Yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, fuqarolarga o'z e'tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Ahamiyatga molik jihati, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta'minlash uchun barcha huquqiy asos hamda zarur sharoitlar yaratilgan.
Ayniqsa, har yili mamlakatimizda 16 noyabr' – Halqaro bag'rikenglik kuni keng miqyosda nishonlanib, turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar mas'ullari ishtirokida turli seminar, ilmiy anjumanlar o'tkazilishi yaxshi an'anaga aylangan.
O'zA xabariga ko'ra, shu maqsadda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Millatlararo va dinlararo munosabatlarda O'zbekiston tajribasi” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita bo'lim boshlig'i Behzod Qodirov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari Ibrohim Inomov, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O'zbekiston eparxiyasi rahbari Mitropolit Vikentiy Morar', Rim-katolik markazi rahbari, episkop Yeji Matsulevich, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi vakillari, milliy madaniy markaz rahbarlari, do'stlik jamiyatlari a'zolari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati.
Seminarda O'zbekiston ko'p konfessiyali mamlakat ekanligi, unda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta konfessiya a'zolari tinch-totuv va hamjihatlikda Vatanimiz ravnaqi, tinchligimizni ta'minlashda xizmat qilayotganligi ta'kidlandi.
Ishtirokchilarning “Dinlararo bag'rikenglik va millatlararo totuvlik”, “Bag'rikenglik va millatlararo totuvlik – davlat barqarorligining kalitidir”, “Millatlararo dinlar do'stligini ta'minlashda islomning o'rni”, “O'zbekistondagi rus pravoslav cherkovi: 150 yil yaxshi qo'shnichilik munosabatlari”, “O'zbekiston – diniy bag'rikenglik mamlakati” kabi mavzulardagi ma'ruzalari tinglandi.
Seminarda so'zga chiqqanlar yangi qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun qabul qilinishi jamiyatda konfessiyalararo totuvlikni ta'minlash, jamiyatda turli din va e'tiqod vakillari o'rtasida o'zaro bag'rikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos bo'lib xizmat qilishini qayd etdi.
Tadbir yakunida ma'ruzachilar seminarda tilga olingan mavzular bo'yicha o'zaro fikr almashib, bu kabi davra suhbatlarini muntazam o'tkazish kerakligini ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey farzand! Raqamli olam shunchaki ekranlardan iborat emas. U – erkaklarning g‘ururi va qizlarning hayosi sinovdan o‘tadigan haqiqiy imtihondir. Shuning uchun bu so‘zlarni qalbing bilan o‘qi.
Ey farzand! Google, Facebook, Twitter va WhatsApp – chuqur dengizga o‘xshaydi. Unda ko‘p insonlarning axloqi yo‘qoldi, ko‘p aqllar halokatga uchradi!
Ey farzand! Uning to‘lqinlari ko‘p qizlarning hayosini yutib yubordi va ko‘p insonlar halok bo‘ldi. Shuning uchun u yerda asalari (arilar) kabi bo‘l, faqat pok narsaga qo‘n, o‘zingga va boshqalarga foyda keltir.
Chivin (yoki pashsha) kabi bo‘lma, u qayerda kasallik bo‘lsa, o‘sha yerdan uni tarqatadi!
Ey farzand! Internet – katta bozor. Bu yerda hech kim o‘z “tovarini” bepul bermaydi. Har kim biror narsa evaziga harakat qiladi. Ogoh bo‘l!
Ba’zilar axloqni buzishni istaydi.
Ba’zilar shubhali g‘oyalarni tarqatadi.
Ba’zilar esa faqat mashhurlik izlaydi.
Shuning uchun har bir “tovarni” yaxshilab tekshirmasdan olma.
Ey farzand! Noma’lum havolalarni (linklarni) ochishdan saqlan. Chunki ularning ba’zisi tuzoq bo‘lishi mumkin: xakerlik, ma’lumot o‘g‘irlash, zarar va halokat.
Ey farzand! Latifalar va yolg‘on xabarlarni tarqatma. Harom ishlarga oid “copy-paste” qilishdan ham ehtiyot bo‘l.
Chunki sen internetda savob va gunoh bilan savdo qilayotganingni unutma.
Ey farzand! Izoh yozish yoki biror narsani ulashishdan oldin o‘zingdan so‘ra: “Bu ish Allohni rozi qiladimi yoki g‘azablantiradimi?”.
Ey farzand! Ko‘zing bilan ko‘rmagan odamingni do‘stligiga ishonma. Faqat yozganlariga qarab insonlarga hukm chiqarma. Chunki ko‘pchiligi niqoblangan! Haqiqat shuki: “Ularning suratlari soxta bo‘lishi mumkin, axloqi jozibali ko‘rinishi mumkin. Ular niqob taqadi va “rostdek ko‘rinib yolg‘on gapiradi”. Shuning uchun zohirga aldanma”.
Ey farzand! Soxta ismlardan ehtiyot bo‘l. Chunki ularning egalari ko‘pincha o‘zlariga ishonmaydi.
O‘ziga ishonmagan odamga sen ham ishonma.
Ey farzand! Seni ranjitganni sen ham ranjitma.
Chunki sen o‘z axloqingni namoyon qilasan, u esa o‘z tabiatini ko‘rsatadi.
Har bir idish ichidagi narsa bilan toshadi.
Go‘zallik javobda emas, tilingda!
Ey farzand! Yozadigan narsangni yaxshilab o‘yla. Chunki sen yozasan, farishtalar ham yozadi, Alloh esa hammasini ko‘rib, hisobini qiladi.
Shuning uchun sahifangni Qiyomat kuni senga qarshi emas, balki senga guvoh bo‘ladigan qilib yurit!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV