Samarqand, deyilganda har bir inson avvalo Registonni, Shohi Zinda yoki Amir Temur yodgorlik majmualarini, Hazrati Hizr masjidi yoki Mirzo Ulug'bek rasadxonasini, Ho'ja Doniyor maqbarasi yoki Bibixonim (Amir Temur) masjidini ko'z oldiga keltiradi – deydi Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov O'zA bilan suhbatda. – Demoqchimanki, shahrimiz birinchi navbatda muqaddas qadamjolari va tarixiy obidalari bilan, betakror tabiati bilan dunyoga mashhur va shuning uchun ham Samarqandni ziyorat qilish, bu maskanda bo'lishni har bir inson orzu qiladi. Buni o'zi uchun yuksak sharaf deb biladi. Tabiiyki, bu Samarqandning dunyo turizm markazlaridan biriga aylanishi, yil-o'n ikki oy sayyohlar bilan gavjum bo'lishining asosiy omilidir.
Shu bois keyingi yillarda Prezidentimizning alohida e'tibori bilan Samarqandda turizmni rivojlantirish uchun har qachongidan keng ko'lamda ish olib borilyapti. Buning uchun ajratilayotgan mablag'ning ham, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarning ham qiyosi yo'q. Masalan, ayni paytda shahar hududida 14 ta arxeologiya, 417 ta me'moriy, 36 ta monumental va 23 ta diqqatga sazovor madaniy meros ob'ekti davlat ro'yxatida qayd etilgan va muhofazaga olingan. Ularni asrab-avaylash va sayyohlarga asl holicha ko'rsatish, kelgusi avlodlarga etkazish uchun respublika va mahalliy byudjetdan har yili katta mablag' ajratilmoqda. Shuningdek, bu borada tadbirkorlar imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.
Endi raqamlarga e'tibor bering – 2019 yilda shahrimizga 560 ming xorijiy sayyoh tashrifi kuzatilgan bo'lsa, pandemiya sababli 2020 yilda ushbu ko'rsatkich 52 ming kishini tashkil etdi. Bu yil karantin cheklovlari yumshatilgach, to'qqiz oy davomida 54 ming 500 nafar xorijiy hamda 1 million 245 ming nafar mahalliy turistlar tashrifi amalga oshirilgan. Buning barchasi shaharga kelayotgan investitsiya, iqtisodiyotga tushum, degani. Albatta, shunga mos xizmat, sharoit yaratish ham oldimizdagi muhim vazifa hisoblanadi.
Bugungi kunda shaharda mehmonxonalar soni 160 taga, ulardagi o'rinlar 6569 taga etdi. Bundan tashqari 100 ga yaqin oilaviy mehmon uylari faoliyati yo'lga qo'yildi. Orzu Mahmudov ko'chasi gastronomik turizmni rivojlantirish bo'yicha maxsus hudud sifatida belgilanib, bu erda turli mamlakatlar taomlari tayyorlanadigan ovqatlanish nuqtalarini tashkil etildi. Bog'ibaland mahallasida “Anjirzor” yangi turistik maskan ochildi. Kelgusida Bog'ibaland va Sharq mahallalari “turizm mahallasi”ga aylantiriladi.
Umuman, 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 1,2 trillion so'mlik 44 ta loyihani amalga oshirish hamda 1257 ta yangi ish o'rinlari yaratish bo'yicha ish olib borilmoqda.
Mamlakatimizga xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida vizasiz rejim joriy etilgan mamlakatlar soni 2021 yil 1 mart holatiga 86 tani tashkil etardi. Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi farmoniga asosan, 2021 yil 1 martdan boshlab O'zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e'tiboran 10 kunlik muddatga o'z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Hitoy Halq Respublikasi, shu jumladan Hitoyning Gonkong va Makao maxsus ma'muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi. Buning natijasida vizasiz rejim joriy etilgan mamlakatlar soni 90 taga etkazildi.
Shuningdek, yil boshida Eron Islom Respublikasining «Iran Aseeman Airlines» aviakompaniyasi hamda «Persian Gulf Tourism Holding Company» kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, ziyorat turizmi sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldik. Samarqand va Eronning Isfahon shahri o'rtasida savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni kengaytirish, jumladan ikki shaharlar o'rtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlarini o'rnatish masalasini muhokama qilib, anglashuv memorandumi imzoladik. Turkiyaning Istanbul, Kon'ya, Izmir shaharlari bilan turizm sohasida aloqalarni o'rnatish bo'yicha sa'y-harakat olib boryapmiz. Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan joriy yilning 8-9 iyul' kunlari Portugaliyaning Portu shahrida o'tkazilgan “Turizm va shaharlar kelajagi” hokimlar forumida ham bir qator kelishuvlarga erishdik.
Kelgusi yilda Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o'tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu tadbirga ham shaharda qizg'in hozirlik ko'rilmoqda. Ko'plab ko'chalar, bino va inshootlar rekonstruktsiya qilinmoqda. Yangi yo'llar, ko'priklar bunyod etilmoqda. ShHT tadbirlarini yuqori saviyada o'tkazish maqsadida turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 135,1 milliard so'm miqdorida mablag' ajratildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati