Bu dunyo da'volar dunyosi. Dunyoda yashab turgan har bir insonning o'z da'vosi bor. Kimdir yaxshi odam ekanligini da'vo qiladi. Yana kimdir esa samimiylikni, kimdir sahiylikni yoki soddalikni, yana kimdir esa taqvodorlikni da'vo qiladi.
Lekin, bu da'volarning aksari ushbu jamiyatda yashab turgan, da'vo qilayotgan kishini yaxshi taniydigan solih odamlar tarafidan e'tirof etilmaydi. Balki, aksar da'volar boshqalar tarafidan inkor qilinadi. Chunki, dunyoda saviyalar, bilimlar va dunyoqarashlar har xil. Kimdir da'vo qilgan, o'ziga nisbat bergan sifatni boshqalar inkor qilishi mumkin. Yoki bir kishiga boshqa bir kishi tarafidan berilgan ta'riflar boshqa bir kishilar tomonidan e'tirof qilinmasligi ham mumkin. Chunki, bu me'zonlarning barchasi insoniyat tomonidan o'rnatilgan me'zonlardir. Har kim aqliga, ilmiga va saviyasiga qarab o'z me'zonini yaratib olishi mumkin.
Biroq, dunyoda shunday me'zon borki, uni hech bir musulmon inkor qilolmaydi. Kishilarga berilgan ta'riflar, ularni o'zgalarga tanitib turadigan alomatlari bayon qilingan bir kitob borki, u kitobni nozil qilgan Zot, barcha maxluqotlarning Robbisi Alloh taolodir.
Robbimiz O'zining Kalomi orqali musulmon kishiga ilohiy me'zonni o'rnatib berdi. O'z bandalarini ta'rifladi. Alomatlarini, belgilarini bayon qildi. Ushbu ta'riflarni, alomat va belgilarni yolg'onga chiqarishga esa hech bir musulmon jur'at qilolmaydi.
Quyida biz Qur'oni karimda zikri kelgan kishilar, ularga berilgan ta'riflar va u kishilarni boshqa insonlardan ajratib turadigan belgilarini o'rganib chiqamiz. Maqsadimiz, kimnidir ta'riflamoqchi bo'lganda, o'z nafsimizga yoki boshqalarga baho bermoqchi bo'lganda, kishilarning qadrini o'lchashda, Robbimiz o'rnatib bergan me'zondan foydalanishdir.
Alloh taolo aytadi: “Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim, 3. ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir. 4. Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir. 5. Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir”. (Baqara surasi 2-3—oyatlar)
Ayting (ey Muhammad): «Sizlarga bulardan yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ular abadiy qoladigan, taglaridan daryolar oqib turguvchi bog'lar, pokiza juftlar va Allohning rizoligi bor. Ular: «Parvardigoro, bizlar senga iymon keltirganmiz, bas, gunohlarimizni mag'firat ayla va bizni jahannam azobidan asra!» — deydigan, sabr-qanoatli, iymonlariga sodiq, ibodat-itoatli, infoq-ehsonli bo'lgan va saharlarda Allohdan mag'firat tilaydiganlardir. (Oli imron surasi 15-16-17-oyatlar)
(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g'azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi. (U taqvodor zotlar) qachon biron-bir noloyiq ish qilib qo'ysalar yoki (qandaydir gunoh ish qilish bilan) o'zlariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlarini mag'firat qilishni so'raydigan. — Har qanday gunohni yolg'iz Allohgina mag'firat qilur, — bilgan hollarida qilgan gunohlarida davom etmaydigan kishilardir. (Oli imron surasi 134-135 -oyatlar)
Demak, haqiqiy taqvodor kishi:
1. G'aybga iymon keltiradi.
2. Namozni mukammal ado etadi.
3. Infoq va ehson beradi.
4. Barcha payg'ambarlarga iymon keltiradi.
5. Barcha ilohiy kitoblarga iymon keltiradi.
6. Qiyomat kuniga qat'iy ishonadi.
7. Gunohlari uchun istig'for aytib kechirim so'raydi.
8. Jahannam azobidan panoh so'raydi.
9. Sabr qanoatli bo'ladi.
11. Iymoniga sodiq bo'ladi.
12. Robbisiga ibodatli va itoatli bo'ladi.
13. Saharlarda istig'for aytadi.
14. G'azabini ichga yutadi.
15. Kishilarning xato va kmchiligini kechiradi.
16. Gunoh ish qilib qo'yganda darhol tavba qilib, istig'for aytadi.
17. Gunoh ishlarda bardavom bo'lmaydi.
Hulosa:
Taqvodorlikning belgilari ushbu oyatlarda zikr qilingan sifatlardir. Yuzdagi soqol, boshdagi salla, egnida turgan chopon yoki qo'lidagi tasbehi kishining taqvodor ekanligini bildirmaydi. Bu ko'rinish yolg'onchi bo'lishi ham mumkin. Taqvoning joyi esa qalbda bo'ladi. Kimki, ushbu me'zonga tushmas ekan, aytayotgani quruq da'vo xolos. “Quruq qoshiq og'iz yirtadi”, deganlaridek, quruq da'vo ham faqatgina nadomat keltiradi xolos.
Alloh taolo barchamizni haqiqiy taqvodorlardan qilsin.
Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi
“Mevazor” jome masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Daraxt shoxiga qo‘ngan mitti chumchuq mayus holatda, boshini egib o‘tirardi. Oradan necha kunlar o‘tsada chumchuq sayramas, hatto yon-atrofga ham qaramasdi.
Farishtalar hayratda qolishdi va Allohdan so‘rashdi: “Nega bu chumchuq jim bo‘lib qoldi?”.
Alloh: “Uning qalbida nima yashiringanini faqat Men bilaman”, deb javob berdi.
Oshkoru maxfiy ishlarni bilib turuvchi Zot – Alloh taolo: “Qalbingga nima ozor beryapti?” deb so‘radi.
Farishtalar ham chumchuqning javobini intizorlik ila kutishdi.
Chumchuq titroq ovoz va mahzunlik bilan: “Mening bitta kichkina uyam bor edi. Charchasam u yerga dam olish uchun qaytardim. Sovuq bo‘lganda isinib olardim. Hech kimga ozor bermasdim. Bu keng dunyoga kichik bir uyim sig‘madi. To‘satdan bo‘ron kelib, uni vayron qildi. Men uysiz qoldim”, dediyu boshqa gapira olmadi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Farishtalar ham jim bo‘lib, Alloh taoloning javobini kutardilar.
Shunda Alloh: “Ey chumchuq, sen mening qulim emasmisan?” dedi.
“Ha, men Sening qulingman”, dedi chumchuq.
“Unda nega rahmatimdan norozisan? Taqdirimga taslim bo‘lmaysan?” deb marhamat qildi Alloh taolo.
Shundan so‘ng Alloh chumchuqning ini nega buzilganining hikmatini bildirdi.
“Sen uyangda dam olayotganingda, ilon yemish qidirib, sening iningga qarab kelayotgan edi. Shunda seni xavfdan qutqarish uchun shamolga bo‘ron qo‘zg‘ashni buyurdim. Uyang vayron bo‘ldi, lekin hayoting saqlanib qolindi”.
Chumchuqning ko‘zlaridan yosh oqdi. Allohning rahmatidan hayratda qolgan chumchuq: “Kechir, Allohim, meni kechir, Robbim”, deya oldi faqat.
Banda ko‘pincha Alloh taoloning hikmatini anglab yetmaydi. Inson yo‘qotgan narsa jazo emas, balki mukofot bo‘lishi ham mumkin. Sinovlar – yashirin rahmatdir. Allohning tanlovi biznikidan yaxshi va Uning rahmati cheksiz hamda har bir narsani qamrab olgan.
Allohim, bizni taqdiringga taslim bo‘luvchi, ne’matlaringga shukr qiluvchi, hikmatlaringni tafakkur etadigan bandalaringdan qilgin.
Davron NURMUHAMMAD