Abdulqodir Abdurrahim
Toshkent islom instituti
Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi
Aqoid fani katta o'qituvchisi
Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida ajib bir samimiy va iliq muhit hukm surdi. Diniy idorada Muftiy hazratlarining qabuliga kirish uchun yurtimizning turli go‘shalaridan 100 ga yaqin hamyurtimiz jam bo‘ldi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari har bir fuqaroni shaxsan qabul qilib, ularning dardu tashvishlarini tingladilar.
Qabul davomida masjid va madrasalar holati, imomlar faoliyati, diniy ta’lim, haj ziyorati, oilaviy totuvlik va moddiy ko‘mak kabi ko‘plab masalalarga shar’iy va hayotiy amaliy yechimlar taqdim etildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlar yuzasidan kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha foydali maslahatlar, shar’iy masalalar bo‘yicha manzilli tavsiyalar berildi va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak ko‘rsatildi.
Xalqning dardini yengillatish va ko‘ngillarga surur bag‘ishlash – ikki dunyo saodatiga eltuvchi amaldir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu muborak hadisi shariflari ham bunga yorqin dalildir:
«...Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Ana shu nabaviy ta’limotga amal qilgan holda, bugun Muftiy hazratlari mutasaddilar bilan birgalikda turli masalalar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning tashvishlari bartaraf etilishiga amaliy yordam berdilar.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan manzilli ishlash, elning og‘irini yengil qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda har chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan fuqarolar qabuli muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati