803-SAVOL: Sizlardan bitta narsani so'ramoqchiman. TikTok ijtimoiy tarmog'ida bitta video ko'rib qoldim. Unda saylovda qatnashish ovoz berishni kufr amal degan. Shu qanchalik asosli? Shu saylovlarda ishtirok etishga dinimizda qanday qaraladi? Javob uchun oldindan rahmat.
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Saylovda ishtirok etish kufr yoki shirk, degan gaplar mutlaqo asossiz. Bunday gap-so'zlarni asosan diniy ilmlardan uzoq, shar'iy hukmlarga bir tomonlama qaraydigan kishilar ko'tarib yurishadi. Aslida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ikkinchi Aqaba bay'atida etmish kishidan iborat ansorlar jamoasiga o'z ichlaridan guruh raisi tayinlashni buyurganlar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam guruh raislarini o'zlari tanlamay, buni saylovchilarga qoldirganlar. Bu bilan odamlar o'zlarining ma'lum ishlarini amalga oshirish, rahbariyatga etkazish uchun mas'ul shaxslarni o'zlari tanlashlari kerakligini o'rgatganlar. U zot alayhissalom bu uslubni keyinchalik ham qo'llaganlar. Bu haqda imom Buxoriy o'z “Sahih”larida alohida bob ochib, “Odamlarga boshliq bo'lganlar haqida” deb nomlaydilar va unda odamlar ma'lum ishlarda yuqori rahbarga kichik boshliqlar orqali o'z so'zlarini etkazishlari tavsiyasiga doir hadisni keltiradilar (“Oltin Silsila”, 8-juz, 7176-hadis).
Shuningdek, tarixda “Hulafoyi roshidinlar”ning to'rttasi ham o'ziga xos uslubda saylangan. Abu Bakr raziyallohu anhuni bir guruh musulmonlar saylagan, so'ng qolganlari unga bay'at qilishgan. Umar raziyallohu anhuni Hazrati Abu Bakr musulmonlarning roziligi bilan tayinlagan bo'lsalar, Usmon razillohu anhuni Umar raziyallohu anhu tayin qilgan o'nta sahoba saylagan, so'ng musulmonlar u kishiga bay'at qilishgan. Ali raziyallohu anhu Madina ahlining talabiga ko'ra xalifa bo'lganlar. U zot qabul qildilar va boshqalar esa u kishiga bay'at qilishgan.
Demak, musulmon inson jamiyat manfaati ko'zlangan, adolat va yaxshilik yo'lida butun insoniyat bilan hamkorlik qilishi mumkin ekan. Bu haqda Shayx Yusuf Qarzoviy hafizahulloh o'zlarining “Al-Islam vad- demoqratiyya” nomli maqolalarida shunday deydilar: “Islomda saylovlarga guvohlik sifatida qaraladi. Ya'ni, rahbarlikka saylanayotgan odamning salohiyatiga guvohlik berishdir. Salohiyati yo'q odamga salohiyatli, deb guvohlik berilmaydi. Agar salohiyatli kishiga o'z o'rnida guvohlik berilmasa, bu guvohlikni yashirish bo'lib qoladi”.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
مَنْ يَشْفَعْ شَفَاعَةً حَسَنَةً يَكُنْ لَهُ نَصِيبٌ مِنْهَا وَمَنْ يَشْفَعْ شَفَاعَةً سَيِّئَةً يَكُنْ لَهُ كِفْلٌ مِنْهَا وَكَانَ اللَّهُ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ مُقِيتًا
ya'ni: “Haqni himoya qilgan o'z nasibasini oladi. Nohaqlikni himoya qilgan ham o'z ulushini oladi. Alloh hamma ishga baho beruvchi zotdir” (Niso surasi, 85-oyat).
Demak, nomzodlar ichida eng loyig'iga, jamiyatda adolatni o'rnatadigan kishiga ovoz bersa, albatta bu yaxshi ishining ajrini oladi. Aksincha bo'lsa, malomatga qoladi.
Boshqacha aytganda, agar musulmon kishi har jihatdan loyiq nomzodga ovoz bersa, elu yurtni taraqqiyotiga katta hissa qo'shgan bo'ladi. Eng asosiysi oxiratda ulkan ajrga ega bo'ladi. Aksincha, e'tiborsizlik, loqaydlik yoki turli qing'ir yo'llar bilan noloyiq nomzodga ovoz bersa, oxiratda bundan mas'ul bo'ladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay'ati. @diniysavollar
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati