Buxorodagi “Yetti pir” ziyoratgohi tarkibiga kiruvchi Bahouddin Naqshband majmuasi Kogon tumanining Qasri Orifon qishlog'ida joylashgan.
O'zA xabariga ko'ra, Bahouddin Naqshbandiy madaniy meros ob'ektini barpo etilishiga Abdulazizxon ibn Ubaydulloxon 1544 yilda asos solgan. Abdulazizxon buyrug'i bilan mozor tartibga solinib, ansambl shakliga keltirilgan va 1544-1545 yillarda kompleksning eng katta binosi – xonaqoh qurilgan.
Mazkur me'moriy xonaqoh mahobati va badiiy bezagi jihatidan juda noyob imorat sanaladi. Majmuaning asosiy qismiga daxmalar, maqbara, ikkita masjid, sakxona, hovuz, quduq, minora, madrasa va Abdullaxon xonaqohi kiradi. Keyinchalik uning safiga baland peshtoq – gumbazli yangi darvozaxona, muzey, choyxona singari imoratlar qo'shilgan.
Mustaqillik yillarida ushbu ziyoratgoh yanada obod etildi, ziyoratchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati