Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim tahorat olib: “Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va Rasuluhu”, desa, unga jannatning sakkizta eshigi ochilib, xohlaganidan kiraveradi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Tahoratning badanni tetiklashtirish, chiniqtirish, turli kasalliklar va ruhiy illatlarni bartaraf etishda juda ko'p foydalari bor. Tahoratda ikki qo'lni yuvganda qo'l muskullari, bilaklar harakatlanadi. Og'iz va burunni chayganda jag', qo'l muskullari, elka harakatlanadi. Nafas yo'llari ochiladi.
Boshga mash tortish tahoratning farzlaridan biri qilib belgilanishida ko'p hikmatlar bor. Qo'l barmoqlarini ho'llab mash tortganda boshdagi tomirlar kengayib, og'riqlar yo'qoladi. Kishi o'zida xotirjamlik va rohatni his qiladi.
Bosh og'rig'ining 95 foizida aynan boshdagi tomirlarning siqilishi tufayli og'riq paydo bo'ladi. Boshga va gardanga mash tortish bilan qon aylanishi, asab tizimi faoliyati yaxshilanadi. Bosh og'rig'i yo'qoladi. G'azablanib turgan har qanday kishi tahorat olgach, hovuridan tushadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, g'azab shaytondandir. Shayton olovdan yaralgan. Olov suv bilan o'chadi. Agar sizlardan biringiz g'azablansa, tahorat olsin”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Davron NURMUHAMMAD
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz