Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini amalga oshirmoqchi bo'lgan musulmonlar 14 kun kutishiga doir talab bekor qilindi, degan mazmundagi xabar tarqatildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatimizning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi “Haj” va “Umra” masalalari bo'yicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog'liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi shirkatlar ishlari bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra, Podshohlikda epidemiologik vaziyat yaxshilanayotgani, kunlik kasallanish 65 nafarga tushgani, vaktsina qilingan aholi 60 foizdan oshishi munosabati bilan umra ziyorati uchun o'rnatilgan bir qator cheklovlar Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo'lib turgan chet-el fuqarolari uchun yumshatilgan.
Jumladan, 28 oktyabr' kunidan boshlab, Haj va Umra vazirligining “I'tamarna” (“Umra qildik”) mobil dasturi orqali ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo'lib turgan chet-el fuqarolari uchun o'rnatilgan 14 kun ichida faqat bir marotaba umra amalini ado etish cheklovi olib tashlandi. Sodda qilib aytganda, avvalgi tartib bo'yicha Makka shahrida bo'lib turgan fuqaro Masjidul Haramga ehrom kiygan holda umraning tavof va sa'y amalini bir marta bajargandan keyin, navbatdagi umra qilishi uchun 14 kundan keyin ruxsat berilar edi. Endilikda yangi qoidaga ko'ra, Makka shahrida istiqomat qilayotgan aholi yoki ushbu shaharda vaqtincha yashab turgan xorijliklar bir necha bor umra amalini ado etishlari mumkin bo'ladi.
Ta'kidlash zarurki, ushbu engillik faqatgina ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va vaqtincha yashab turgan chet-el fuqarolariga tegishlidir. Horij mamlakatlaridan keladigan fuqarolarga qo'yilgan cheklovlar bekor qilingani to'g'risida ma'lumotlar mavjud emas.
O'zbekiston musulmonlari idorasi “Haj” va “Umra” safarlarga oid o'rganishlarni davom ettirgan holda muborak safarlar bilan bog'liq xabarlarni rasmiy nashrlarda e'lon qilinishini ma'lum qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasiMatbuot xizmati
Joriy yilning 12–15 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi, BAAning “HEDAYAH” xalqaro markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va X-Media jamoasi hamkorligida mamlakatimizning din va jamoat yetakchilari uchun maxsus seminar-trening o‘tkazildi.
Boshqa jamoat tashkilotlari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidan 25 nafar ishtirokchi qatnashgan mazkur trening zamonaviy media texnologiyalari, sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanishga bag‘ishlandi.
Seminar davomida nazariyadan amaliyotga o‘tgan ishtirokchilar video kontent yaratish, ssenariy yozish, faktlarni tekshirish, raqamli platformalarda auditoriyani jalb etish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab olishdi.
Bu kabi seminar-treninglar zamonaviy media imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, jamiyat bilan muloqotni yanada samarali, mazmunli va ishonchli yo‘lga qo‘yishda juda foydali ekani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati