Muqaddas dinimizning sof islomiy ta'limotini yurtimiz mo'min-musulmonlariga asl holicha etkazish, Islom ma'rifatini keng yoyish, buyuk ajdodlarimizning bebaho durdonlarini yoshlarimizning ongu shuuriga singdirish, xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlod vakillarini muqaddas qadriyatlarimizga zid turli yot g'oyalardan asrashda imom-xatiblarning o'rni bugun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etib boryapti.
Bugun chet davlatlarga ta'lim olish, sayohat qilish va ishlash uchun borayotgan vatandoshlarimizni ogohlikka chorlash, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda o'zlarining radikal chiqishlari bilan kishini chalg'ituvchi g'arazli kimsalar da'vatlaridan ehtiyot bo'lishga undashda imom domlalarning xizmatlari tahsinga sazovor.
Ana shu jabhalarda faollik ko'rsatgan, Toshkent viloyati imom-xatiblarining boshini qovushtirib, ular bilan hamjihatlikda ishlayotgan, ko'plab masjidlarning obod bo'lishiga xizmat qilayotgan Jasurbek domla Raupovni kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov maqtov yorlig'i bilan taqdirladi.
Albatta, bu Jasurek domlaning kamtarona xizmatlariga munosib rag'batdir.
Mehnat qilgan inson hech qachon kam bo'lmasligi ayni haqiqatdir. Toshkent viloyati bosh imom-xatibining maqtov yorliq bilan taqdirlanishi yana bir quvonchli voqeaning debochasi bo'ldi.
Gap shundaki, bugun, ya'ni, 2021 yil 4 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar o'rtasida “Yil imomi – 2021” ko'rik-tanlovining respublika bosqichi bo'lib o'ti.
Ko'rik-tanlovda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bosqichlarda g'oliblikni qo'lga kiritgan imom-xatiblar bahslashdilar.
Hakamlar hay'atining xulosasga ko'ra, eng yuqori ball to'plagan Toshkent viloyati Piskent tumani “Sobirxon ota” jome masjidi imom-xatibi Sunnatilla domla Ernazarov birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
Bu yutuq nafaqat “Sobirxon ota” masjidi jamoasining yoki Piskent tumani mo'min-musulmonlarining, ayni paytda Toshkent viloyatining ham muvaffaqiyatidir.
Sunnatilla domla 2000 yildan beri Piskent tumanidagi “Sobirxon ota” jome masjidi imomi bo'lib ishlab kelmoqda. O'tgan davr mobaynida u juma mav'izalarida, ikkala hayit va boshqa turli tadbirlarda xalqimizga sof Islom ta'limotini etkazishga munosib hissa qo'shmoqda.
Fursatdan foydalanib, O'MI Toshkent viloyati vakilligi jamoasi hamda viloyatdagi shahar va tumanlar bosh imom-atiblari, masjidlar imomlari, otinoyilar nomidan Jasurbek domla Raupov hamda Sunnatilla domla Ernazarovni qo'shaloq mukofot blan samimiy muborakbod etamiz.
Alloh taolo O'zining dini yo'lida xizmat qilayotgan barcha azizlarimizning ajrlarini ko'paytirib bersin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati