Qur'oni Karimda: «Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo'lurmi», deb ta'kidlanadi (Zumar, 9).
Islom dini ta'limotida va hadisi sharifda: «Ilm olish har bir muslim va muslimaga farzdir», – deyiladi. Bu hadisdan ko'rinib turibdiki, har bir mo'min-musulmonga ilm olib unga amal qilgan holda, hayotga tatbiq etish zimmasidagi buyuk farz ekanligi eslatib o'tilmokda.
Bu zamin ziyosi ne-ne zamonlar tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Qancha-qancha daholarga beshik, ilm ma'rifatiga eshik bo'lgan zamindir. Bu zamin ilm quyoshi bilan necha-necha o'lkalarni yoritgan va er yuzini qalam bilan zabt etgan muhaddis sultonlarining elidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Kim bu dunyoni rohatini ko'zlasa, tijorat qilsin, oxirat saodatini o'ylasa, toat-ibodat qilsin, agar ikki dunyosini obod bo'lishini xohlasa, ilm olsin», – deganlar.
Allomalarimiz olgan ilmlariga amal kilgan holda jahon tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shganlar. Olimlar va komil insonlar darajasiga etishish faqat ilm sohiblariga xosdir.
Islom mutaffakirlari fikrlariga ko'ra: «Ilm – narsani qanday bo'lsa ana shunday bilib olishdir, har qanday bilish va o'rganilgan narsaga ilm deyiladi. Olgan ilmga amal qilib, uni etkazish ma'rifatdir». Har bir insonning ilm-ma'rifat kasb etishida sarf, nahv, fiqh, tafsir va hadis, kalom ilmi kabi diniy, hamda tarix, adabiyot, tibbiyot, falakiyot va boshqa dunyoviy ilmlarni o'rganish zarur bo'ladi.
XX asr oxirlarida milliy istiqlol sharofati bilan Vatanimizda o'tmishdagi allomalarga, ularning hayotlari va yozib ketgan asarlariga nisbatan fikrlashda keskin bir burilish yasaldi, ya'ni zaminimizda yashab o'tgan buyuk olimlar, o'zlarining dunyoviy, diniy va ma'rifiy asarlari bilan jahon ma'naviyatining xazinasiga ulkan hissa qo'shgan zotlarning nomlari tiklandi.
Keyingi yillarda Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg'inoniy, Abu Mansur Moturidiy, Alisher Navoiy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Hoja Bahovuddin Naqshbandiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Ali Ibn Sino, Horazmiy, Farg'oniy, Nasafiy, Termiziy, Hoja Ahmad Yassaviy kabi ko'plab hayoti va ijodi o'rganilmoqda.
Ushbu allomalarimiz yo'llarini davom ettirish uchun yosh avlodga ilm olish va ularning asarlarida yoritib berilgan masalalarni hayotda tatbiq etishlariga zamin hozirlashimiz zarurdir. Ma'lumki, Qur'oni karim ham «O'qi» degan amri bilan nozil bo'lgan. Qur'oni karimning 811 joyida ilm so'zi takrorlanadi.
Kelgusida o'z taqdirini shu yurt istiqboli bilan bog'lagan har bir yosh avlod ajdodlarimizning boy meroslaridan o'zi ham bahramand bo'lib, xalqimiz ilmu-ma'rifatini yanada yuksaklikka olib chiqishda o'z hissalarini qo'shadilar degan umiddamiz.
Imom at-Termiziy, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisda, U zot: «Alloh va uning maloikalari va hatto dengizdagi baliqlar ham ilm ahillariga istig'for aytadilar», – deganlar. Shuningdek, boshqa bir rivoyatda: «Kim ilm izlab yo'lga chiqsa, Alloh Taolo unga jannat yo'llarini to'g'rilab qo'yur», – deb marhamat qilingan. Ilm insonni botinini kashf etuvchi omildir. Ilm dushmanlarga qurol, do'stlar o'rtasida esa ziynatdir. Ilm tufayli inson oliy martabaga etadi. Ilm insonlarning tafakkurini hamda ma'naviyatini yuksaltirib dunyoni taraqqiy etishiga bosh mezon bo'lishi bilan birga, insonning botinini kashf etuvchi omildir.
Adham DO'SMATOV, Toshkent shahridagi “Minor”
jome masjidi imom-noibi
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati