بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
Islomda qarz oldi-berdi masalasi
Hurmatli jamoat! “Qarz” so'zi lug'atda “kesish” degan ma'noni bildiradi. Qarz bergan kishi molidan bir qismini kesib, boshqaga bergani sababli shunday deb atalgan. Shariat istilohida esa: “Qarz – bir narsani boshqa kishiga uni qaytarib berish sharti ila mulk qilib berishdir”.
Demak, qarzga olingan narsa qarz oluvchining mulkiga aylanadi. Uni xohlaganicha ishlatadi. Qarz beruvchiga esa uning evazini bersa bo'ldi.
Qarz berish – bandani Alloh taologa yaqin qiladigan amallardandir. Chunki qarz berishda odamlarga rahm-shafqat qilish, ularning ishlariga engillik berish, g'amlarini aritish bor. Qarz berishning savobi juda ulug' ekani ko'plab oyati karimalarda ochiq-oydin bayon qilingan. Albatta, bunda qarz beruvchi biror dunyoviy manfaatdan tama qilmasligi shart. Ajr umidida berilgan qarzning savobi bir necha barobar ko'paytiriladi va gunohlar mag'firat qilinadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
إنْ تُقْرِضُوا اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا يُضَاعِفْهُ لَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ وَاللَّهُ شَكُورٌ حَلِيمٌ
ya'ni: “Agar sizlar Allohga «qarzi hasana» bersangiz (muhtojlarga ehson qilsangiz), U sizlarga bir necha barobar qilib qaytarur va (gunohlaringizni) mag'firat qilur. Alloh minnatdor (oz olib, ko'p beruvchi) va halimdir” (Tag'obun surasi 17-oyat).
Oyati karimada “muhtojlarga ehson qilish va ularga chiroyli qarz berish”ni “Alloh taologa qarz berish” deyilmoqda. Alloh taolo bandasidan qarzdor bo'lib qolmaydi, balki bandaga yanada yaxshirog'ini beradi va ulug' ajr bilan mukofotlaydi.
Shuning uchun ham ba'zi ulamolar: “Muhtoj kishiga qarz berish – faqir insonga sadaqa berishdan afzaldir”, – deyishgan. Chunki qarzni aksar holatda muhtoj odam so'raydi.
Kishi qancha qarz bersa, har kuni o'sha miqdorda sadaqa qilganni savobini oladi. Bu haqda Burayda ibn Husayb Al-Aslamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ كَانَ لَهُ عَلَى رَجُلٍ حَقٌّ، فَمَنْ أَخَّرَهُ كَانَ لَهُ بِكُلِّ يَوْمٍ صَدَقَةٌ
(رواه الامام أحمد عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Kim biror kishiga qarz bergan bo'lsa, so'ng uni biroz muddatga uzaytirsa, kechiktirgan har kuni uchun unga sadaqa savobi yoziladi”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Qarzdorga muhlat berish yoki qarzni kechish bandaning avf qilinishi va Qiyomatda gunohlaridan o'tilishiga sabab bo'ladi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
كان رجلٌ يدايِنُ الناسَ فكان يقولُ لفتَاهُ: إذا أتيتَ مُعْسِرًا فتجاوزْ عنه لعلَّ اللهَ أنْ يتجاوَزَ عنَّا قال: فلَقِيَ اللهَ فتجاوَزَ عنْهُ
(رواه الامام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Bir kishi odamlarga qarz berar edi va xizmatkoriga: “Qarzini uzishga qiynalgan kishining yoniga qarzni so'rab borsang, undan qarzini kechgin, shoyadki Alloh ham bizdan gunohlarimizni kechsa”, – der edi”. Payg'ambarimiz alayhissalom: “U Allohga yo'liqdi va Alloh taolo uning gunohlarini kechdi”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Boshqa hadisi sharifda qarzdorga muhlat bergan yoki qarzni kechgan kishini Alloh taolo soya bo'lmaydigan kunda, ya'ni Qiyomatda soyalantiradi:
مَنْ أَنْظَرَ مُعْسِرًا أَوْ وَضَعَ لَهُ، أَظَلَّهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ تَحْتَ ظِلِّ عَرْشِهِ، يَوْمَ لاَ ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ
(رواه الامام مسلم عن أبي اليسر رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim kambag'alga muhlat bersa yoki qarzini kechsa, soya bo'lmagan Qiyomat kunida Alloh uni O'z arshini soyasida soyalantiradi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Muhtaram jamoat! Kishi moliyaviy faoliyatida boshqalarning qilganiga emas, o'zining bilimiga va imkoniyatiga qarab ish tutishi lozim. “Falonchi piston ishni qilib, buncha pul topibdi, men ham shu ishni qilaman” deb qarzga kirib qolmaslik kerak. Hozirgi qarzdorlarning aksariyati shu qabilda ish tutganlardir.
Qarzdor bo'lib qolganlar qarzlarini uzish birlamchi vazifalaridan biri ekanini bir zum ham esdan chiqarmasliklari, qarzning uzilmay qolishi dunyo va oxiratda sharmandalik ekanini unutmasliklari lozim. Agar bandaning niyati sodiq bo'lsa, qarzini uzishga sidqidildan urinsa, Alloh taolo unga yordam berishi haqdir. Hadisi sharifda shunday deyilgan: “Kim qarzini ado qilishni iroda qilib odamlardan mol olsa, Alloh taolo unga to'lash sabablarini muhayyo qilib qo'yadi, kim talofat etkazishni iroda qilib olsa, Alloh unga talofat etkazadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shuni yaxshi bilish kerakki, odamlardan qarz olib, uni to'lamasdan yoki to'laydigan mol qoldirmasdan dunyodan o'tib ketadiganlar Qiyomatda bu qarzni savoblari bilan to'lab beradi. Chunki u erda to'laydigan pul yo'q, savob esa hammaga kerak bo'lib turgan bo'ladi. Imkoni bo'la turib, qarzni cho'zishni Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “zulm” deb ataganlar:
مَطْلُ الغَنِيِّ ظُلْمٌ
(رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
Ya'ni: “Boy zimmasidagi qarzini bermasdan cho'zib yurishi – zulmdir”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Demak, moddiy imkoni bor odam o'z zimmasidagi moliyaviy burchni ado etmay yurishi – zolimlikdir. U bu bilan haqdorlarga ham, o'ziga ham zulm qilgan bo'ladi. Haqdorlar undan o'z vaqtida haqlarini ololmay, zulmga uchraydilar. O'zi esa bu ishi bilan gunohga botib, o'ziga zulm qilgan bo'ladi.
Mabodo qarz olishga majbur bo'lib qolganda ham, olishdan avval o'sha qarzni uzishga imkoni bor-yo'qligini ming bor o'ylab ko'rish kerak. Ko'pchilik “qarz orqali pul topsam bo'ldi, ishim yurishib ketadi”, degan fikrda bo'ladi. Aslida esa pul topganning hammasi ham boyib ketavermaydi. Agar shunday bo'lganida, bugun qarzdorlar bu qadar ko'payib ketmasdi.
Abu Muso raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom:
إنَّ أعظَمَ الذُّنوبِ عِندَ اللهِ أن يَلْقاه بها عبدٌ بَعْدَ الكبائِرِ التي نهى اللهُ عنها: أن يموتَ رَجُلٌ وعليه دَينٌ لا يَدَعُ له قَضاءً
ya'ni: “Allohning nazdida Alloh qaytargan kabira – katta gunohlardan keyingi eng og'ir gunoh – bir kishi zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay vafot etib, U Zotga ro'baro' bo'lishidir”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Birovdan olgan qarzini uzmasdan yoki uni uzishga imkon qoldirmasdan vafot etishdan og'ir narsa yo'qligini bayon qilish uchun bundan ortiq ogohlantirish bo'lmasa kerak.
Muhtaram azizlar!Qarz bandaning xaqqi bo'lib, bu haqni faqat o'z egasi kechishi mumkin xolos. Uni Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olishlari lozim. Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam:
هَا هُنَا مِنْ بَنِي فُلاَنٍ أَحَدٌ؟ قَالَهَا ثَلاَثاً فَقَامَ رَجُلٌ فَقَالَ: أَنَا مِنْهُمْ فَقَالَ عَلَيْهِ الصَلاَةُ وَالسَّلاَمُ:إِنَّ صَاحِبَكُمْ مَحْبُوسٌ عَنِ الْجنَّةِ بِدَيْنِهِ
(رواه الامام أحمد سمرة بن جندب رضي الله عنه)
ya'ni: “Bu erda falon qavmdan kim bor?”, – dedilar. Bir kishi: “Men borman”, –dedi. Shunda U Zot: “Sohibingiz qarzi tufayli jannatdan to'silib turibdi”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Ro'zg'or tebratish yoki ish yuritish uchun sarmoyaga muhtoj bo'lib qolgan kishiga qarz berish bilan moliyaviy aloqa olib boriladi. Lekin hargiz qarzga olingan pulga mablag' qo'shib berish shariatimizda qat'iy qaytarilgan. Buni shariatda “sudxo'rlik” deb ataladi.
Sudxo'rlik – eng katta gunohlardan. Qur'oni karimda sudxo'rlik bilan shug'ullanuvchilarga dunyo va oxiratda alamli azoblar borligi haqida ogohlantirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا الرِّبَا أَضْعَافًا مُضَاعَفَةً وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko'paytirib, ustama shaklida eb yubormangiz! Allohdan qo'rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli Imron surasi, 130-oyat). Hadisi sharifda:
لعنَ رسولُ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ آكلَ الرِّبا وموكلَهُ وشاهديهِ وَكاتبَهُ
(رواه الامام الترمذي)
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam riboxo'rni, uning ediruvchisini, bunga guvoh bo'lgan kishilarni hamda kotibini la'natladilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, pul qarz berib, uni ustamasi bilan ko'paytirib olish shariatimizda harom qilingan. Rizq – insonga Alloh taolo tomonidan berilgan ilohiy ne'mat ekan, uni halol yo'llar bilan izlash lozimdir.
Odamlar o'rtasidagi qarz muomalasida gohida bergan qarzini tilla yoki go'sht kabi mahsulotlarga chaqib qo'yish hollari uchraydi. Ya'ni, berilgan qarzlar pulning inflyatsiyasi tufayli qadri tushishini e'tiborga olib, qarzni olayotganlarida berganlaridan ko'ra ko'proq mablag'ni olishni xohlaydilar. Ba'zi ahli ilmlar buni joiz deb bilsalarda, ammo to'rt mazhab jumhur ulamolari, jumladan, hanafiy mazhabimiz olimlari ham bu ishni nojoiz va shar'an mumkin emasligini ta'kidlaydilar. Chunki, bunda ribo xavfi mavjud. Pulning qadrsizlanishi hamisha bo'lib kelgan. Qarz berayotganda albatta ushbu omillarni hisobga olish kerak. Ya'ni, o'sha vaqtda qarzni o'zi uchun asosiy va barqaror deb bilgan pul birligida berishi kerak.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, qarz berilgan pul birligi qarzni to'layotgan vaqtida butunlay muomaladan chiqib ketsa yoki bekor qilinsa, shu holdagina o'sha pulning qarz berilgan vaqtidagi boshqa narsadagi qiymatini talab qilish mumkin bo'ladi. Bir paytlar muomalada bo'lgan rubl' va kupon pullari bunga misol bo'lishi mumkin. Lekin ma'lum bir pul birligida qarz olgan kishi, oldindan kelishmagan holda uni to'lash paytida o'zaro rozilik bilan boshqa pul birligida to'lashi joiz.
So'mda berilgan qarzni boshqa pul birligida, masalan, dollar, evro kabilarda qaytarilishiga kelishib olish nasiya ribosi hisoblanadi. Chunki, bu jinsi har xil pullarni nasiya ayirboshlashga bitim tuzish hisoblanadi. Bu esa shar'an joiz emas. (Muhammad Taqiy Usmoniyning “Buhus fi qozoyo al-fiqhiya al-muosiro” kitobidan foydalanildi).
Muhtaram jamoat! Hozirda ko'pchilik kishilar qarzdorlikdan qanday qutilish mumkinligi haqida savollar bilan murojaat qilishadi. Qarzdorlikdan qutilish uchun avvalo niyatni yaxshi qilish va albatta qarzni uzishga astoydil harakat qilish lozim. Keyin Alloh taolodan qarzini uzishga yordam qilishini so'rash kerak bo'ladi. Ko'plab hadisi shariflarda tez-tez takrorlab yuriladigan duolarni Payg'ambarimiz alayhissalom ta'lim berganlar. Abu Sa'id raziyallohu anhu aytdilar: “Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam masjidga kirgan edilar, birdan ansorlardan Abu Umoma deb ataladigan kishini ko'rib qoldilar. Shunda U Zot: “Ey Abu Umoma! Masjidda namoz vaqtidan boshqa vaqtda o'tirganingizni ko'ryapmanmi?” – dedilar. “Meni g'amlar va qarzlar bosdi, ey Allohning Rasuli!”, – dedi. “Sizga agar aytsangiz, Alloh g'amlaringizni ketkazadigan va qarzlaringizni uzadigan kalimalarni o'rgatib qo'yaymi?” dedilar. “Ha, ey Allohning Rasuli!” dedi. Shunda Rasululloh: “Tong ottirsangiz va kechga etsangiz:
اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْهَمِّ وَالْحَزَنِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنَ الْعَجْزِ وَالْكَسَلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنَ الْجُبْنِ وَالْبُخْلِ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ غَلَبَةِ الدَّيْنِ وَقَهْرِ الرِّجَالِ، قَالَ: فَفَعَلْتُ ذَلِكَ فَأَذْهَبَ اللهُ هَمِّي وَقَضَى عَنِّي دَيْنِي
(رَوَاهُ الامام أَبُو دَاوُدَ)
ya'ni: “Yo Alloh! Sendan g'am bosishi, mahzunlik, ojizlik va dangasalikdan panoh so'rayman! Qo'rqoqlik, baxillik, qarzga botish va odamlarning g'olib kelishidan panoh so'rayman!”deng, – dedilar.Shunday qildim, natijada Alloh g'amimni ketkazdi va qarzimni ado qilishga yordam berdi (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Shuni ham qayd etib o'tish lozimki, ayrimlar kommunal xizmat, ya'ni elektr energiya, gaz, suv, er solig'i va boshqa to'lovlarni o'z vaqtida to'lamasdan majburiy ijro xodimlarini ovora qilib, aholi bilan jiddiy muomala qilishlariga majbur qilayotganlar borligi achinarli holdir. Aslida ushbu kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon shartnoma tuzgan. O'sha shartnomaga ko'ra, o'zimiz ishlatgan narsani to'lovlarini o'z vaqtida ado qilishimiz lozim bo'ladi. Bunga beparvo bo'lish yuqoridagi oyat-hadislarda ogohlantirilgan jazolarga olib kelishini esdan chiqarmaylik.
Shu bilan birga ushbu kommunal xizmat to'lovlari ko'pchilikning – xalqning haqqi sanaladi. Uni turli asossiz bahonalar bilan o'z vaqtida to'lovlarni amalga oshirmaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish, yoxud har-xil hiylalar ishlatib haq to'lashdan qochishga harakat qilish ayni birovning haqqini, ustiga-ustak, xalqni haqqini eyish ekanini eslatib qo'ymoqchimiz. Bunday shariatga zid ishlar Qiyomat kuni katta javobgarliklarga sabab bo'lishini unutmasligimiz kerak. Havla binti Amr raziyallohu anho Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
إِنَّ رِجَالاً يَتَخَوَّضُونَ فِى مَالِ اللَّهِ بِغَيْرِ حَقٍّ، فَلَهُمُ النَّارُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِي
ya'ni: “Ba'zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo'lishadi” dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Alloh taolo xalqimiz farovonligini yanada ziyoda qilsin! Qarzdorlarga qarzlarini uzishlari uchun yordam va tavfiq ato aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling!”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi