Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kuni masjidga kirdilar. Ikki ustunning orasida arqon tortilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘radilar:
- Bu nima? Sahobalar:
- Bu Zaynabniki. Kechasi namoz o‘qiydi. Malollansa yoki charchasa, uni ushlab oladi, - deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
- Arqonni yechib tashlanglar. Har biringiz namozni tetik holida o‘qisin. Agar dangasaligi tutsa yoki charchasa, o‘tirsin! - dedilar.
Shak yo‘qki, onamiz Zaynab roziyallohu anho tungi namozga oshiq edilar. Hatto charchab qolsalar ham, qoldirmasdilar. Ammo sohibi shariat sollallohu alayhi vasallam bizga bu hadislari bilan Alloh taoloning:
«Alloh sizga yengillikni istaydi, og‘irlikni istamaydi» (Baqara surasi, 185-oyat), degan so‘zini eslatyaptilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni namoz bo‘ladimi, ro‘za bo‘ladimi, sadaqa bo‘ladimi, boshqa bir yaxshi amal bo‘ladimi, qo‘ldan kelganicha mashaqqatsiz, nafsimizga zarar bermasdan, ochiq qalb bilan qilishimizni istayaptilar.
To‘g‘ri, biz butun umrimizni sajdadan bosh ko‘tarmasdan o‘tkazsak ham, Allohning haqqini ado qila olmaymiz. Garchi butun umr ro‘za tutsak ham, Allohning bizga ikromlari oldida ozdir. Ammo Alloh taolo bizga yengillik berishni istadi. Qiynalishimizni xohlamadi. Dinimizdagi ruxsatlar Uning rahmatidir. Biz u ruxsatlarni qabul qilishimizni yaxshi ko‘radi.
Musofir kishi Ramazonda ro‘za tutish va tutmaslikda ixtiyorlidir. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Ramazonda g‘azot qilishdi. Safar masofasidagi uzoqlikka chiqishgan edi. Ularning ba’zisi ro‘za tutar bo‘ldi. Ba’zisi tutmas bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutganni maqtamadilar, tutmaganni yomonlamadilar. Ishni o‘zlariga qoldirdilar. Ularga o‘z ishi, toqati va sabrining hisobini olishga imkon berdilar. Ammo boshqa munosabat bilan: «Safarda ro‘za tutish yaxshilikdan emas», degan edilar.
Shuningdek, Alloh taolo musofirga namozni qasr qilib o‘qishni buyurdi. Bu uning bandalariga hadyasi va rahmati edi.
Din xissiyot bilan emas, aql bilan olinadi. Shifokor bir kishiga Ramazonda ro‘za tutish sening hayoting uchun xavfli desa, u ro‘za tutmasligi lozim. Agar u kasallikdan tuzalsa, qazosini tutib beradi. Agar kasalligi tuzalmaydigan bo‘lsa, Alloh unga mehribondir. Unga fidya berishni mashru’ qilganlar!
«O‘zingizni o‘ldirmanglar. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir» (Niso surasi, 29-oyatdan). Boshqa ibodatlarni ham shunga qiyoslang!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi