Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz tik turib ichmasin”,dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Abdurazzoq Kilyaniy aytadi: “Ovqat va suvning o'tirgan holatda eyish va ichish sog'liq uchun havfsiz va foydalidir. Bunda insonning oshqozoni tinch va bo'shashgan holatda bo'ladi, bu esa o'z navbatida suvni oshqozonga hech qanday to'siqlarsiz to'g'ri kelib tushishini ta'minlaydi.
O'tirib ichilganda suv avval oshqozonga tushib, kislotali muhit bilan qorishadi, so'ngra organizmdagi mikroblarni tozalaydi va o'n ikki barmoq ichakka o'tadi. Bu inson organizmini turli kasalliklardan himoyalanashiga sabab bo'ladi. Inson tik turib suv ichganda esa, suv to'g'ridan-to'g'ri o'n ikki barmoq ichakka o'tib ketadi. Bu inson salomatligi uchun xavfli va zararlidir.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Davron NURMUHAMMAD
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV