Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Erkaklarga 6 tavsiya

29.11.2023   1686   6 min.
Erkaklarga 6 tavsiya

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Iblis taxtini suv ustiga qo'yadi. So'ngra o'z lashkarlarini (odamlarni haq yo'ldan ozdirish, oralarida fitna solish maqsadida) jo'natadi. Shaytonvachchalar (hisobot topshirish uchun) Iblisga kelib: “Men falon va falon ishlarni qildim” deydi. Shunda Iblis: “Hech narsa qilmabsan” – deydi. So'ngra yana bir shayton kelib Iblisga: “Men er-xotinlar orasiga tushib, ularning orasini ajratmagunimcha ularni tinch qo'ymadim” deydi. Shunda Iblis: “Sen (shaytonlarning) eng yaxshisisan” – deydi, dedilar».

Oila muqaddas bo'lib, uni asrab-avaylash uchun er-xotin birgalikda harakat qilmog'i lozim. Oila mustahkamligini saqlash uchun quyidagi maslahatlarga amal qilishingizni tavsiya etamiz:

  1. Kechirib yuboring va esdan chiqaring! Ayolingiz qilgan har bir xato-kamchiliklari uchun jig'ibiyron bo'lavermang, ayrimlarini esdan chiqaring, ayb ish qilsa kechiring.

Olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko'ra, kechiruvchan insonlar gina-kudrat saqlab yuradiganlardan ko'ra baxtli hayot kechirishar ekan. Olimlardan biri: "Baxtli nikoh bu – ikki kechirishni biladigan er-xotinning birlashmasidir", deb aytgandi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Odam bolasining barchasi xatokordir. Hatokorlarning eng yaxshisi ko'p tavba qiluvchilardir", dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).

Kim aybsiz do'st istasa, yolg'iz yashaydi. Kim nuqsonsiz xotin istasa, bir umr bo'ydoq o'tadi.

  1. Ko'proq vaqtingizni birgalikda o'tkazing! Afsuski, juda ko'p er-xotinlar oz vaqtlarini birga o'tkazishadi. Ko'pchilikda birgalikda sayr qilishlar, ovqatlanishlar, suhbat qurishlar qisqa muddat davom etadi, keyin esa ularning barchasi tarixga aylanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan suhbatlashganlarida butun tanalari bilan burilib, so'zlovchiga bor diqqat-e'tiborlarini qaratar edilar. Endi siz ham telefondan boshingizni ko'taring, telefonni o'chirish vaqti keldi. Ayolingiz bilan dildan suhbat quring. Jufti halolingizni tinglashga vaqt ajrating.

Tadqiqotlarga ko'ra, eng baxtli nikohlardagi er-xotinlar bir kunda kamida besh soatlarini birga sarflashar ekan. Charchagan bo'lishingizdan qat'i nazar, oilangizni mustahkamlash uchun ayolingizga vaqt ajrating. Maylin, eng oddiy usulda bo'lsa ham, masalan, choy ustida yoki ko'chada sayr qilib suhbatlashing.

  1. Sevishingizni izhor qilib turing! Ayolingizga sevishingizni har kuni bildirib turing. Ishga ketishingizdan oldin peshonasidan o'pibmi yoki SMS, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabarlar yoki qog'ozga bitilgan maktublar orqalimi xullas yo'llari ko'p. Muhimi har kuni yoqtirishingizni izhor etishni unutmang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sevganlaringizga sevishingizni izhor qiling!" deganlar. Ayolingizga sevishingizni izhor qilganingizda ayolingiz: "Alloh ham Sizni sevsin" deb haqqingizga duo qilsin!

  1. Kamroq tanqid qiling! Chunki tanqidni hech kim yoqtirmaydi. Ko'p tanqid qilish zarar etkazishi mumkin. Tanqid odatda biror narsaning faqat yomon jihatlarini ko'rishdan kelib chiqadi. Ayolingizning biror yomon xulq yoki odati bo'lsa, ularni sekin astalik bilan tuzatib borishiga ko'maklashing. Ayolingizning aybi uchun hadeb tanqid qilaverishingiz, kichik kamchilikning kattalashishiga olib keladi. Jufti halolingizning ijobiy xulqlariga ko'proq e'tibor bering! Shunda kamchiliklari ko'rinmay ketadi.

  2. Tashakkur bildirib turing! Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi Allohga shukr qilmagan bo'ladi”, dedilar.

Ayolimiz ko'nglimizni ko'taradigan biror ish qilsa, go'yoki o'z vazifasini bajaryapti degan o'y-xayol bilan unga minnatdorchilik bildirmaymiz. Ayolingizning har bir, hatto kichik, ehtimol siz uchun arzimasdek tuyulgan ishini ham qadrlab, minnatdorlik bildiring, ko'nglini ko'taring, yanada ilhomlantirib turing.

  1. Muloyim bo'ling! Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir. Va muloyimlikni yaxshi ko'radi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Baxtiyor oilaning asosini – er-xotinning o'zaro bir-biriga muloyim munosabatda bo'lishi tashkil etadi.

To'g'ri, turmush davomida turli kelishmovchilik, tushunmovchiliklar yuzaga kelganda muloyim munosabatda bo'lish o'ta mushkul. Lekin aynan shunday vaziyatlarni muloyimlik, og'ir-bosiqlik bilan hal qilish, er-xotin o'rtasidagi muhabbatni yanada ziyoda etadi, mustahkamlaydi.

Alloh taolo oilalarimizni xolis O'zining muhabbati asosiga qurilishini nasib etsin. Oilalarimiz hamisha tinch va baxtiyor bo'lsin!

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   11860   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar