Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Oktabr, 2025   |   3 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:27
Quyosh
06:46
Peshin
12:12
Asr
15:45
Shom
17:31
Xufton
18:44
Bismillah
25 Oktabr, 2025, 3 Jumadul avval, 1447

Dinda savolim bor: Kimni mo'min deymiz, kimni muslim deymiz?

22.10.2021   2107   2 min.
Dinda savolim bor: Kimni mo'min deymiz, kimni muslim deymiz?

— Musulmon va muslimalar, mo'min va mo'minalar, deb aytamiz. Ularning qanday farqlari bor? Kimni mo'min deymiz, kimni muslim deymiz? Savolim noo'rin bo'lsa, uzr so'rayman.

— Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom dini nomi bilan mashhurdir. Bu nomni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Qur'oni Karimda Alloh taolo:

﴿وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِيناً﴾

“Va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim”, deydi (“Moida” surasi, 3-oyat). Islom so'zining lug'aviy ma'nosi “ixlos”, “ofatlardan salomat bo'lish”, “sulh va omonlik”, “itoat va bo'ysunish” kabi ma'nolarni anglatadi.

Shundan musulmon va muslima Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom diniga mansub, ixlosli, turli ofatlardan salomat bo'lgan, sulhli, omonatli, itoatli va Allohga bo'ysungan shaxs degani bo'ladi.

Iymon so'zi lug'atda omon bo'lish va tasdiqlash ma'nolarini bildiradi. Ulamolar istilohida Iymon Alloh taolodan kelgan narsani tasdiqlab, unga iqror bo'lishdir. Shundan mo'min va mo'mina Alloh taolodan kelgan aqidaga oid narsalarni tasdiqlab va ularga iqror bo'lib, turli yomonliklardan omonda bo'lgan shaxsdir.

Islom va Iymon tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketgan, biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ammo ikkisini alohida olib qaraydigan bo'lsak, Iymon ishonish-e'tiqod nazariy masalalarga, Islom esa bo'ysunish-amaliy masalalarga xosdir.

Islom asoslari shahodat, namoz, zakot, ro'za va hajdan iborat. Iymonning asoslari Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshi-yu yomon qadar Allohdan ekanligiga ishonish, tasdiqlashdan iboratdir.

Ulug' aqoid ilmi olimi Umar Nasafiy o'zining kitobida: “Iymon va Islom birdir. Qachonki, bandada tasdiq va iqror mavjud bo'lsa, men haqiqatda mo'minman, demog'i to'g'ri bo'ladi”, degan.

 

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Eshik taqillatishda bajariladigan sunnatlar

24.10.2025   1204   3 min.
Eshik taqillatishda bajariladigan sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Ma’qul vaqtni tanlash.

Yarim kechasi odamlar uxlaydigan paytda, juda erta tongda yoki tush paytida dam olish vaqtida eshik qoqish odobsizlik hisoblanadi.

 

2. Eshikni uch marta taqillatish.

Chunki xonadan ahli birinchi taqillatganda eshitadi, ikkinchisida tayyorlanadilar, uchinchisida esa izn beradilar. Qo‘ng‘iroq chalish ham eshik taqillatish kabidir. Shuning uchun qo‘ng‘iroqni ham uch martadan ortiq chalmaydi.

 

3. Eshikni muloyimlik bilan taqillatish.

Eshikni xonadon ahli qo‘rqib ketadigan darajada qo‘pollik bilan taqillatilmaydi. Shuningdek qo‘ng‘iroq tugmasini ham uzliksiz bosib turilmaydi, hatto xonadon egasi o‘zining uyini taqillatganda ham qo‘pollik bilan taqillatmasin. Chunki xonadon ahli bunday taqillatishda qo‘rqinchli bir hodisani ro‘y berganini o‘ylab qoladi.

 

4. Eshikni uch bor taqqilatishda ularning o‘rtasini ajratish.

Har taqillatish orasida bir muddat kutish lozim. Toki xonadon ahli tayyorgarlik ko‘rishga yoki eshikni ochishga urgursin.


5. Eshikning ro‘baro‘sida turmaslik.

Eshikni taqillatgan shaxs eshikning o‘ng yoki chap tarafida turishi lozim, eshikning ro‘baro‘sida turmaydi. Chunki eshikni ochgan paytda goho uy ahlining ochiq-sochiq, birov u holatda ko‘rishini istamaydigan holati ko‘rinib qoladi.

 

6. Eshik taqillatuvchi o‘zini tanitishi.

Izn so‘rovchidan xonadon ahli “kim?” deb so‘rasa, “men” deb javob bermasdan, ismini aytib, o‘zini tanitishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga Jobir roziyallohu anhu kelib, eshikni taqillatdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bu?” dedilar. Jobir roziyallohu anhu: “Men”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni (Jobir roziyallohu anhuning “Men” degan javobini) xush ko‘rmay: “Men, men”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

7. Xonadon ahlining iznini kutish.

Izn so‘rovchi xonadon ahlining uyga kirishga iznini kutishi lozim. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! O‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangiz” (Nur surasi, 27-oyat).

 

8. Izn berilmasa qaytib ketish.

Agar izn so‘rovchiga javob berilmasa yoki “qayting” deyilsa yoxud uyda hech kim bo‘lmasa, izn so‘rovchi qaytib ketishi kerak. Bu ushbu oyatga muvofiqdir: Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangizlar, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! Agar sizlarga “qaytinglar” deyilsa, qaytib ketaveringlar! shu sizlar uchun eng toza (yo‘l)dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni biluvchidir (Nur surasi, 28-oyat).

Chunki xonadon ahli hech kimni qabul qila olmaydigan holatda bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda izn so‘rovchi xonadan ahliga: “Sen xijolat bo‘lma, balki biror narsa bilan mashg‘uldirsan”, deb xijolatchilikni ketkazsin.

Davron NURMUHAMMAD