Buxoro – Naqshbandiya ta'riqati ettita buyuk so'fiylarining vatanidir. Tasavvufning buyuk vakillari bu erda yashab, diniy va ijtimoiy faoliyat olib borib, muborak Buxoroning vujudga kelishi va gullab-yashnashi, ma'naviy tarbiya va hissiy ruhni yuksaltirishga o'z hissalarini qo'shganlar. Bu erda muqaddas so'fiylarning dafn etilgan joylari – pirlar, islomiy ziyoratgohlar saqlanib qolgan, xabar bermoqda uzbekistan.travel internet-nashri.
Buxoroga ziyoratga kelganlarning ko'pchiligi o'z safarlarini Naqshbandiya ta'limotiga asos solgan ma'naviy ustoz Ho'ja Abduxoliq G'ijduvoniy maqbarasini ziyorat qilishdan boshlaydilar. Abduxoliq G'ijduvoniy payg'ambarning o'ninchi avlodi bilan ma'nan bog'liq. Maqbara ayvonining o'nta ustun va tayanchi o'ninchi avlodga ishora.
Ho'ja Abdulxoliq G'ijduvoniy davrida maqbara chillaxona vazifasini o'tagan bo'lib, u erda qirq kunlik jazirama issiq davrda odamlar ibodat qilish uchun kelgan. Vaqt o'tishi bilan muqaddas ibodat joyi ardoqli ziyoratgohga aylanadi.
Yaqin o'tmishda maqbara tashlandiqqa aylangan edi. Maqbara bugungi namunaviy shaklga ega bo'lishi uchun bir necha zamonadan omon o'tib kelishi kerak bo'ldi. Hozirda Abduxoliq G'ijdunoniy maqbarasi qadimgi Sharqning bir qismi, er va osmon orasidagi rishta hisoblanadi.
Ho'ja Muhammad Orif ar-Revgari maqbarasi murshid Ho'ja Orif Revgariyning dafn etilgan joyidir. U XII asrning o'rtalarida Revgar qishlog'ida tug'ilib, buyuk murshid Abduxoliq G'ijduvoniyning muridi bo'lgan. Buyuk ustozning vafotidan so'ng, u qolganlarga ruhiy murabbiy bo'lish uchun ruxsat olgan. Umrining oxirigacha faol diniy faoliyat bilan shug'ullangan. Baland ovozda zikr qilishni xush ko'rgan. Ho'ja Orif 150 yil umr ko'rganligi haqida afsonalar mavjud. U Buxoro viloyatining Shofirkon qishlog'ida dafn etilgan.
Ho'ja Maxmud Anjir Fag'naviy maqbarasi – eng buyuk so'fiy, murshidning dafn etilgan joyi. Vobkent shahri yaqinida tug'ilgan. Hayot yo'lining boshlanishida hunarmand va duradgor bo'lgan. Ilm olishning mashaqqatli yo'lini bosib o'tib, murshidlikka erishdi. Mahmud Anjir Fag'naviy «g'aflatda uxlab yotganlar uyg'onishi kerak» deb birinchilardan bo'lib zikrni baland ovozda o'qigan. U o'z ona qishlog'i Anjirbog'da dafn qilingan.
Ho'ja Ali Romitaniyning yodgorlik majmui – so'fiylik ta'riqatining xo'jagoniy yo'nalishi taniqli murshidi dafn etilgan joydir. So'fiyga xalq orasida «Azizxon» – aziz shayx nomi berilgan. XII asrning oxirida Romitan shahrida tug'ilgan. Butun hayoti davomida to'quvchilik bilan shug'ullangan. Ali Romitaniy amalga oshirish imkoni bo'lmagan ishni – mo'g'ullarni islom dinini qabul qilishiga erishdi. Mo'g'ullar istilosidan keyin yaroqsiz erlarni tiklashga yordam bergan, tabiblik bilan shug'ullangan. Afsonaga ko'ra, so'fiy odamlarning fikrlarini o'qish qobiliyatiga ega bo'lib, savolga uni berishdan oldin javob qaytargan. Uzoq va taqvoli hayoti davomida uning ko'plab shogirdlari bo'lgan, ularning orasida o'g'illari ham bor edi. Kichik o'g'li Ho'ja Ibrohimga o'z ta'limotini davom ettirishni vasiyat qilgan.
Ho'ja Muhammad Bobo Samosiy yodgorlik majmui – Ho'ja Ali Romitaniyning shogirdi mashhur so'fiyning dafn qilingan joyidir. Ho'ja Samosiy so'fiylik rivojiga bebaho hissa qo'shgan, buyuk inson – Muhammad Bahouddin Naqshbandning dunyoga kelishini bashorat qilgan. Afsonada aytilishicha, kunlarning birida, Bahouddining ona qishlog'i Qasri Hiduvon yonidan o'tayotib so'fiyda kashf yuz bergan. U mazkur joyda so'fiylik va ma'rifatning buyuk farzandi dunyoga keladi, bu erning nomi esa oriflar qishlog'i bo'ladi deb aytgan.
Murshid 1354 yilda 95 yoshida vafot etgan. Muqaddas maqbara Romitan tumanining Simas qishlog'ida joylashgan. Ushbu erda ajoyib insonning o'z ta'limotlariga monand ravishda maqbara, masjid, quduq va go'zal bog' barpo etilgan.
Ho'ja Sayid Amir Kulol Buxoriy yodgorlik majmuasi – Sayid Amir Kulol dafn etilgan joy. Hayoti davomida u «buyuk» degan ma'noni anglatuvchi Kalon nomini olgan. Kulolchilik bilan kun ko'rgan. Ulug' Ustoz bo'lishga qadar ham u mashhur bo'lgan. U o'z davrining taniqli kuloli bo'lgan.
Sayid Amir Kulol diniy ulamo bo'lib, yuzdan ortiq izdoshlarga ega edi, ular orasida Bahouddin Muhammad Naqshbandiy ham bor edi. U Naqshbandiyni so'fiylik asoslari, zikrni to'g'ri o'qish va xo'jagoniy tariqatining an'analari bilan tanishtirdi. O'sha paytlarda eng qadrli va aziz ruhiy o'g'lini ishonib topshirayotganligini anglab etgan shayx Ho'jai Samosiy ustozni Buyuk murid bilan tanishtirgan, degan fikr ham bor. Sayid Amir Kulol 1370 yilda o'zining tug'ilib o'sgan Suxar qishlog'ida dafn etilgan.
Bahouddin Naqshbandiy (XVI asr) – Buxorodan 12 km. uzoqlikda joylashgan noyob yodgorlik majmuasi. Majmua buyuk so'fiy ustoz Bahouddin Naqshbandiy sharafiga qurilgan.
Bahouddin Naqshbandiy majmuasida ushbu ajoyib insoning hayoti va faoliyati bilan bog'liq qiziqarli eksponatlar va ma'lumotlar namoyish etilgan muzey mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.