Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Idishlarning og'zini yopib, eshiklarni tambalab va chiroqlarni o'chirib yotinglar, chunki sichqon pilikni tortib yuborib, uy ahlini yoqib yuborishi mumkin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, o't chiqishiga sabab bo'ladigan jihozlar, ya'ni gaz va elektr jihozlariga uyqudan oldin e'tibor berish ham dinimiz odoblaridan ekan. Bu hadis nafaqat dunyoviy manfaatlarni, balki diniy manfaatlarni ham o'z ichiga olgan. U asrash lozim bo'lgan har bir jonga e'tibor va behuda sarflash gunoh bo'lgan molni saqlashga undovdir.
Qolaversa, zamonaviy ilmiy tadqiqotlardan ma'lum bo'lishicha, uxlagan paytda chiroqni yoniq qoldirish inson miyasining muhim joylariga ta'sir qilib, turli iztirob va ruhiy tushkunliklarga hamda semirib ketishga sabab bo'ladi. Shuning uchun olimlar tana va miya dam olishi uchun tunda chiroqlarni o'chirib yotishni tavsiya qilishadi.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Davron NURMUHAMMAD
Bir taksichi yurtidagi bir boy odamni manziliga yetkazdi. Boy odam tabloda ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘ladi. U taksidan tushayotganida taksichi unga: “Bilasizmi, kecha o‘g‘lingizni bir manzilga olib borib qo‘ygandim. U menga tabloda ko‘rsatilganidan ancha ko‘proq pul berdi. Nega siz undan ham boy bo‘laturib bunday qilmadingiz?”
Boy odam taksichiga kulimsirab qaradi: “Siz nimani kutgan edingiz? O‘g‘lim otasi boy bo‘lgani uchun shunday qilgandir, men esa yetim o‘sganman”, deb tushib ketdi.
Ha, kimki o‘z mehnati bilan daromad topsa, uni qadrlaydi. Kimgaki katta mablag‘ qiyinchiliksiz kelsa, uni keraksiz o‘rinlarga ham sarflaydi. Shunday ekan, bolalarimizga mehnat bilan erishishni o‘rgatsak, ular to‘g‘ri tasarrufni o‘zlari o‘rganib oladi.
Akbarshoh Rasulov