Yoshligida maktabni tashlab ketishga majbur bo'lgan falastinlik 85 yoshli muslima Jihod Battu yoshi keksaligiga qaramay dinshunoslik bo'yicha bakalavr darajasini olishga muvaffaq bo'ldi.
Battu 1936 yilda Iordan daryosining G'arbiy sohilidagi Nablus shahrida tug'ilgan. Jihod falastinliklar ommaviy quvg'inga uchragan 1948 yilgacha Nazaret yaqinidagi Mujaydil shahrida maktabga qatnagan. Shu yili onasi ham kasal bo'lib qoldi, shuning uchun qiz maktabga borolmay qoldi.
Islam.ru xabariga ko'ra, 1954 yilda Jihod turmushga chiqib, besh farzand tug'di. Biroq uning o'qib o'rganish istagi hech qachon so'nmagan. U arab, ingliz va ivrit tillaridagi bir nechta til kurslari, shuningdek, matematika kurslarida o'qishga muvaffaq bo'ldi. 81 yoshida falastinlik ayol hali ham o'qishga ishtiyoqmand edi. U oliy ma'lumot olishga qaror qildi.
Mahalliy veb-saytga bergan interv'yusida Jihodning aytishicha, u Islomga bo'lgan muhabbati tufayli dinshunoslik institutini tanlagan. “Kechasi ko'p va qattiq o'qidim”, - dedi u.
85 yoshida Jihod o'z orzusini bakalavr darajasini olish va bitiruvchi kiyimini kiyish orqali amalga oshirdi. "O'rganganlarimni atrofdagilarga o'rgataman. Ilmni faqat o'zim uchun qoldirsam undan nima foyda, shuning uchun boshqalarga ham foyda keltirishi uchun ularni o'rgatmoqchiman",- deya o'rtoqlashdi 85 yoshli bitiruvchi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati