Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi al-Hakim at-Termiziy maqbarasi IX asrda qurilgan me'moriy yodgorliklardan.
Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biriga qurilgan. At-Termiziy shu erda murid-shogirdlari va boshqa darveshlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Vafot etgach, shu xonaqohda dafn qilingan.
O'zA xabariga ko'ra, X–XI asrlarda At-Termiziy maqbarasi atrofiga ibodatxonalar qurilgan. XI asrda maqbaraning shimolida uch gumbazli ayvon, ayvon g'arbiy devorida pishiq g'isht bilan qoplangan mehrobdan iborat duo-ta'ziya masjidi barpo qilingan. Maqbara bir necha marta ta'mirlangan. Chingizxon vayron qilgunga qadar, XII asrda ham ta'mir etilgan. XIII asr oxirlarida Termizda mo'g'ul bosqinchilari vayronagarchiligi asorati tugatilgandan keyin majmua birmuncha kengaytirilgan. Buning asosiy sababi Al-Hakim Termiziyning obro'si din homiysi sifatida yanada oshganligi bilan bog'liqdir. XV asr boshlarida Amir Temurning nevarasi Halil Sulton Termizga hukmronlik qilgan davrda esa maqbaraning shimoli-sharqiy qismida hashamatli xonaqoh qurilgan. Shohruh zamonida Al-Hakim Termiziy mozori ustiga oq marmarli muhtasham sag'ana o'rnatiladi va maqbara quriladi.
So'nggi yillarda ziyoratgohda ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, majmua avvalgidanda ko'rkam va obod maskanga aylangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:
Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.
Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.
Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar.
Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!
Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.
Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.
“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.
Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz, qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.
Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.
Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi” (Tarj.).