frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Oyoqlar orasi to'rt barmoq kengligida ochiladi

01.12.2023   1694   3 min.
Oyoqlar orasi to'rt barmoq kengligida ochiladi

Namozxon qiyom holatida qiblaga yuzlangan, qaddi tik, qo'llari ikki yonga tushirilgan, ikkala oyoqlarining orasi to'rt barmoq kengligida ochilgan bo'ladi.

Namozda qiyomda turganda oyoqlar orasi qanday holatda turishi haqida Abdurrahmon al-Juzayriy rahimahulloh “al-Fiqh 'ala-l-mazohib al-arba'a” asarida quyidagilarni yozgan: “Qiyom holatida ikki oyoqni ochish miqdori juda yaqin ham, juda uzoq ham bo'lmasligi kerak. Faqat semizlik, to'lalik, barvastalik va shunga o'xshash uzr bilan bo'lsa, joiz. Mazhablarda uning miqdori borasida ixtiloflar

Hanafiylar ikki oyoq orasini to'rt barmoq miqdori ochish deb belgilaganlar. Undan ortiq yoki kam bo'lsa, makruh bo'ladi.

Shofe'iylar esa bir qarich deb belgilaganlar. Ular orasi bundan qisqa yoki ortiq ochilsa, makruh bo'ladi. Huddi bu bir oyoq oldinroqda, birisi orqaroqda turgandek makruh bo'ladi.

Molikiylar ikki oyoq orasini ochishni sunnat emas, balki mandub bo'ladi, deydilar. Ular fikricha, ikki oyoq orasi bir-biriga tekkizilgan yoki juda ochilgan holatda emas, balki urfda yomon ko'rilmaydigan holatdagi o'rtacha ochilishi kerak.

Hanbaliylarning fikrlari ham molikiylar singaridir, faqat ular mandub yoki sunnat deb belgilagan emaslar" (Abdurrahmon al-Juzayriy. al-Fiqh 'ala-l-mazohib al-arba'a. J. 1. – B. 202).

Bu masala bo'yicha doktor Vahba Zuhayliy "Al Fiqhul Islamiyyu va adillatuhu" (Islom fiqhi va uning dalillari) nomli kitobida (J. 1. – B. 695) quyidagilarni yozadi:

Hanafiylar aytadilar: “Qiyomda ikki oyoq orasini to'rt enlik miqdoricha ochib turish sunnatdir. Chunki bu xushu'ga yaqinroqdir”.

Shofe'iylar aytadilar: “Ikki oyoq orasi bir qarich miqdorida ochiladi”.

Molikiy va hanbaliylar aytadilar: “Ikki oyoqning orasini ochish mandubdir. O'rtacha holatda bo'lsin. Ikkisini bir-biriga qo'shib olmasin yoki juda kengaytirib, urfda noxush sanaladigan bo'lmasin”.

Demak, to'rt mazhabning fiqhiy qarashlariga ko'ra namozda qiyomda turganda ikki oyoq orasi juda katta ochilgan bo'lmasligi, urfda va odamlar nazarida g'ayritabiiy ko'rinmasligi darkor. Shuning uchun ham, namozlarda ikki oyoqlarini kerib, keng ochib turish holati namoz borasidagi diniy an'anaga to'g'ri kelmagani bois erish tuyuladi.

 “Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.

Jaholatga qarshi ma'rifat
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Surxondaryoda otinoyilar uchun seminar-trening o‘tkazildi

10.09.2026   33441   1 min.
Surxondaryoda otinoyilar uchun seminar-trening o‘tkazildi

Joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Surxondaryo viloyatining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi majlislar zalida ikki kunlik o‘quv-seminari doirasida "Mafkuraviy xatarlarga qarshi kurashishda otinoyilarning o‘rni hamda mas’uliyati" mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda diniy soxa xodimlari ishtirok etishdi. Ishtirokchilarga seminarning ahamiyati, "Aqida ilmining moxiyati va moturidiylik ta’limoti", "Yot oqimlar g‘oyalariga raddiyalar" - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi I.Abduraxmonov, "Globallashuv asrida ayollarni g‘oyaviy taxdidlardan asrash" - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Sh.Jo‘rayev hamda "Xotin-qizlar bilan ishlashda uslubiy tavsiyalar" - O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dots.nti D.Turdiyevalar mavzularida so‘z yuritdilar.

Seminar davomida bugungi kunda uchrayotgan mafkuraviy tahdidlar, ularning oldini olish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida ma’rifiy faoliyatni kuchaytirishda otinoyilarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, mavzu yuzasidan fikr va takliflar muhokama qilindi hamda qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Seminar-trening o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari