Robiul avval oyi musulmonlar taqvimidagi eng muhim oylardan biri hisoblanadi, chunki aynan shu muborak oyda Allohning oxirgi elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallam tug'ilganlar. Bu oyda haqiqiy imonli kishi Allohdan yanada ko'proq ajru mukofot olishni niyat qilib, ibodat qilishga intiladi.
Quyidagi ro'yxatda kelgan amallarga Allohning yordami bilan Robiul avval oyida ham, undan keyingi oylarda ham amal qilsak Alloh va Uning Rasuli yaxshi ko'rgan bandalardan bo'lamiz, insha Alloh:
1. Har kuni Qur'on o'qing va tinglang. Alloh taolo va Uning Rasuliga yaqinlashishning eng yaxshi usullaridan biri – bu Allohning Kalomi – Qur'oni karimni tilovat qilish va tinglashdir. Har kuni Qur'on o'qishga odatlangan bandadan shayton uzoqlashadi. Qur'on o'qishni bugundan boshlang. Qur'oni karim Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida muhim o'rin tutardi. Bejiz Alloh taolo O'zining Kalomini aynan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilmagan.
2. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini ko'proq o'qib, o'rganing. Alloh taoloning elchisining ajoyib tarjimai hollarini o'qish orqali o'zingiz uchun yangi bo'lgan ko'plab ma'lumotlar, u zot alayhissalomning fe'l -atvorlari, fazilatlari va go'zal axloq-odoblari haqida bilib olasiz.
3. Allohning Rasuliga itoat eting. Payg'ambarimizga itoat etish hayotingizdagi ko'p narsalarni o'zgartiradi. O'zingizga savol bering: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so'zlariga qanchalik amal qilyapman? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so'zlari va ko'rsatmalari bizni Alloh taoloning hidoyatiga etaklaydigan hadislarda bayon etilgan. Shunday ekan, u zot alayhissalomning hadislarini o'qing va o'rganing, ulardan hayotingizdagi barcha savollarga javob toping.
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yanada ko'proq salavot ayting. Allohdan tinchlik va baraka ato etishini so'rab duo qiling. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish ko'plab ajru savoblarga noil etadi va barakalarning yog'ilishiga sabab bo'ladi.
5. Yaxshilikka chaqiring, yomonliklardan qaytaring. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish va go'zal namuna bo'lish orqali siz odamlarni Islomga da'vat qilishingiz mumkin. Qur'oni karimda bunday deyilgan: "Hikmat va yaxshi, chiroyli va'z bilan Allohning yo'liga da'vat qiling"(Nahl surasi, 125-oyat).
6. Yaqin va do'stlaringizni ziyorat qiling. Islomda oilaviy rishtalar va odamlar bilan yaxshi munosabatda bo'lish juda muhim. Qavm-qarindoshlaringizga tashrif buyuring, ularni o'z uyingizga taklif qiling, mazali taomlar ulashing va hadyalar bering.
7. Saxovatpesha bo'ling. Ehtiyojli, uysiz, kambag'al oilalarga yordam qo'lini uzatishni unutmang. Payg'ambarimiz buni qilganlarini eslab, yaxshilik qiling.
8. Ro'za tuting. Imkon qadar ro'za tutishga harakat qiling. Ro'za Payg'ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har dushanba va payshanba kunlari ro'za tutardilar. Ovqatlanish, ichish va taqiqlangan narsalardan voz kechish sizda hikmatning ortishiga va Allohga yanada yaqin bo'lishga sabab bo'ladi.
9. Ko'p duo qiling. Duo – mo'minning asosiy quroli, u orqali Robbisi bilan gaplashadi. Allohdan o'zingiz va yaqinlaringiz haqqiga yaxshiliklar so'rab duo qiling. Butun ummatga ofiyat so'rang va marhumlar uchun ham duo qiling.
10. Allohga va Uning Rasuliga yaqinroq bo'lishga intiling. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlik sizni Allohga yaqinlashtiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashish bandaning najotidir.
Davron NURMUHAMMAD
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi