Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Oktabr, 2025   |   30 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:43
Peshin
12:12
Asr
15:49
Shom
17:36
Xufton
18:48
Bismillah
22 Oktabr, 2025, 30 Rabi`us soni, 1447

Nafsimizga qul bo'lmaylik!

11.10.2021   2019   8 min.
Nafsimizga qul bo'lmaylik!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

U dunyoga kelganida mittigina vujudni hashiralar chaqaloqlar tortib ko'riladigan taroziga solishgan edi. Bundan 44 yil oldin 1 kg 300 gr bo'lib tug'ilgan Baxtiyor bugun 70 kg bo'lib, qizil mato yopilgan tobutda yotibdi.

Odamlarning aytishicha, uning ikkita xotinidan besh nafar farzandi bor ekan. Birorta farzandi otamlab darvozadan kirib kelmadi. Ikki qavat qilib ko'tarilgan dang'illama hovlining o'n beshtacha xonasi uning 19 yoshli uchinchi xotiniga, uchta mashinasi qarzi bor, deb g'ingsheyvergan oshnalariga qoldi. Mahallada uch mingdan ziyod aholi istiqomat qilsa-da, janozaga o'ttiz-qirq nafar yaqinlar va qo'shnilardan boshqa hech kim ishtirok etmadi. Yaqin oshnalar ham qarzini undirib bo'lishgach, ish ko'pligini bahona qilib jo'nab qolishdi. Tobut erdan ko'tarilmasdan turib imom sekingina: «Baxtiyor qanday odam edi?» – deb so'radi. Barcha birdek: «Yaxshi», deb javob berdi. Lekin odamlar orasida o'tirgan uning yon qo'shnisi Abdujalil aka o'tgan yili qizining shartnoma puli uchun qarz so'rab chiqqani va bir botmon kamsitishlar evaziga quruq qo'l bilan qaytganini, chorsisi bilan og'zini bekitib unsiz yig'layotgan Qumri aya o'g'lining to'yida ukasi chet el mashinasida darvozagacha kelib, pastga tushmasdan odamlarga ko'z- ko'z qilib qo'liga 50 dollar berib ketganini, uning uyida bog'bonlik qilib yuradigan Farhod esa xotinini to'lg'oq tutganda mashinani so'roqsiz olib ketgani uchun ayovsiz kaltaklanganligini va besh oy maoshsiz ishlab berganini, hovoza ko'taraman , deb tomiga bilmasdan bolg'a urib olgan Doniyor usta ikki yil qamoqda nohaq azob chekkanligini ko'z oldiga keltirishdi. Lekin yaxshi odam, deb qo'yishdi.

Qur'on o'qiyotgan imom bundan bir yilcha oldin yoshgina juvonning: «Erkaksizku, nega tushunmaysiz?» – degan zor qaqshashlarini esladi. O'shanda Baxtiyor boyvachcha bo'lsa-da, ikkinchi xotinini ikkita farzandi bilan hech vaqosiz, haqoratlagancha ko'chaga haydayotgan edi. Mahallaga yumush bilan chiqqan imom indamay o'tib ketolmadi:

— Baxtiyorjon islomda ajrashkan xotinini boqishi shart, bu erkaklikning oliy belgisi, keyin uning orqasidan yomon gap aytish, uni yomon otliq qilish kechirilmas gunoh bo'ladi,-dedi. Baxtiyor esa ikkita gumashtasiga aytib mahalla-ko'yning hay-haylashiga qaramasdan imomni kaltaklattirdi. Kasalxonada ming bir azob bilan tuzalib chiqqan imom o'g'lining oyog'i mayib bo'lganligini ko'rib hammasini tushundi, ammo hech narsa demadi. Hozir esa og'zidan oyat chiqayapti-yu, mahallada nechta odam farzandini ishga kiritaman, deb qarz-havola qilib shu odamga tutqazgani,nechta yosh yalang o'zga yurtlarda sarson sargardon bo'lib yurgani ko'z oldidan o'taverdi. Odamlarga zarar bo'lgan yo'llar bilan pul topish hech tortinmasdan insonlarga ozor berish uning kasbi edi. Imom janoza so'ngida, shu kasb egasiga Hudo shunday qisqa umr berganligini tushundi va yuziga fotiha tortdi.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

U Kunda tillari, qo'llari va oyoqlari qilib yurgan amallari haqida ularga qarshi guvohlik berur. (Nur surasi 24-oyat)

Ular bu dunyoda pokiza, g'ofila, mo'minalarga yolg'ondan guvohlik bergan bo'lsalar, qiyomat kuni ularga o'z tillari, qo'llari va oyoqlari rost guvohlik beradi. Nima gapirganlarini, nima ish qilganlarini ochiq-oydin, hech rad etib bo'lmaydigan darajada aytib beradi.

Keyingi oyatda:

O'sha Kunda Alloh ularning haq jazolarini to'liq berur va ular Allohning O'zi ochiq-oydin haq ekanini bilurlar. (Nur surasi, 25-oyat)

Qiyomat kuni Alloh taolo ularga tegishli jazoni haq – adolat ila to'la beradi.

Bolaligimda sanashka qiziqar edim. Yoshim ulg'aygan sari raqamlar kattalashib boraverdi. Avval 10 gacha sanashni bilsam, keyin 20,30,40, va hakozo. Hozir millionni, trilionni bilaman. Gohida inson kashf qilgan ming va undan katta raqamlar oldiga o'zimning umrimni ko'yib ko'raman. 70-80, oshib borsa 100 ga boradi. Qiziq inson kashf qilgan katta-katta sonlarning oldida o'zining umri juda kichik va mayda. Aslida dunyoni raqamlar boshqaradi, hamma narsa raqamlar bilan o'lchanadi. Shuncha yoshga kiribdi, shuncha farzandi bor, va hokozo. Lekin dunyoda 1000 degan raqam bor-u,1000 degan yosh yo'q, NYeGA? Umrimiz juda qisqa deb noliymiz,ammo o'ylab ko'ring. Agar ming yoshga kirsangiz mingta yaxshilik qila olasizmi? Yoxud ming nafar solih farzand tarbiyalay olasizmi? Tobut erdan ko'tarilmasdan turib odamlar ortingizdan mingta yaxshi ish, ezgu amal sanay oladimi? Yo'q albatta, kichkinagina umrimizda kichkinagina yaxshiliklar qilishga ulgurmayapmiz-ku, uzun umrimizda qanday uzun yaxshiliklarimizni eslashadi? Balki o'sha inson 44 yillik umri davomida to'rtta yaxshilik qilgandir, balki ko'p. Ammo qirqta yomonligi orqasidan qancha-kancha odamlar ko'ngliga ozor bergan.

Darhaqiqat, bugun «odam savdosi» degan ibora ko'p tilga olinayapti, ko'rayapmiz, eshitayapmiz, qancha oila shu so'z orqasidan parokanda, ne-ne mardlar yarim jon, ne-ne qizlarning nomi badnom. Yuqoridagi Baxtiyor ham mana shunday ishlar ortidan mol-dunyo orttirgan edi.

Qanday qilib o'z millatdoshini, mahalladoshini sotyapti?, deb o'ylaysan kishi. Axir ko'z-ko'zga tushadi, yaxshi kuni ham yomoni ham shu yurtda bo'ladi-ku, keyin nima qiladi? Shu pul bilan oilasini, farzandlarini boqayotganlar kammi? Nahotki, raqamlarning, qog'ozlarning quliga aylanib qolayapmiz? Pul topish uchun o'zligidan kechayotgan,sochini qirqqan, etagini kesganlarni ko'rib qo'rqasan kishi! Nahotki qorin to'yg'izish uchun yaxshi yashash uchun inson shunchalar tubanlik, oriyatsizlik qilishi mumkin?

Yaqinda bir yig'inda eshitib qoldim. Bir ayol o'z uyida besh nafar qizni asrar va qo'shmachilik bilan shug'ullanar ekan. Yana har zamonda gunohlarini yuvish uchun topgan mablag'idan etim-esirlarga sadaqa ham qilib turar ekan. Gunohni yuvish uchun hatto tavbani pul bilan sotib olishga urinayotgan o'sha ayol (agar uni ayol deb atash mumkin bo'lsa) pul sanayotganida qo'llari qaltiramasmikan, har kun luqma yutayotganida tomog'iga harom degan tosh botmasmikan? Yoki insonlar shaxsiy manfaat oldida halol bilan haromni farqlay olmay qolishdimi? Nahot vijdon, degan so'zni qandaydir raqamlar, qog'oz pullar bosib ketmoqda. Iymon o'rniga, qog'oz pullar, raqamlar gapirmoqda.

Aslini olganda dunyoni emas, insonlarni raqamlar boshqarmoqda. Qandaydir raqamlar evaziga hamma narsadan kechishga tayyor turganlarni ko'rib, yaxshiyamki Yaratgan insonlarning umrini qisqa qilib belgilab qo'ygan ekan, deymiz. Axir o'ylang, agar ming yil umr ko'rganimizda, pul topish uchun, yaxshi yashash uchun yana qancha jirkanchliklarni o'ylab topgan bo'lar edik. Ming yil yashashning o'ziyoq insonni dahshatga soladi. So'zim muxtasarida aytmoqchi bo'lganim, chindan ham inson umri qisqa hech kim ming yil umr ko'rmaydi, ammo yuz yilmi, undan kammi, yuqoridagi holat singari ertaga ortimizdan hech kim yashagan yillarimizning bir kuniga ham afsus aytmasin.

Yulduz Qurbonova

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Til – millatning ma’naviy-ruhiy boyligi

21.10.2025   6016   5 min.
Til – millatning ma’naviy-ruhiy boyligi

O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,

bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.

         Shavkat Mirziyoyev

     O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
 

          Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.


    Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.


   So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona  tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.        


    Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat  tili  to‘g‘risida”gi  qonunining  qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.


O‘zbek  tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi  hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz  asarlarida  yaqqol  ko‘rish  mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning  hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin  Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror  romanlari-oqibat so‘zlarini  boshqa  tilga  aynan  tarjima  qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar  xalqimizga xos va ularni  aytishga  faqat  shu til  qodirdir. Bizning  ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til  orasida turkiy tillar oilasiga mansub  bo‘lib, jonli  til sifatida  qipchoq, qarluq, o‘g‘iz  lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek  adabiy tili esa ana  shu lahjalardagi  so‘zlarning  ma’lum  bir me’yoriga  keltirilgan  shaklidir. U  muttasil o‘sib, rivojlanib  bormoqda. Uning rivojida so‘z  mulkining sultoni  Alisher Navoiyning xizmatlari  beqiyosdir. Hazrat  Navoiy  til  xaqida bunday  yozadilar: “Ko‘ngil  xazinasining  qulfi  tildir. Ul  xazinaning  kalitidin so‘z bil”.


O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.  


Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.


Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.


Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.


Odiljon  Narzullayev,

Yangiyul tumani  “Qirsadaq’’ jome masjidi   imom  xatibi