Bugun, 20 oktyabr' kuni Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi o'rinbosari Selim Argun boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlarni Diniy idora raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va rais o'rinbosari O'tkir Hasanbayev kutib oldi.
Uchrashuvda Selim Argun marhum muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li rahimahullohning vafotlari yuzasidan hamdardlik bildirdi. O'z navbatida, kuni kecha bo'lib o'tgan Ulamolar Kengashida Nuriddin domla Holiqnazarov muftiy lavozimiga saylanganlari munosabati bilan Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh janoblarining tabriklarini etkazdi.
O'zaro muloqotda ikki davlat aloqalari yangi bosqichga ko'tarilgani, diniy idoralar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida yaxshi natijalarga erishilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, diniy adabiyotlarni nashr etish va xayriya tadbirlarini o'tkazishdagi hamkorlik masalalariga alohida urg'u qaratildi.
Tashrif yakunida muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari ham mehmonlar bilan suhbatlashib, e'tibor va ehtirom uchun minnatdorlik bildirdilar.
Tomonlar bir-birlariga esdalik sovg'alari taqdim etdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati