O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4802-son Qarori bilan tasdiqlangan “Yo'l xaritasi”ning 14-bandining ijrosi yuzasidan O'zbekiston musulmonlari idorasi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti mutaxassislaridan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maqsadli loyihalarga qo'yilgan talablar asosida Davlat loyihasi tayyorlangan edi.
Joriy yilning 9 oktyabr' sanasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Sa'duddin Taftazoniyning “Sharhu aqoidi Nasafiya” (Nasafiyning Aqida asariga sharh) asarini o'zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda uning android va mul'timedia dasturlarini tayyorlash bo'yicha uch yillik amaliy loyihaning moliyalashtirilishi tasdiqlandi.
Qayd etib o'tish lozimki, mazkur loyiha 2021-2024 yillarda amalga oshiriladigan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga kiritiladigan amaliy loyihalar ichidan Innovatsion rivojlanish vazirligi Hay'at a'zolari tomonidan ochiq ovoz berish yo'li bilan aniqlandi.
Alloma Sa'duddin Taftazoniy va uning “Sharhu aqoidi Nasafiya” asari haqida qisqacha ma'lumot.
Sa'duddin Taftazoniy
Sa'duddin Taftazoniy nomi bilan mashhur bo'lgan bu zotning to'liq ismi sharifi Mas'ud ibn Umar ibn Abdulloh bo'lib, Huroson o'lkasining Taftazon shahrida tug'ilgan. Alloma Taftazoniyning qaysi yilda tug'ilgani haqida ikki xil qarash bor: 1. Hijriy 712/milodiy 1312 yilda tug'ilgan. Bu qarashni Jaloliddin Suyutiy naql qilgan; 2. Hijriy 722/milodiy 1322 yilda tug'ilgan. Bu qarashni Toshko'pirzoda naql qilgan.
Sa'duddin Taftazoniy ko'plab ustozlardan ta'lim olgan bo'lib, ular orasida Azduddin Iyjiy, Ziyouddin Qazviniy, Qutbiddin Roziy Tahtoniy va Nasiymuddin Abu Abdulloh Naysaburiy kabi ulamolar eng mashhurlari hisoblanadi.
Sa'duddin Taftazoniy tafsir, fiqh, nahv, sarf, usulid-din, mantiq kabi ilmlarda etuk olim bo'lgan. U Amir Temurning taklifi bilan Samarqandga kelgan hamda bu erda dars berish va kitob yozish bilan mashg'ul bo'lgan. Bu zot o'n olti yoshlik o'spirinlik chog'idayoq dastlabki asarini yozgan.
Sa'duddin Taftazoniyning “Sharhu aqoidi Nasafiya”
(Nasafiyning Aqida asariga sharh) asari haqida
Sa'duddin Taftazoniyning “Sharhu aqoid” asari mashhur olim Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiya” asariga yozilgan sharhdir. “Aqoidun Nasafiya” asari moturidiya mazhabidagi eng mo''tabar va eng mashhur matnlardan hisoblanadi. Bu matnning boshqa matnlardan ajralib turadigan xususiyati boshqa matnlar dastlab Alloh taoloning birligi va Uning sifatlari haqidagi bahslar bilan boshlangan bo'lsa, bu matn dastlab bandalarning ma'lumot olish vositalari, olamning yo'qdan bor qilingani haqidagi aqliy dalillar va bu aqliy dalillar Yaratuvchi bor ekanini taqozo qilishi haqidagi bahslar bilan boshlangan.
Sa'duddin Taftazoniyning “Sharhu aqoid” nomli ushbu sharhi yozilgan vaqtdan buyon Islom bilim yurtlarida aqoid fanidan asosiy darslik sifatida o'qitib kelingan. Iboralarining qiyinligi bilan ham “mashhur” bo'lgan bu sharhning o'ziga ham yigirmadan ortiq sharhlar va hoshiyalar bitilgan.
Alloma Taftazoniy rahmatullohi alayhining bu kitobi o'z davridagi aqiyda ilmiga oid ilmiy bahslarning samarasini aks ettirgan kitobdir. Aqoidga oid kitoblarda har bir kitobning yozilayotgan davrida hukm surayotgan e'tiqodiy masalalar va tortishuvlar aks etishi odat tusiga kirgan narsa.
Sa'duddin Taftazoniy rahmatullohi alayhi o'z kitobining avvalida aqiyda ilmi tarixi va unga odamlarning hojati tushganligi haqida qisqacha tushuntirish beradi:
“Avvalda o'tgan sahoba va tobe'in roziyallohu anhum aqiydalari musaffo bo'lgani va Nabiy alayhissalomning suhbatlarining barakasi, u zotning zamonlariga yaqinlik, hodisa va ixtiloflarning ozligi hamda ishonchli zotlardan so'rash imkonlari bo'lgani tufayli aqiyda va fiqh ilmlarini tadviyn qilishga, faslu boblarga solishga hamda furu' va usullarning maqsadlarini aytishga hojatlari tushmagan. Ammo musulmonlar orasida fitnalar, din imomlariga qarshi tajovuzlar, fikrlarda ixtilof va bid'atlarga moyillik zohir bo'lib, fatvolar ko'paydi, ulamolarga murojaat ko'payganidan keyin, ular nazar solishga, dalil topishga, ijtihod qilishga, hukm axtarishga, qoidalar va asoslar ishlab chiqishga, bob va fasllarni tartibga solishga o'tishga majbur bo'ldilar”.
Hozirgi kunda alloma Sa'duddin Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharhu alaqodi Nasafiya” asarining kalom ilmidagi amiyati hali etarli darajada o'rganilmagan. Ayniqsa, bu asarning tarkibiy tuzilishi, unda ko'tarilgan aqidaviy masalalarning tarixiy jarayonlar bilan uzviy bog'liqligi tahlil qilinmagan. Asarning O'zbekistonda va xorijda saqlanayotgan qo'lyozma nusxalari kompleks tarzda o'rganilib to'laligicha tavsif qilinmagan. Sa'duddin Taftazoniyning mazkur asari qariyb besh asr mobaynida Movarounnahr va unga qo'shni hududlar madrasalarida asosiy darslik sifatida o'qitilgan. Biroq, uning ta'lim dasturidagi ahamiyati va o'rni to'laligacha o'rganilmagan.
Alloma Sa'duddin Taftazoniyning “Sharhu alaqodi Nasafiya” asarini tadqiq qilish va undagi aqidaviy masalalarni ilmiy asosda tahlil qilish kalomga oid masalalarga aniqlik kiritadi. Shuningdek, xalqimizga Islom dinining asl mohiyatini to'g'ri etkazishda bu asar ahamiyati nihoyatda kattadir. Shu bilan birga hozirgi kunda mavjud turli xildagi diniy-siyosiy guruhlar va buzg'unchi mafkuralarga qarshi kurashda, mazkur asardan g'oyaviy qurol sifatida foydalanish mumkinligini ham aytish zarur.
Umuman olganda mazkur asarni o'zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini amalga oshirish beqiyos ahamiyatga ega bo'lib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni chin insoniy fazilatlar sohibi etib tarbiyalash, ular qalbida ajdodlarga munosib avlodlar bo'lish hamda turli buzg'unchi, adashgan oqimlarga qarshi raddiyalar berish ko'nikmasi shakllanishida muhim manba bo'lib xizmat qilishi, shubhasiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Bosh mutaxassisi O'.Sobirov