Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Hayo o'limni va (qabrda) chirishni eslamog'ingizdir”, dedilar. Albatta, o'lim va undan so'ng bo'ladigan holatlarni eslash, insonning gunohdan qaytishiga sababchi bo'ladigan eng kuchli vositalardan biridir.
Imom G'azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ey birodar! Bugun bozorga kelgan mato sening kafaning bo'lmasligini qayerdan ham bilarding!?”
Mashoyixlar aytganlar: “O'limning kelishi aniq. Lekin o'lganda kafan bilan ketishda gumon bor”.
Shuning uchun inson har qadamida o'limga tayyor bo'lmog'i kerak. O'lim qay holatda kelishini kim biladi?
Hadisi sharifda: “Qanday holatda yashagan bo'lsangiz, shunday holatda o'lim keladi”. Ya'ni, kimning hayoti solih amallari bilan bezatilgan bo'lsa, o'limi ham maqtalingan holatda bo'ladi va kimning hayoti gunohlar bilan o'tgan bo'lsa, unga o'lim ham shu holatda yo'liqadi.
"Sharm va hayo” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gar bo‘lmaganda olov qo‘shnisin kuydirmog‘i,
Bilmas edik biz isiriqning foyda bo‘lmog‘i.
Doimo kuchli g‘ayrat va oliy himmat sohibi bo‘ling. Sizning faqat yuqoriga qarab ko‘tarilishingiz va doimo harakatda bo‘lishingizni istardim. Pastga tushish yoki tinib qolishdan saqlaning. Bilingki, hayot soniya va daqiqalardan iborat. Tirishqoqligingiz, sabr va matonatda chumoli kabi bo‘ling, doimo harakat qiling.
Tavba qiling, agar yana gunoh ishga qo‘l ursangiz yana tavba qiling. Qur’onni yodlang, agar unutib qo‘ysangiz ikkinchi, uchinchi, hatto o‘ninchi marta bo‘lsa ham qaytda yodlavering. Asosiysi, ruhiy tushkunlikka tushmang va yiqilganingizni tan olmang. Chunki tarix oxirgi so‘zni bilmaydi, aql so‘nggi chegarani e’tirof qilmaydi, ular faqatgina harakat va orzu ro‘yobini biladi, xolos.
Umr jism kabidir, unda go‘zallashtirish uchun jarrohlik amaliyotini olib borish mumkin. Umr bino kabidir, uni ta’mirlash, qayta qurish va bo‘yoq bilan chiroyli qilish mumkin. Tushkunlik va muvaffaqiyatsizlikdan saqlaning. Kasalliklar, ofatlar, musibatlar va sinovlar kelishidan cho‘chishni to‘xtating, Allohga tavakkul qiling. U zot aytadi:
﴿وَعَلَى اللَّهِ فَتَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ﴾
“…Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga tavakkal qilingiz” (Moida surasi, 23-oyat).
Shu’la: Ma’siyatni tark etish jihod, unda davom etish esa qaysarlikdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan