Yurtimizda hech bir inson mehr va e'tibordan chetda emas. Barcha fuqarolar davlatimiz va hukumatimiz g'amxo'rligida umrguzaronlik qilmoqda.
Hususan, bugun poytaxtimizda Vaqf fondi Toshkent shahar filiali tomonidan eshitish va gapirishda nuqsoni bor bo'lgan 200 nafar hamyurtlarimiz uchun "Missionerlikdan ogoh bo'ling" mavzusida xayriya tadbiri o'tkazildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi Hotin-qizlar bo'limi mutaxassisi Munira Abubakirova ishtirok etdi. Tadbirga ikki nafar surdo tarjimonlari ham jalb qilindi.
Yig'ilganlarga missionerlarning tuzog'idan ogoh bo'lish, ularning turli yolg'on da'volariga uchmaslik haqida ma'lumotlar berildi. Qolaversa, muhtoj oilalarga oziq-ovqat hamda turfa xil kitoblar xayr-ehson qilindi.
Tadbirda o'zlarining minnatdorchiligi va dil izhorlarini aytish uchun so'zga chiqqan fuqarolar tomonidan ularga ko'rsatilayotgan bunday mehr va muruvvatdan ko'ngillari ko'tarilganini, bunday xayrli ishlari bardavom bo'lishini Alloh taolodan so'rab duoi xayrlar qildilar.



O'MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xotin-qizlar bo‘limi tomonidan otinoyilar ishtirokida “ZOOM” platformasi orqali o‘quv seminarlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bunda aqida, fikh, siyrat, hadis, mavlid va janoza masalalari to‘g‘risida tushunchalar berib boriladi.
Bugun, 29 yanvar kuni tizimda faoliyat olib borayotgan otinoyilar uchun Aqida va fikh fanlari doirasida o‘quvlar boshlandi. Ikki mingdan ziyod tinglovchi qatnashgan, “Islom shariatida poklik masalalari” deb nomlangan ilk mashg‘ulotni "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisi Odinaxon Muhammad Yusuf o‘tkazdi.
O‘quv mashg‘ulotlarini Fatvo markazi mutaxassislari, “Imom Buxoriy” nomidagi Toshkent islom instituti va "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchilari olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati