frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ilohiy ta'riflar, alomatlar va belgilar

01.11.2021   6250   6 min.
Ilohiy ta'riflar, alomatlar va belgilar
  1. Taqvodor kishilarga berilgan ta'riflar, ularning alomatlari va alohida belgilari.

Bu dunyo da'volar dunyosi. Dunyoda yashab turgan har bir insonning o'z da'vosi bor. Kimdir yaxshi odam ekanligini da'vo qiladi. Yana kimdir esa samimiylikni, kimdir sahiylikni yoki soddalikni, yana kimdir esa taqvodorlikni da'vo qiladi.

Lekin, bu da'volarning aksari ushbu jamiyatda yashab turgan, da'vo qilayotgan kishini yaxshi taniydigan solih odamlar tarafidan e'tirof etilmaydi. Balki, aksar da'volar boshqalar tarafidan inkor qilinadi. Chunki, dunyoda saviyalar, bilimlar va dunyoqarashlar har xil. Kimdir da'vo qilgan, o'ziga nisbat bergan sifatni boshqalar inkor qilishi mumkin. Yoki bir kishiga boshqa bir kishi tarafidan berilgan ta'riflar boshqa bir kishilar tomonidan e'tirof qilinmasligi ham mumkin. Chunki, bu me'zonlarning barchasi insoniyat tomonidan o'rnatilgan me'zonlardir. Har kim aqliga, ilmiga va saviyasiga qarab o'z me'zonini yaratib olishi mumkin.

Biroq, dunyoda shunday me'zon borki, uni hech bir musulmon inkor qilolmaydi. Kishilarga berilgan ta'riflar, ularni o'zgalarga tanitib turadigan alomatlari bayon qilingan bir kitob borki, u kitobni nozil qilgan Zot, barcha maxluqotlarning Robbisi Alloh taolodir.

Robbimiz O'zining Kalomi orqali musulmon kishiga  ilohiy me'zonni o'rnatib berdi. O'z bandalarini ta'rifladi. Alomatlarini, belgilarini bayon qildi. Ushbu ta'riflarni, alomat va belgilarni yolg'onga chiqarishga esa hech bir musulmon jur'at qilolmaydi.

Quyida biz Qur'oni karimda zikri kelgan kishilar, ularga berilgan ta'riflar va u kishilarni boshqa insonlardan ajratib turadigan belgilarini o'rganib chiqamiz. Maqsadimiz, kimnidir ta'riflamoqchi bo'lganda, o'z nafsimizga yoki boshqalarga baho bermoqchi bo'lganda, kishilarning qadrini o'lchashda,  Robbimiz o'rnatib bergan me'zondan foydalanishdir.

Alloh taolo aytadi: “Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim, 3. ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir. 4. Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir. 5. Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir”.  (Baqara surasi 2-3—oyatlar)

Ayting (ey Muhammad): «Sizlarga bulardan yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ular abadiy qoladigan, taglaridan daryolar oqib turguvchi bog'lar, pokiza juftlar va Allohning rizoligi bor. Ular: «Parvardigoro, bizlar senga iymon keltirganmiz, bas, gunohlarimizni mag'firat ayla va bizni jahannam azobidan asra!» — deydigan, sabr-qanoatli, iymonlariga sodiq, ibodat-itoatli, infoq-ehsonli bo'lgan va saharlarda Allohdan mag'firat tilaydiganlardir. (Oli imron surasi 15-16-17-oyatlar)

(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g'azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi. (U taqvodor zotlar) qachon biron-bir noloyiq ish qilib qo'ysalar yoki (qandaydir gunoh ish qilish bilan) o'zlariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlarini mag'firat qilishni so'raydigan. — Har qanday gunohni yolg'iz Allohgina mag'firat qilur, — bilgan hollarida qilgan gunohlarida davom etmaydigan kishilardir.  (Oli imron surasi 134-135  -oyatlar)

Demak, haqiqiy taqvodor kishi:

 1.  G'aybga iymon keltiradi.
 2.  Namozni mukammal ado etadi.
 3.  Infoq va ehson beradi.
 4.  Barcha payg'ambarlarga iymon keltiradi.
 5.  Barcha ilohiy kitoblarga iymon keltiradi.
 6.  Qiyomat kuniga qat'iy ishonadi.
 7.  Gunohlari uchun istig'for aytib kechirim so'raydi.
 8.  Jahannam azobidan panoh so'raydi.
 9.  Sabr qanoatli bo'ladi.
 11. Iymoniga sodiq bo'ladi.
 12. Robbisiga ibodatli va itoatli bo'ladi.
 13. Saharlarda istig'for aytadi.
 14. G'azabini ichga yutadi.
 15. Kishilarning xato va kmchiligini kechiradi.
 16. Gunoh ish qilib qo'yganda darhol tavba qilib, istig'for aytadi.
 17. Gunoh ishlarda bardavom bo'lmaydi.

Hulosa:

Taqvodorlikning belgilari ushbu oyatlarda zikr qilingan sifatlardir. Yuzdagi soqol, boshdagi salla, egnida turgan chopon yoki qo'lidagi tasbehi kishining taqvodor ekanligini bildirmaydi. Bu ko'rinish yolg'onchi bo'lishi ham mumkin. Taqvoning joyi esa qalbda bo'ladi. Kimki, ushbu me'zonga tushmas ekan, aytayotgani quruq da'vo xolos. “Quruq qoshiq og'iz yirtadi”, deganlaridek, quruq da'vo ham faqatgina nadomat keltiradi xolos.

Alloh taolo barchamizni haqiqiy taqvodorlardan qilsin.

 

Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi

“Mevazor” jome masjidi imom noibi:                       Islomov Yorbek

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   43554   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari