Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ulug' ayyom – O'zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ushbu qutlug' sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji bo'lgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o'rni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz.
Aziz do'stlar!
So'nggi yillarda O'zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko'tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig'ini o'zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro'-e'tiborini tubdan oshirish bo'yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko'rish mumkin.
Ana shunday sa'y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o'zining munosib o'rni va mavqeiga ega bo'lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do'stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O'zbek tilini rivojlantirish jamg'armasi samarali faoliyat ko'rsatib, g'oyat muhim bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va komp'yuter lingvistikasi bo'yicha yangi yo'nalishlar ochilib, o'zbek tilini turli sohalarda qo'llashga oid tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Oliygoh qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus o'quv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg'armasi tashkil etilgani ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda o'zbek tili, madaniyati va milliy an'analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo'lgan Alisher Navoiy xalqaro instituti faoliyati yo'lga qo'yiladi.
O'tgan qisqa davrda o'zbek tilini chuqur o'rganish va o'rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug'at nashr qilinganini alohida qayd etish lozim. Ayni vaqtda 5 jilddan iborat “O'zbek tilining izohli lug'ati” fundamental tadqiqoti vazirlik va idoralar, ta'lim-tarbiya maskanlariga, mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalariga etkazildi. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o'zbek tilini o'rgatadigan onlayn platforma,
o'zbek tili izohli lug'atining mobil' ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgani ham albatta muhim ahamiyatga ega.
O'zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo bo'lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o'zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta'sis etilgani buyuk ajdodimiz xotirasi va bebaho merosiga, shunday ulug' zotlarni voyaga etkazgan xalqimizga bo'lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o'zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg'iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko'rsatayotgani, maktablarimizda ta'lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta'kidlash o'rinlidir. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o'quv mashg'ulotlari xorijiy tillarda o'tiladigan ta'lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o'zgarishlar natijasidir.
Muhtaram vatandoshlar!
O'zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o'rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas'uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari va chet el fuqarolarida o'zbek tilini o'rganishga qiziqish va e'tibor ortib borayotganini hisobga olib, ular uchun maxsus darslik, lug'at va qo'llanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish bo'yicha ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.
O'zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, bu maqsadda nafaqat ma'naviy, shu bilan birga, moddiy rag'batlantirish choralarini ham keng qo'llashimiz darkor. Hususan, tilshunos va lug'atshunos olimlarimizning, shoir-adiblarimizning ushbu sohadagi mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib qadrlash, ularning ilmiy tadqiqotlari, darslik va qo'llanmalari, kitob va risolalarini davlat buyurtmasi shaklida nashr etish va keng jamoatchilikka etkazib berish uchun alohida dastur ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur.
Davlat tiliga oid barcha ma'lumotlarni o'zida jamlagan O'zbek tili milliy korpusini yaratishni tezlashtirish, ona tilimizni Internet global tarmog'ida ommalashtirish va ushbu makonda mustahkam o'rin egallashini ta'minlash, dasturiy mahsulotlarning o'zbekcha ilovalarini yaratish ishlarini jadallashtirish ham oldimizda turgan dolzarb vazifadir.
Aziz va muhtaram yurtdoshlarim!
Hozirgi kunda Yangi O'zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko'tarilmoqda. Bu yo'lda milliy o'zligimiz, g'urur-iftixorimiz timsoli bo'lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo'lib xizmat qiladi.
Ana shunday hayotiy e'tiqod va buyuk maqsad bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo'lsin!
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.
Ona tilimiz mangu yashasin!
Shavkat Mirziyoev
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.
Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!
"Imom Buxoriy" ordeni:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;
Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;
Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!
Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati