Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2026   |   19 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:34
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2026, 19 Shavvol, 1447

Tuhmat balosidan asrasin

15.10.2021   4238   6 min.
Tuhmat balosidan asrasin

Har bir inson tabiatida yaxshi va yomon sifatlar mavjud. Inson yaxshi sifatlarni asrasa, yomon sifatlar zararini bilib, ulardan xolos va salomat bo'lishga harakat qiladi. Insonlardagi yomon sifatlardan biri tuhmatdir. Sharq xalqlari tuhmat qilishni gunoh hisoblab, undan o'zlarini yiroq tutishga harakat qilishadi.

Tuhmat nima? “O'zbek tilining izohli lug'ati” kitobida: “ Tuhmat –(arabcha, ayblash, ayblov). Birovni ayblash yoki qoralash maqsadida o'ylab chiqarilgan asossiz da'vo, bo'hton” degan izoh beriladi.

Biror kishini aytmagan gapi yoki qilmagan ishi uchun ayblashga tuhmat deyiladi. Bir kishi  Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: “G'iybat nima?” deb so'radi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishi eshitsa xafa bo'ladigan gaplar bilan u haqda gapirishing g'iybat bo'ladi”, dedilar. U kishi yana so'radi: “Aytgilgan gaplar o'sha insonda bo'lsa-chi?”. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar aytilgan narsa o'sha odamda bo'lsa, g'iybat qilgan bo'lasan, bo'lmasa esa tuhmat qilgan bo'lasan”, debjavob berdilar.

Tuhmat barcha yomonlikning boshlanishi va jinoyat hamda zulm uning hosilasidir. Tuhmat insonlarning yomon xulqlaridan bo'lib, u o'sha insonga ko'p kulfatlar olib keladi. Hazrat Alisher Navoiy bunday yozadilar:

Badg'o'yki o'z qilg'ani rahmatdur anga,

Orom xaloyiq sori tuhmatdur anga,

Kim xo'yi yamon bo'lsa, mashaqqatdur anga,

Kim xo'yi aning yaxshi g'animatdur anga.

Tuhmat qilish insonlarning qalbini yaralashdir. Luqmoni Hakim farzandlariga tuhmat qilishdan saqlanish haqida bunday deydilar: “Ey farzand, odamlarni turli bo'lar-bo'lmas tuhmat gaplar bilan ranjitma! Bolta insonning vujudini yaralasa, tuhmat insonning qalbini yaralaydi”.

Bir odamning qilmagan ishini qildi, deb gapirish o'sha insonga zulm qilishdir. Zulm esa og'ir gunohdir. Zulmdan nafrat, nafratdan dushmanlik kelib chiqadi. Ayrim kishilar dushmanidan o'ch olish uchun tuhmat uyushtiradi. Turli xil uydirmalarni to'qib chiqaradi. Dushmanni engish uchun tuhmatni qurol qilib ishlatadi. Chunki tuhmat orqasida boshqalar uchun katta fojia turadi. Arzimagan bir gap odamning taqdirini yomon tarafga o'zgartirib yuborishi mumkin.

Biror kimsaga nisbatan yomon gumon qilish ham nohaq tuhmatga olib boradi. Shu sababli, avvalo birovga yomon gumon qilishdan tiyilish lozim. Alloh taolo insonlarni bir-birlaridan yomon gumon qilishdan qaytarib bunday marhamat qiladi: “Ey insonlar, odamlardan yomon gumon qilishdan ehtiyot bo'linglar. Inson o'zining ba'zi badgumoni bilan gunohkor bo'lur” (Hujurot surasi, 12-oyat).

Insonlar bir-birlaridan  yomon gumon qilishdan ehtiyot bo'lishlari lozim. Zero, birovdan gumon qilish boshqa gunohlarga etaklaydi.

Ba'zilar foyda ko'rish uchun tuhmat gapni gapirishadi. Birov zarar ko'rmaslik uchun  yoki zararni ketkazish uchun tuhmat qilishadi. Shu yo'l bilan foyda ko'rmoqchi yoki balodan qutulmoqchi bo'lishadi. Aslida, tuhmatdan foyda ko'rish yo'q. Chunki tuhmat yolg'on so'zlardan iborat bo'lib, yolg'on so'zlarda faqat xatar bor, najot yo'q.

Ba'zi bir odamlar boshqalarni o'zlariga jalb qilish, o'zlarini gapbilarmon qilib ko'rsatish uchun tuhmat gaplarni gapirishadi. Donishmandlar: “Boshqa insonlarga tili bilan ozor beradigan, tuhmat qilib yashashdan ko'ra, tilsiz bo'lib tug'ilgan yaxshidir”, deganlar.

Tuhmat insonlarga nisbatan qilingan zulmdir. Insonning insonga qilgan zulmini o'sha zulm qilingan odam oldin kechmasa, uning gunohini Alloh taolo ham kechirmaydi.

Tuhmat insonning barcha savob ishlarini ketkazadi, tuhmat qilgan ham tuhmatni ma'qullagan yoki uni eshitgan ham gunohga sherikdir. Birov tuhmat qilib gapirsa, uni tuhmatdan qaytarish o'rniga, uning gaplarini ko'tarib chopadigan odamlar ham ko'plab topiladi. Birovdan eshitgan gapni gapiraverish gunohni ko'paytirishdir. Tuhmat qilingan odam tuhmat qilinganligini  eshitsa, unga sabr qilsa, u katta ajrni qo'lga kiritadi.

Inson tuhmatga uchraydigan joylarga borishdan, o'zini tuhmatga tushib qolishdan saqlashi lozim.

Tuhmat  jamiyat kishilari o'rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini uzadi. Ular o'rtasida o'zaro hamjihatlik, yaxshi ishlarda hamkorlik qilish fazilatlarini yo'qqa chiqaradi. U tufayli jamiyat kishilari orasida o'zaro ishonch, bir-birlariga mehr-muhabbat bilan qarash, do'stlik, birdamlik kabi fazilatlarga o'rin qolmaydi. Tuhmat insonlardagi dushmanlik, nafrat, g'iybat, ichi-qoralik, chaqimchilik kabi salbiy xulqlarni yuzaga chiqarib, ularni insonlarda tomir otishiga sababchi bo'ladi. Bu yomon xulqlar tufayli qancha-qancha insonlarga sababsiz ozorlar etadi. Shu sababli xalqimiz: “Nohaq, quruq tuhmatdan asrasin” deb duo qiladi.

Aslida, insonlar doimo bir-birlariga yaxshilik sog'inib yashashlari lozim. Zero, insonlar o'rtasida insongarchilikdan kutilgan maqsad ham yaxshilik qilishdir. Biror insonga yaxshilik qilish qo'limizdan kelmaydimi, unga yomonlik qilishdan ham tiyilaylik.

 

R. Akbarov,

O'MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Termiziy" bilim yurti bitiruvchilari ishga taqsimlandi

08.04.2026   1213   1 min.

Shu yilning 8 aprel kuni "Imom Termiziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bitiruvchi kurs talabalarining kelgusi faoliyati va ishga taqsimotiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining mas’ul xodimlari Abdunosir Bobomirzayev, Muhammadyahyo Xodjayev hamda Dilmurod Rahimov ishtirok etdi.


Ta’lim muassasasi direktori K.Islamov hamrohligida mehmonlar dastlab o‘quv jarayonlari, dars sifati va talabalar bilimini oshirishga qaratilgan metodik yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng bitiruvchi kurs talabalari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida bo‘lajak mutaxassislarga ularning ishga taqsimoti, faoliyat boshlaydigan masjid va muassasalardagi vazifalari hamda kasbiy mas’uliyati yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.


Tashrif yakunida mutaxassislar tomonidan ta’lim sifatini yanada oshirish, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish hamda talabalar uchun sharoitlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2025-2026 o‘quv yilida mazkur ta’lim muassasasini 24 nafar talaba tamomlab, diniy-ma’rifiy sohada o‘z xizmat faoliyatini boshlash arafasida turibdi. 

“Imom Termiziy” O‘MITM

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari