erda ziyoratchilar devordagi maxsus teshiklar orqali ichkari ko'rinmasada nazar tashlab, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalariga salom berishlari mumkin.
O'rtada keluvchi aylana va kattaroq teshik ortida Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabri, undan keyingi ikki aylana teshik Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhu qabrlarini bildiradi.
Birinchi teshik va qolgan ikkita teshik o'rtasida Bobi Oisha, ya'ni Oisha onamiz o'z uylariga kirib-chiqib yurgan eshik o'rni joylashgan.
Oltin panjara ustida “Hujurot” surasining 3-oyatini o'qish mumkin:
“Ey mo'minlar, (toki qilgan yaxshi) amallaringiz o'zlaringiz sezmagan hollaringizda behuda-befoyda bo'lib qolmasligi uchun sizlar (payg'ambar bilan so'zlashgan paytlaringizda) ovozlaringizni payg'ambarning ovozidan yuqori ko'tarmanglar va unga bir-birlaringizga ochiq (dag'al so'z) qilgandek ochiq-dag'al so'z qilmanglar!”

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrlari 2 qismga bo'lingan:
Bu joyga faqat yuqori martabali amaldorlar va masjid xodimlari kirishi mumkin, ular bu devorga o'rnatilgan peshtaxtani almashtiradilar, tozalash ishlarini olib boradilar. Va shu joydan ichkariroqqa hech kim kira olmaydilar.

Mazkur joy Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xotini Oisha roziyallohu anhoning xonadonlari bo'lib, bu muqaddas xona ketma-ket uchta devor bilan o'ralgan.
Birinchi devor Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog'larida, Madinaga ko'chib kelganlaridan ko'p o'tmay qurilgan. U 91 hijriy yili Umar ibn Abdulaziz tomonidan Ka'ba qurilgan toshlarga o'xshash toshlar yordamida qayta qurilgan.
Beshburchak shakldagi ikkinchi devor ham Umar ibn Abdulaziz tomonidan qurilgan. Nega to'rtburchak emas, noodatiy beshburchak shaklida qurilgan deyilsa, bu erni Muqaddas Ka'baga o'xshatib qo'ymaslik va uni mo'minlarning sajdagohiga aylantirmaslik uchun shunday qilingan. Beshburchak devor atrofidagi peshtoqli uchinchi devor hijriy 886 yilda qurilgan. Aynan shu devorni ziyoratchilar panjaradagi aylana 3 ta teshik orqali ko'rishlari mumkin.
Ravzai mutohharaning ichki qismida, ya'ni birinchi devorida mutlaqo eshik va deraza yo'q. Hech kim unga kirish huquqiga ega emas.
Qabrning bu qismiga kirib, Payg'ambar alayhissalom va u zotning sahobalarining qabrlarini 540 yil oldin o'z ko'zlari bilan ko'rgan oxirgi odam Masjidi Nabaviyda sodir bo'lgan kuchli yong'indan keyin tozalash ishlari bilan shug'ullangan olim Ali ibn Ahmad Samhudiy edi.

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabrining sxemasi


Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabri (Yashil rangdagisi)

Umar ibn Abdulaziz tomonidan qurilgan beshburchak devor. Darul Madina muzeyi ko'rgazmasi
Tashqi devor va 5 burchakli devor. Darul Madina muzeyi ko'rgazmasi

TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o'qituvchisi Kattayev Po'latxon
Bugun, 16 iyun kuni poytaxtimizda start olgan «Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar» mavzusidagi Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Toshkent» zalida muhim panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
«Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Ko‘rfaz kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish» mavzusiga bag‘ishlangan ushbu sessiyada xalqaro va mahalliy ekspertlar, moliyaviy tashkilotlar va davlat sektori vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda jahon islomiy moliya bozorining hajmi 3 trillion AQSH dollaridan oshib ulgurdi. Sessiya davomida islomiy moliyaning asosiy vositalari hisoblangan sukuk (islomiy obligatsiyalar), takaful (islomiy sug‘urta) va shariat tamoyillariga muvofiq bo‘lgan boshqa moliyaviy tuzilmalar rivojlanayotgan bozorlar, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti va infratuzilma loyihalariga suveren kapitalni jalb qilishda qanday rol o‘ynashi mumkinligi atroflicha tahlil qilindi.
Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Xusan Xasanov moderatorlik qilgan davra suhbatida yangi moliyaviy mahsulotlar dizaynini yaratish, milliy qonunchilik va tartibga solish tizimini xalqaro shariat standartlari bilan uyg‘unlashtirish hamda yangi emissiyalarga institutsional investorlarning talabini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Panel sessiyasida sohaning nufuzli ma’ruzachilari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov, "AD Wealth" boshqaruvchi sherigi Alisher Jumanov, "IMAN" bosh ijrochi direktori Rustam Raxmatov, Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Ramona Menesku hamda O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi vitse-prezidenti Salome Svanadze o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Ekspertlarning firicha, O‘zbekistonda islomiy moliya ekotizimining rivojlanishi Ko‘rfaz mamlakatlaridan yirik investitsiya oqimlarini jalb qilish va mamlakatda tadbirkorlik sohasini moliyalashtirishning muqobil manbalarini yaratishda yangi ufqlarni ochib beradi.
Forum doirasidagi muhokamalar va sho‘ba majlislari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati