Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Rahimberdi – o'rta bo'y, qora soch, qoshi biroz yoysimon, ko'zlari katta, qirraburun, qizg'ish yonoqlari lo'ppi, dumaloq yuzli, kulgichli, xushchaqchaq, oqishdan kelgan olti yoshli bola. O'sha kuni u egniga sariq, engi kalta, ko'kragi yopiq yaktak, kulrang yupqa shalvar, oyog'iga esa yangi qora tasmali boshmoq kiyib olgan edi.
Bolakay quyosh tikkaga kelganda shoshib buvisinikidan uyga qayta boshladi. Ko'chaning o'ng tomonidagi «Dehqon bozori» ichidan o'tib, kunbotardagi katta qora panjarali darvozadan chiqsa, ularning ko'chasi.
Ertalab supurilib, suv sepilgan bo'lsa-da, ayni damda bozor to'zib yotibdi. Kiraverishda kallai sahardan, to ertalabki to'qqizgacha ko'kat va sabzavotlar ulgurji sotiladigan joy bor. Ulgurji bozor allaqachon tugagan, chirigan sabzavotlar, po'choqlar erda sochilib yotibdi.
Chap tomonda qator do'konlar. O'ng tomonda hojatxona bor. Undan sal narida parranda bozori. Undan o'tib oldinga yurilsa, yana o'ng tomonda chog'roq joyda supurgi, isiriq va savatlar sotiladi. U erdan ham o'tib, teparoqqa chiqilsa, sabzavotlar rastasi joylashgan. Kartoshka, sabzi, piyoz, sholg'om, lavlagi – hammasi chiroyli qilib rastalarga terib qo'yilgan, ba'zi joylarda esa ular og'zi «shimarilgan» qoplarga solingan.
Sal narida – keng joyda esa ulgurji oladiganlar uchun ham qoplarga solingan mahsulotlar uyum-uyum qilib taxlab qo'yilgan. Sabzavotlar rastasi har galgidek gavjum, odamlar biri olib, biri sotyapti:
– Kelinglar, kartoshkalardan beraymi? «Nanay» deysizmi, «Olmos» deysizmi hammasidan bor, – derdi qotmadan kelgan novcharoq yigit, oldiga kelgan o'rta yoshli ikki ayolga kartoshkalarini ko'rsatarkan.
– Uka, sho'rvani shirin qiladigan sholg'om bo'ladi. Mana, ko'ring, mushtdek, sap-sariq, shirin sholg'omlar, – yana boshqa to'ladan kelgan sotuvchi qarshisidagi yoshgina haridorga sholg'omini ko'z-ko'z qilardi.
Rahimberdi sabzavotlar rastasidan o'tib, bozordan chiqib ketarkan, qora panjarali darvoza yonida, nogironlar aravachasida o'tirgan chap oyog'i yo'q, bolaga ko'zi tushdi. Befarq odamlar uyoqdan-bu yoqqa o'tib turibdi. Rehiberdi yaqinroq bordi. Bir oyog'i yo'q bola usti yupun, xomush o'tirardi. Uning sochi qirtishlangan, biroz qisiq ko'zi ichiga botib, mijjalari qoraygan, uzunchoq yuzi ham za'faron tusda, o'zi esa qorachadan kelgan, ozg'in jussali, etti-sakkiz yoshli bola edi. Egniga ikki joyidan chatilgan, eski, havorang, engi kalta, ko'kragi yopiq yaktak, uzunligi tizzasidan pastga tushib turgan qora kalta ishton, o'ng oyog'iga oq paypoq, uning ustidan esa tagligi yorilgach yonlari ham yirtilgan kulrang elim shippak kiyib olgandi. Kalta ishtonning chap oyog'ini bolaning kesilgan chap soniga qayirib, bog'langan, ko'kragida esa yupqa, qizil lentasi bo'yindan o'tqizilgan kichkina, qora kamera.
Rahimberdining bolaga rahmi keldi. Ayniqsa, uning oyog'iga.
«Bir oyog'i o'smay qolgan ekanda», – o'yladi u. Bola bilan do'stlashmoqchi bo'ldi.
– Kamerangiz chiroyli ekan, menda boshqacharog'i bor. Oyim olib berganlar.
– Menga bugun tarbiyachi opam olib berdilar, – deb bola ozg'in barmoqlari bilan kamerasini silab qo'ydi.
– Tufliging chiroyli ekan.
Rahimberdi shoshib kecha dadasi olib bergan tasmali boshmog'iga qaradi. O'zi tanlagandi. So'ng nogiron bolaning oyog'iga nazar tashladi. Uning bir oyog'ida tagi yorilgan, biroz kattaroq, eski shippak osilib turardi. Bolaga battar rahmi keldi.
– Istasang, poyabzalimni senga beraman!
– Chindanmi?
– Ha, – Rahimberdi boshmog'ini echa boshladi.
– Dadang urishmaydilarmi?
– Yo'q. Dadam: «Odamlar o'zi yaxshi ko'rgan narsasini boshqalarga ham ilinishi kerak», deydilar. Shunda Alloh ham ularni yaxshi ko'rib, ko'p sovg'alar berarkan! – deb u boshmog'ini echib bolaga uzatdi.
– O'ng oyog'ini bersang bo'ldi. Baribir chapini kiyolmayman.
– Hafa bo'lma. Dadam menga ko'p aytadilar, Alloh bizni juda yaxshi ko'rar, nima so'rasak berarkan. Faqat yaxshi bola bo'lib, kattalarni javratmasak, bas. Hali ko'rasan, oyog'ing o'sib, sherigidan ham o'tib ketadi. Keyin bunisiga ham poyabzalni kiyvolasan, – deb Rahimberdi jilmayarkan, yuzida kulgichi paydo bo'ldi. So'ngra bolaning qo'lidan tasmali boshmog'ining o'ngini oldi-da, uning osilib turgan yirtiq shippagini echib, o'zinikini kiygizib qo'ydi.
– Rahmat! Isming nima? – dedi bola bir Rahimberdiga, bir oyog'idagi tasmali boshmoqqa qararkan. U o'zida yo'q xursand edi.
– Rahimberdi. Seniki-chi?
– Doniyorbek.
Rahimberdi birozdan so'ng, xayrlashib, oyoqyalang uyga yo'l oldi. U jigarrang yog'och darvozani ochib, ichkariga kirganida sevinchidan o'ziga sig'masdi.
Hovlidagi gulzor chetidagi katta o'rik daraxti soyasida, naqshinkor so'rida otasi Abdurahmon aka uni kutib o'tirgan edi. Rahimberdi ko'rinishda onasidan ko'ra otasiga ko'proq o'xshardi. Ayniqsa ko'zlari.
– Assalomu alaykum, dadajon!
– Vaalaykum assalom, keldingmi? Seni kutib o'tirgan edim. Tezda tahorat ol. Peshin namoziga chiqamiz, – dedi-yu ko'zi o'g'lining oyog'iga tushdi.
– Ie, tasmali boshmog'ing qani? Buvinglarnikiga tashlab keldingmi?
– Yo'q. Tunov kuni o'zingiz: «Odamlar yaxshi ko'rgan narsasini boshqalarga ham ilinishi kerak. Shunda Alloh ham ularni yaxshi ko'rib, ko'p sovg'alar beradi», – degandingiz.
– Ha, to'g'ri. Esingda qolgan ekanda. Barakalla! – kuldi dadasi.
– Bozorning eshigi tagida bir bola o'tirgan ekan, dada, o'sha bolaning bir oyog'i o'smay qolgan ekan! Shippagi ham yirtiq ekan. O'sha bolaga oyoq kiyimimni berib yubordim...
– Sariq yaktak kiygan bolami?
– Ha, siz ham ko'rdingizmi?
– Biroz avval, bozordan qaytayotganimda ko'rgan edim. Beray desam, pulim qolmabdi. Yaxshi ish qilibsan, umringdan baraka top, – Abdurahmon aka o'g'lining elkasiga asta qoqib qo'ydi.
– Endi bor, tezda tahorat ol. Aks holda, namozga kech qolamiz.
– Ho'p, hozir, – deb u to'g'ridagi uyning bo'yog'i o'chgan pog'onasida turgan qora charm shippagini kiydi.
Rahimberdi nonushtadan so'ng, ko'chasining boshiga – bozor darvozasining yoniga bordi. Bolani topolmadi. Ertasiga ham bordi. Yana xomush qaytdi...
* * *
Oradan uch hafta o'tib, Abdurahmon aka endi ishga ketishga chog'langan edi, eshik taqillab qoldi. Borib ochdi. Darvozaning o'ng tomonida bir erkak, kichkina o'g'il bola va ayol, uning yonida esa oq «Spark» mashinasi turardi.
– Assalomu alaykum! – dedi notanish kishi Abdurahmon akaga qo'l cho'zib. U egniga did bilan tikilgan qimmatbaho qora shim va engi kalta oq ko'ylak kiyib olgandi.
– Vaalaykum assalom, kelinglar.
Mashinadan tushgan ayol bilan bola ham salom berishdi. Ayol boshiga oq ro'mol o'rab, uzun, keng, yashil ko'ylak kiyib olgandi.
– Aka, uzr sizni ham ertalabdan bezovta qildik, – dedi haligi kishi.
– Hechqisi yo'q, bemalol, – tabassum qildi Abdurahmon aka va hovliga taklif etdi. – Kelinglar.
Mehmonlar uy sohibining taklifini rad etishmadi. Hovliga kirib, chorpoyaga o'tirishdi. Abdurahmon aka dasturxonga urinayotgan edi, mehmonlar: «Biz muhim bir ish bilan keldik, tez ketishimiz kerak, hech ovora bo'lmang!..» – deyishdi. Mezbon ularning qarshisiga o'tirdi.
– Abdullayev Rahimberdi sizning o'g'lingiz bo'lsa kerak, – so'radi ayol iymanib.
– Ha, mening o'g'lim. Tinchlikmi? – biroz xavotirlanib so'radi Abdurahmon aka.
– Ha, tinchlik! Mening ismim Yusufjon, «Mehr-muruvat» jamg'armasida ishlayman. Bu kishi Halimaxon – Doniyorbekning tarbiyachisi, – bola bilan ayolni tanishtirdi Yusufxon aka.
– Biz uch hafta burun, yordamga muhtoj bemor bolalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida bozorda yashirin kamera bilan Doniyorbek ishtirokida, – bolaga qo'li bilan ishora qildi Yusufjon aka, – qisqa lavhali video olayotgandik. To'satdan o'g'lingiz kelib qolib, Doniyorbekka qilgan muruvvati hammamizni hayratga soldi. So'ng bu video bilan «Bola dunyoni qutqarar» nomli Halqaro tanlovda qatnashdik. Bizga oliy o'rinni berishdi! O'g'lingiz esa eng yaxshi qahramon yo'nalishi bo'yicha g'olib deb topildi! Tashkilotimizga ham katta miqdorda pul o'tkazib berishdi. Doniyorbekning oyog'ini proteziga ham homiy topildi. Shunday bola tarbiyalaganingiz uchun sizga tashakkur! Mana bu o'g'lingizning sovrini, – deb Yusufxon aka bir uchi shimining cho'ntagidan chiqib turgan oq xatjildni olib, Abdurahmon akaga uzatdi.
Bu xushxabardan Abdurahmon akaning ko'zi beixtiyor bilinar-bilinmas yoshlandi.
– O'g'lingiz uydami? O'zini bir ko'raylik, – dedi Halima opa Abdurahmon akadagi o'zgarishni sezib.
– Ha, hozir, – u ro'paradagi uyga qarab, o'g'lini chaqirdi. – Rahimberdi! – so'ng qo'shib qo'ydi, – dars qilayotgan edi.
Uy ichidan:
– Labbay! Hozir! – degan ovoz eshitildi.
– Qarab yubor, o'g'lim.
Rahimberdi hovliga chiqdi-yu notanish erkak va ayolning o'rtasida ikki oyoqda turgan tanish bolani ko'rib, xursand bo'lib ketdi. «Voy, oyog'i o'sib ketibdi-ku!» dedi ichida quvonib.
Akbar Fayz
«Hilol» jurnalining 3(48) sonidan
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari