31 oktyabr' kuni rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlarda “Jihodchilar” tarafdorlari faoliyatiga chek qo'yildi” sarlavhali xabar e'lon qilindi. Unda yozilishicha, Qashqadaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o'tkazilgan tadbirda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo'yilgan.
Aniqlanishicha, ular “Jihodchilar” oqimi g'oyalari yo'g'rilgan audio-video ko'rinishdagi materiallarni tinglab, tomosha qilishgan hamda hijrat va jihod qilishga xayrixohlik bildirishgan.
Mazkur xabarga ko'ra, guruhning 12 nafar a'zosi orasida mahalla fuqarolar yig'ini raisi, o'rta maktab o'qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar borligi aytilgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi idoralar bilan olib borgan muloqotlari natijasida, ushbu xabarda guruh a'zolari qatorida keltirilgan masjid imom noibi aslida boshqa kasb egasi ekani ma'lum bo'ldi.
Ta'kidlash joizki, bugungi murakkab davrda hushyorlik va ogohlik har qachongidan ham dolzarb vazifa ekanini teran anglagan imom-xatiblar, imom noiblari va diniy soha xodimlari buzg'unchi g'oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
O'z navbatida, yolg'on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo'lishi, shuningdek, Islom dini ta'limotlarida qattiq qoralanganini alohida ta'kidlaymiz.
Halqimiz, ayniqsa yoshlarni Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali din niqobidagi shaxslarni jihod, hijrat tushunchalarini o'zlarining botil da'volariga moslab talqin etayotgan da'vatlardan ogoh bo'lishga chaqiramiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati