وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا ۖ وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَىٰ جُيُوبِهِنَّ ۖ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا لِبُعُولَتِهِنَّ أَوْ آبَائِهِنَّ أَوْ آبَاءِ بُعُولَتِهِنَّ أَوْ أَبْنَائِهِنَّ أَوْ أَبْنَاءِ بُعُولَتِهِنَّ أَوْ إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي أَخَوَاتِهِنَّ أَوْ نِسَائِهِنَّ أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُهُنَّ أَوِ التَّابِعِينَ غَيْرِ أُولِي الْإِرْبَةِ مِنَ الرِّجَالِ أَوِ الطِّفْلِ الَّذِينَ لَمْ يَظْهَرُوا عَلَىٰ عَوْرَاتِ النِّسَاءِ ۖ وَلَا يَضْرِبْنَ بِأَرْجُلِهِنَّ لِيُعْلَمَ مَا يُخْفِينَ مِنْ زِينَتِهِنَّ ۚ وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَ الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ.
“Sen mo'minalarga ayt: Ko'zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko'rsatmasinlar, magar zohir bo'lgan ziynatlar bo'lsa (mayli). Ro'mollarini ko'ksilariga to'sib yursinlar. Ziynatlarini ko'rsatmasinlar, magar erlariga yo otalariga yo erlarining otalariga yo o'g'illariga yo erlarining o'g'illariga yo aka-ukalariga yo aka-ukalarining o'g'illariga yo opa-singillarining o'g'illariga yo ayollariga yo o'z qo'llarida mulk bo'lganlarga yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilarga yo ayollar avratining farqiga bormagan yosh bolalarga (bo'lsa mayli). Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (erga) urmasinlar.
Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo'minlar! Shoyadki, najot topsangizlar”. (Ushbu oyatda Alloh taolo Payg'ambarimizga (s. a. v.) xitob qilib, mo'mina ayollarga kiyim kiyish va avrat berkitish borasida o'zlarini qanday tutishlari lozimligini bayon qilib berishini buyurmoqda. Muslima ayollar ham nomahramlarga shahvat nazari bilan qaramasliklari lozimligi ushbu oyatdan tushuniladi. Ayolning ayolga nisbatan avrati kindigidan tizzasigachadir. Ayol kishining nomahram erkaklarga nisbatan avrati yuzi va ikki kaftidan boshqa butun badanidir. Mo'mina-muslima ayol sharafini saqlash uchun Allohning amriga itoat etib, avratini nomahram erkaklardan berkitmog'i kerak. Buning uchun esa, yuzi va ikki kaftidan boshqa butun tanasini to'sib turadigan kiyim kiymog'i lozim. Shuningdek, kiyim yupqa, badanga yopishgan, tor bo'lmasligi ham zarur. Nomahram erkaklarning e'tiborini jalb qilmaydigan darajada bo'lishi kerak. Ziynat deganda chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va ayollar o'zlarini chiroyli ko'rsatish uchun ishlatadigan turli vositalar ko'zda tutiladi. Ayol kishi ushbu oyatga amal qilib, ziynatini nomahramlardan berkitmog'i lozim, berkitishning imkoni bo'lmay qolganda gunoh emas. boshlariga o'ragan ro'mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko'ksilari va ko'kraklarini ham to'sib tursin. Toki, ularning jamoli begona ko'zlarga mo'ljal bo'lmasin, turli fitnalar keltirib chiqarmasin. Johiliyat davrida ayollar oyoqlariga ham turli taqinchoqlar, qo'ng'iroqlar taqib olishar ekan. Keyin esa, erkaklarning e'tiborini jalb etish uchun oyoqlarini erga qattiq-qattiq urib yurib, haligi taqinchoqlarning ovozini chiqarishar ekan. Bu esa, o'z navbatida, erkaklarning shahvatini qo'zg'agan, ayolning ortidan tushib xiralik qilishiga va oxir-oqibat zinoga olib borishi mumkin bo'lgan.).
“Tafsiri hilol”dan
Har yili bahorning so‘nggi kunlarida yurtimizdagi minglab maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu kun — yillar davomida olingan bilimlarning sarhisobi, katta hayot bo‘sag‘asidagi ilk qadamdir. Ammo, ming afsuski, keyingi yillarda bu quvonchli kun ba’zi oilalar uchun bitmas-tuganmas kuyinish, ayriliq va falokat kuniga aylanib bormoqda. Ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish va mas’uliyatsizlik oqibatida yosh umrlar zavol topmoqda.
Omonatga xiyonat va nafsga qullik.
Islom dini inson hayotini eng oliy qadriyat deb biladi. Alloh taolo bandalariga o‘z jonini xatarga qo‘yishni, behuda halok qilishni taqiqlab, Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni yaxshi ko‘radi» (Baqara surasi, 195-oyat).
Bitiruv kuni yoshlarga qimmatbaho mashinalarni ishonib topshirish, ularning tezlikni oshirib, ko‘chalarda tartibsizlik (avtokalonnalar) uyushtirishiga ko‘z yumish — mana shu oyatga zid ish tutishdir. Bu ota-onalar tomonidan farzand hayotini o‘z qo‘li bilan halokatga topshirish bilan barobardir.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadislarida marhamat qiladilar: "Hech bir banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarf qilgani, yoshligini qanday o‘tkazgani, mol-davlatini qayerdan topib, nimaga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida" (Imom Termiziy rivoyati).
Bitiruvchi yoshlar va ularning ota-onalari «biz yoshligimizni va topgan molimizni shu bir kunlik dabdabaga qanday sarfladik?» degan savolga javob berishni unutmasliklari lozim.
Isrof va soxta obro‘ ilinji «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida restoranlardagi dabdabali bazmlar, qimmatbaho sovg‘alar va kiyim-boshlar uchun qilinadigan xarajatlar isrofning oliy namunasidir. Vaholanki, o‘sha mablag‘larni bolaning oliy ta’lim olishiga, kitoblariga yoki kasb-hunar o‘rganishiga yo‘naltirish mumkin edi.
Islom dini isrofni qattiq qoralaydi. Alloh taolo aytadi:
«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mo‘l-ko‘l yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir...» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Shaytonning do‘stiga aylanib, Alloh bergan ne’matni ko‘kka sovurish hech bir mo‘minga to‘g‘ri kelmaydi. Bir kunlik «orzu-havas» deb qilingan isrof ortidan qancha oilalar qarz botqog‘iga botayotgani ham sir emas.
Achchiq, ammo hayotiy misollar: Har yili 25 may kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bir xil mazmundagi mudhish xabarlar tarqaladi: «Bitiruvchilar ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi: 3 nafar yigit voqea joyida halok bo‘ldi...» yoki «Daraxtga borib urilgan Kaptiva ichidagi maktab bitiruvchilari shifoxonaga yotqizildi...». Bu shunchaki statistika emas, bu — buzilgan oilalar, farzand dog‘ida kuyayotgan onalar, sochlari bir kechada oqargan otalar fojiasidir. Kuni kecha maktab foyasida attestat olayotgan o‘g‘il yoki qizning ertasiga qabr ichida yotganini ko‘rishdan ko‘ra dahshatliroq musibat bormi?!
Hali hayot nimaligini tushunib yetmagan, oila qurib, jamiyatga nafi tegmagan yosh nihollarning o‘z xatosi yoki ota-onaning «bolam boshqalardan kam bo‘lmasin» degan soxta g‘ururi tufayli tuproqqa qorilishi — eng katta tragediyadir.
Nima qilmoq kerak? Mavzuni shunchaki muhokama qilish kifoya emas, amaliy choralar ko‘rish vaqti keldi: Ota-onalar mas’uliyati: Farzandingizga qimmat mashina kalitini emas, kelajakka bo‘lgan mas’uliyat hissini bering. So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni ularning qayerda va kim bilan ekanini qattiq nazorat qiling.
Yoshlar farosati: Siz — ota-onangizning umidisiz. Bir lahzalik maqtanish va tezlik ishqi sizni tiriklik ne’matidan, ota-onangizni esa sizdan judo qilmasin.
Tadbirlarni ilmga yo‘naltirish: Restorandagi bazmlar o‘rniga, maktab kutubxonasiga kitob sovg‘a qilish, ehtiyojmand sinfdoshlarga yordam berish kabi xayrli amallarni an’anaga aylantirish lozim.
Xulosa shuki «So‘nggi qo‘ng‘iroq» hayotning tugaganini emas, balki go‘zal va mas’uliyatli yangi bir bosqich boshlanganini bildiruvchi ramz bo‘lishi kerak. Shoshqaloqlik, manmanlik va isrof bilan bu kunni motamga aylantirmaylik. Zero, Alloh taolo bizga bergan hayot va farzand ne’mati — ertaga Qiyomatda har bir soniyasi uchun javob beriladigan ulug‘ omonatdir!
Islomxon Hamidov,
Namangan shaxar Boqimirzo jome masjidi imom noibi