Muqaddas islom dini odob axloq, mehr muabbat va insonpavarlik dek guzal g'oyalarni o'z ichiga olganligi cababli turli zamonlarda odamlar bu dindan turlicha foydalana boshladilar. Kimdur dunyo va oxiratining manfaati uchun foydalangan bo'lsa, islom dini deyilsa eshitgan odam mumdek erib qolishini bilgan g'arazli kishilar o'zining moddiy yo botil g'oyasini amalga oshirish uchun ishlatadigan bo'lib qoldi. Ushbu botil g'oya va aqidalarni sezgan ulug' zot va allomalrimiz o'z zamonalarida mazkur toifalarning yo'lini to'smoq uchun o'z bilim va mahoratlarini ishga solib ko'p natijalarga erishdilar va muqaddas islom dinimizni bizgacha toza va sof etkazib berish baxtiga musharraf bo'ldilar. Shuning uchun biz ham bugungi global holatini nazarda tutmay befarq va loqayd bo'lib panja ortidan qarab o'tiradiganlardan bo'lsak, kelajak avlod haqqini poymol qilib ular oldida javobgar bo'lib qolishimiz muqarrar bo'ladi.
Bugun dunyoning ba'zi bir mamlakatlarida turli toifa va aqidaparastlar o'z g'arazli g'oyalarini amalga oshirish uchun islom dini niqobi ostida amal qilib, o'qlari nishonga etmoq uchun hadisi sharif va Qur'oni karim oyatlarini o'z manfaatlari yo'lida tafsir qilmoqdalar.
Avvalan bilmoq kerakki, Qur'onni gafsir qilib unga ma'no berishga faqat mujtahid (tafsir, hadis, fiqh va usul ilmlarni bilgan kishi)haqlidirki, bu ish vaqtida o'z ifodasin topgan. Zero hadisda kelganki: «Qur'onni kim o'z fikri bilan tafsir qilsa joyini jahannamdan tayyyorlab qo'ysun». Shuningdek Qur'oni karimda shunday oyatlar mavjudki, ularning ma'nolarini Parvardigordan boshqa hej kim bilmaydi deb Qur'nda ta'kidlangan. Shuning uchun bizning Hanafiy mazhabimiz ulamolari shunday oyatlarning ma'nosini Olloh taologa havola qilib ma'no berishidan o'zlarini tiyadilar. Bundan tashqari Qur'on va hadislarning nosix va mansux(hukmi bekor qilingan) lari bor bo'lib, mufassir ularni ham mukammal bilmog'i lozim bo'ladi. Mansux oyatlarga imon keltiriladi ammo unga amal qilinmaydi.
Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek bugungi yangi firqalar Qur'ni karim va hadislarni ko'r-ko'roni ta'vil qilib tinj hayot kechirib turgan jamiyatni halokat girdobiga tortmoqdalar. Hudovand taboraka va taolo shunday kimsalardan ogoh bo'lmog'imiz uchun qo'yidagi oyatni Qur'onda keltirib marhamat qiladi: (Oyat ma'nosi) «Bu Kitoda(Qur'nda) ma'nosi aniq va ravshan oyatlar va ham mutashobih(tushinishi qiyin bo'lgan) oyatlar ham o'rin olgandir. Endi dillarida haq yo'ldan og'ish bo'lgan kimsalar odamlarni aldab fitnaga solish va o'z havoi nafslariga muvofiq tafsir qilish uchun Uning mutashobih oyatlariga ergashadilar,- Holbuki, unday oyatlarni ta'vilini yolg'iz Ollohgina bilur…..» deb bayon qilingan. ( Oli Imron 7 oyat). Mazkur oyat xususida Payg'ambarimz (alayhissalom) bunday deganlar: «Bir qavmning Qur'on oyatlari ustida ta'vil qilishi, ularning xatoga yo'l tutishiga sabab bo'ladi va ular fitnaga yo'l tutadi so'ngra ular Qur'ondan mutashobih oyatlariga ergashadilar. Bu hol ularni halokatga olib borabi».(Qatoda rivoyati). Boshqa bir hadisda bunday deyilgan: «Agar Qurondan mutashobih oyatlariga ergashganlarni ko'rsangizlar, ulardan uzoqlashingiz».(Tafsiri Abd).
Mazkur oyat va hadisi shariflardan xulosa chiqorib shuni aytish mumkinki, bugun dunyoda o'z qabih amallari bilan xavf solib turgan firqalardan biri «IShID» ( Iroq va Shom Islom davlati) , «Hizbut-tahrir» va boshqa guruhlar mavjudligidan barcha yurtdoshlarimiz ogoh bo'lmoqlari lozim. Zero Hazrati Ali (karramallohu vajhahu) bir ming to'rt yuz yil muqaddam ularning sifatlarini bayon qilib bunday deganlar: «Qachon qora bayroqlarni ko'rsangiz erni lozim tuting. (ya'ni makoningizda turing ularga ergashmang) Qo'llaringiz va oyoqlaringizni qimirlatmang.(ularga moddiy va ma'naviy yordam bermang) So'ng zaif bir qavm zohir bo'lur. Ular e'tiborga sazovor emaslar. Ularning qalblari temirning zangiga o'xshaydi.(odamlarga rahm qilmaydilar, shafqatsiz azob beradilar) Ular mol-mulk sohiblaridirlar. Ahdga ham, va'daga ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o'zlari haq ahlidan emaslar. Ismlari laqabdir. Nisbatlari qishloq-shaharlarigadir. Sochlari ayollarning sochlariga o'xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o'zaro ixtilof qiladilar…..».
Hulosa sifatida shuni alohida ta'kidlash lozimki, jahonda kechayotgan murakkab jarayonlar yoshlar tarbiyasiga yanada jiddiyroq e'tibor berishni talab etmoqda. Hususan har bir ota- ona bo'ynidagi mas'uliyatni his etib farzandlarining har nafas va har bir qadamidan xabardor bo'lib ularning yuradigan yo'li hamda do'stu hamso'hbatlari kimligini bilib turishlari shart va lozim dur. Urush janjallar bizdan uzoqdaku deb beparvo bo'lish aslo mumkin emas. Garchi yurtimiz Hudoga shukr tinch-osuda bo'lsada bu xatarlarni oldi olinmasa, uning tafti etib kelishi mumlmgini unutmasligimiz darkor. Zero hozirgi globallshuv davrida internet orqali dunyoning bir chetida turib, odamlarga o'z g'oyasini singdirish mumkin bo'lgan davrda yashamoqdamiz. Shuning uchun mazkur toifalarga nisbatan « fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish har qachongidan ko'ra muhim ahamiyat kasb etmoqda» deb yozgan edilar marhum Yurtboshimiz o'z «Yuksak ma'naviyat engilmas kuch» asarlarida.
Bir muborak hadisning ma'nosida bunday deyilgan:
« Kim erta o'yqudan turib oilasiga tinchlik va ahli oilasini sihhat va salomat topsa hamda farzandlari uchun bir kunlik eguli naprsasi bo'lsa bilsinki u eng boy va baxtli insondir».
Yana bir hadisda: «Mening umatim ikki ne'matning qadriga vaqtida etmaydi. Biri tinchlik ikkinchisi esa sihhat va salomatlikdir». deyilgan. Shuning uchun bugungi tinchlik va xotirjamligimizga shukr qilib, ushbu ulug' ne'matni avaylab asrash har bir fuqaroning burchi ekanligini aslo unutmasligimiz lozim.
Fazliddin Karomatulloh
Sariosiyo tumani «Hoja Alouddin Attor» j. masjidi imom xatibi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati