Ulan-Udedagi musulmonlar jamoasi jome' masjidi huzurida madaniy-ma'rifiy markaz qurish va uning hududini kengaytirish niyatida. Buryatiya poytaxtidagi masjid 2010 yilda ochilgan bo'lib, u xususiy ehsonlar hisobiga qurilgan va endi ibodat qilishni istagan har bir kishini sig'dirmay qoldi.
"Ilgari 200 nafarga yaqin odam namozga kelgan. Endi masjid barcha namozxonlarni sig'dirmaydi. Ko'chada ko'pchilik namoz o'qiydi", - deydi musulmonlar jamoasi vakili Rasul Muhammad Shuayb.
Masjid yonida 2000 kvadrat metr maydonga ega madaniy-ma'rifiy markaz qurilishi rejalashtirilgan. Markaz binosida sport zali, o'quv xonalari, oshxona va mehmonxona bo'ladi.
"Bizning eng muhim maqsadimiz-yoshlarimizni to'plash uchun hududni kengaytirish. Ular barcha ta'lim muassasalari bo'yicha tarqalgan. Hamma borib o'qiydi. Juma kunlari ham ularda o'quv mashg'ulotlari bo'ladi. Ularning masjidga qatnashga imkoni yo'q. Shunday qilib, bu erda ovqatlanish xonasi bo'ladi, shuning uchun ular och qolganda bu erda ovqatlanishlari mumkin. Shu bilan birga ular futbol va basketbol o'ynashadi",-deydi Ulan-Ude masjidining imomi Hamid Safiulloh.
Islamisemya.com xabariga ko'ra, qurilishning taxminiy qiymati 60 million rubl' bo'ladi. Bundan tashqari, ular hududni ko'kalamzorlashtirishni rejalashtirmoqdalar. Majmuaning loyihasi respublika eng yaxshi arxitektorlarining biri tomonidan tayyorlanmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati