“Nikoh” lug'atda jamlanish, yaqinlashish ma'nolarini anglatadi. Oila barcha zamonlarda ham muqaddas sanalib, jamiyatning bir bo`lagi hisoblanadi, uning mustahkamligi, er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbat davomiyligini ta’minlash uchun dinimiz o‘ziga xos qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ygan.
Oilaviy hayotning asosiy tashkilotchi va a’zolari bo‘lmish er va xotinning har biriga o‘ziga xos burch va vazifalari bilan birag, bir-birlariga nisbatan haq va huquqlarini ham belgilab berilgan.
Shariatga nikohning kiritilishining zamirida ham diniy, ham dunyoviy manfaatlar bor. Bularning bari Shori’ bo`lgan Zotning qanchalik buyuk va hakim ekanligiga dalolat qiladi.
Quyida nikohning shariatga kiritilishi hikmatlari oyatlar ila yoritib beriladi:
﴿ وَاذْكُرُواْ إِذْ كُنتُمْ قَلِيلاً فَكَثَّرَكُمْ ﴾ [الأعراف: 86]
“Oz bo`lgan chog’ingizda sizlarni ko’paytirib qo’yganini eslang” (A’rof surasi, 86-oyat)
﴿ وَلاَ تَقْرَبُواْ الزِّنَى إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاء سَبِيلا ﴾[الإسراء: 32]
“Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta u faxsh ish va yomon yo’ldir” (Isro surasi, 32-oyat).
Alloh taolo er-xotinni o’zaro ayblarini berkituvchi, go’zal saqlovchi bo’lishi uchun bir-birlariga libosdirlar deya quyidagi oyatda nomladi:
﴿ هُنَّ لِبَاسٌ لَّكُمْ وَأَنتُمْ لِبَاسٌ لَّهُنَّ﴾
“...Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz...”(Baqara surasi, 187-oyat).
﴿ وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُم مِّنْ أَنفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِّتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُم مَّوَدَّةً وَرَحْمَةً
إِنَّ فِي ذَلِكَ لآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يَتَفَكَّرُون﴾ [الروم: 21]
“Va Sizlarga sokinlik topishingiz uchun o’zingizdan juftlar yaratdi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo’yganligi (ham) uning oyat- belgilaridandir” (Rum surasi, 21-oyat).
Nikoh nafaqat dunyoviy manfaat keltiradi, balki uxroviy jihatdan ham er-xotin vojibotlariga rioya qilish bilan va’da qilingan ajrlarga ega bo’linadi. Islom hech qachon insonning haqini poymol bo’lishiga yo’l qo’ymaydi, balki u xoh erkak bo’lsin, xoh ayol uni himoya qiladi. Ayol kishini ojiza qilinishi va qiyshiq qovurg’adan yaratilishi bu uning past sanalishidan emas, balki mo’tabar sanalishidandir. Erkak kishini hamisha ustunligi – oilada uning hurmati va mas’ulligi jahatdandir.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, halol nikoh ko’p muomolatlar ichidan afzallik jihatdan yuqori o’rinda turuvchi, insonga har tomonlama manfaat keltiruvchi jamiyatning bir bo’lagi hisoblanadi. Oila qanchalik pok va shariat ahkomlariga muvofiq bo’lsa, shunchalik mustahkam bo’ladi.
Mohira Orifjonova,
Toshkent Islom instituti
talabasi
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.