Falastinning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi doktor Muhammad Tarshahani 2021 yil 19 oktyabr' kuni Ulamolari Kengashida saylangan Diniy idora raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlariga tabrik yo'lladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
– Falastin ma'muriyati, Falastin musulmonlari diniy boshqarmasi va o'z nomimdan Sizni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanganingiz ila samimiy tabriklayman. Sizga sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik, O'zbekiston davlati va o'zbek xalqi farovonligi yo'lida samarali ishlar olib borishingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Falastin davlati va O'zbekiston musulmonlari idorasi o'rtasida o'rnatilgan o'zaro hamdo'stlik va hamkorlik aloqalarini yuqori baholab, Sizning kelgusida olib boradigan faoliyatingiz tinchlik va totuvlikni o'rnatish, xalqlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildiraman.
Fursatdan foydalanib, Sizga o'zimning yuksak hurmatimni bildirishga ijozat bergaysiz.
Yaxshi duolar, tinchlik va yaxshilik tilab,
Dr. Muhammad Tarshahani,
Falastin davlatining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi
"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.
Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.
Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.
Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.
Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).
"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!
Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).