Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Ibn Mas'ud Kosoniy “Badoi'”da: “Tahorat qiluvchidan talab qilinadigan narsa poklik. “Bismilloh”ni aytishning bunga daxli yo'q. Sababi suv pok yaratilgan. Suvning poklashi banda amaliga bog'liq emas”, degan. Bu bilan tahoratni “bismillah” bilan boshlash shart emas, balki fazilatdir, deyilmoqchi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Tahorati yo'q kishi uchun namoz yo'q. Alloh taoloning ismini zikr qilmagan kishi uchun tahorat yo'q”(Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Ahmad, Hokim, Doraqutniy, Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).
Ushbu hadisni ulamolar ikki xil talqin qilishgan. Ba'zilar: “Hadisga ko'ra, “bismillah”ni aytmagan kishining tahorati durust bo'lmaydi”, deyishsa, boshqa toifalar: “Bu erdagi inkor komillikni inkor qilishdir. “Bismillah”ni aytmagan bandaning tahorati mukammal bo'lmaydi, savobni to'liq ololmaydi”, deyishgan.
Ahli zohirlar, xususan imom Ahmad ibn Hanbalga ko'ra, “bismillah” aytmasa, tahorat durust bo'lmaydi. Ba'zilar buni mustahab, deyishgan. Ishoq aytadi: “Agar “bismilloh”ni atayin tark qilsa, tahoratini qaytadan qiladi. Agar esidan chiqib qolsa, uning tahorati joizdir”. Valiyyulloh Dehlaviy “Hujjatullohil balig'o” kitobida: “Ushbu hadis tahoratda “bismilloh” aytish rukn yoki shartligiga etarli dalildir. Balki u tahoratning komil bo'lmasligini anglatishi ham mumkin. Lekin men bu ta'vilga qo'shilmayman. Chunki u ancha uzoq ta'vildir”, degan. Imom Molik: “Tahoratda “bismilloh” deyish farz. Agar unutsa, qalb bilan “bismilloh” deyish til bilan aytish o'rniga o'tadi”, degan.
Hasan Basriy, Ishoq ibn Rohvayh va ahli zohirlar tahoratda “bismilloh” aytish vojibligini aytishgan. Hanafiy, shofe'iy va molikiylar uni sunnat, deyishgan. Bunga ular bir necha rivoyatlarni dalil qilib keltirishadi. Ana o'sha rivoyatlarning eng kuchlisi shuki, Usmon va Ali roziyallohu anhumolar tomonidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tahorat qilishlari haqida keltirilgan rivoyatlarda “bismilloh” zikr qilinmagan. Agar tahoratdan oldin ushbu kalimani aytish shart bo'lganida, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam uni aytgan va sahobalar ham “bismillah”ni qoldirmasdan o'z rivoyatlarida zikr qilgan bo'lar edilar.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tahorat qilmoqchi bo'lsalar, “bismillah” der edilar” (Doraqutniy “Sunan”da rivoyat qilgan).
U zotning odatlari shunday edi. Har bir ibodatdan oldin Alloh taolo ismini zikr qilar edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Allohning nomini zikr qilmagan tahorat olmabdi. Tahorat olmagan namoz o'qimabdi. Meni yaxshi ko'rmagan menga imon keltirmabdi. Ansorlarni yaxshi ko'rmagan meni (ham) yaxshi ko'rmabdi”(Doraqutniy “Sunan”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi zaif).
Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim tahorat qilib, tahoratida Allohning ismini zikr qilsa, (o'sha tahorati butun) badani uchun poklik bo'ladi. Kimki tahorat qilib, unda Allohning ismini zikr qilmasa, (faqat o'sha yuvgan) a'zolari uchun poklik bo'ladi”(Doraqutniy “Sunan”da rivoyat qilgan).
Yana Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kimki tahorat qilib, Alloh ismini zikr qilsa, uning butun jasadi poklanadi. Agar tahorat paytida Alloh ismini zikr qilmasa, faqat tahorat o'rnigina(ya'ni, tahoratda yuvilgan a'zolargina)poklanadi”(Doraqutniy “Sunan”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi zaif).
Ushbu hadis tahoratda “bismilloh” deyish sunnat, deganlarning fikrini tasdiqlovchi hujjatdir.
Kim tahorat avvalida “bismilloh”, desa, uning butun badani, tahoratda yuvmagan a'zolari ham poklanadi. Agar “bismilloh”ni zikr qilmasa, faqat tahoratda yuvgan a'zolarigina poklanadi. Bu ham “bismilloh” aytilmay qilingan tahorat to'g'ri bo'lishi, ammo mukammal bo'lmay qolishini anglatadi.
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Agar sizlardan biron kishi tahorat qilsa, Allohning ismini zikr qilsin. Shunda (tahorat) uning butun badanini poklaydi. Agar tahoratida Allohning ismini zikr qilmasa, badanining faqat suv tekkan joyigina poklanadi. Agar tahoratdan forig' bo'lsa, “Laa ilaaha illallohu va anna Muhammadan 'abduhu va Rasuluhu”, deb shahodat keltirsin. Agar shunday desa, unga osmon eshiklari ochiladi”, deb aytganlarini eshitganman” (Doraqutniy “Sunan”da rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, agar tahorat qilsang, “bismillaah val-hamdu lillaah”, deb aytgin. Shunda amallaringni yozib turuvchi farishtalar tahorating singunicha senga yaxshilik (ajr-savob) yozishdan to'xtamaydi”, dedilar” (Tabaroniy “Mu'jam”da rivoyat qilgan. Haysamiy rivoyat sanadini hasan, degan).
Tahoratni “bismillaah” deb boshlash shart emas, ammo mazkur ibodatni Allohning ismi bilan boshlash afzal. Ushbu rivoyatda aytilishicha, kim tahoratni “bismillaahi val-hamdu lillaah” deb boshlasa, banda amallarini nomai a'moliga yozib turuvchi farishtalar banda tahorati singunicha uning haqqiga yaxshilik, mukofot va savoblar yozib turar ekan. Bu xushxabar har birimizni tahoratni “bismillaah” bilan boshlashga undashi lozim.
“Bismilloh”ni tahorat avvalida aytish kerak. Agar ba'zi a'zolarni yuvgandan so'ng eslab, keyin aytsa, sunnatni bajarmagan sanaladi . Ammo tahorat boshida unutsa, eslagan chog'ida aytib qo'yaverish kerak. Tahorat qilib bo'lguncha aytishga ulgursa bas, shunda tahorati “bismilloh”dan xoli bo'lmaydi .
“Bismilloh” kalimasi istinjodan oldin yoki keyin aytilishi borasida ixtilof qilingan. Ba'zilar: “U istinjodan avval aytiladi. Sababi istinjo tahoratni ochuvchi sunnatdir”, desa, yana ba'zi toifa ulamolar: “Istinjodan so'ng aytiladi. Chunki istinjoda avrat ochiladi. Hurmat yuzasidan bunday holatda Alloh nomi tilga olinmaydi”, deyishgan. Aslida ikkala fikr ham to'g'ri. Faqat istinjodan oldingi “bismilloh”ni hojatxonada emas, balki tashqarida aytib olinsa, yaxshi bo'ladi. Istinjodan so'ng qo'llarni yuvayotganda ham yana bir bor Alloh nomi zikr qilinsa, maqsadga muvofiq bo'ladi.
Odilxon qori Yunusxon o'g'li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 81 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD