Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Har yili mavlid oyi kirishi bilan mavlid haqidagi xiloflar qayta qo'zg'aladi. Har kim o'z dalilini keltirib, boshqani tanqid qiladi va oxir oqibat ikki taraf ham o'z fikrida qoladi. Bunday tortishuvdan kimga foyda, birov o'ylamaydi. Aslida bunday xilofli masalada har kim o'zi qoniqqan dalilga ko'ra amal qilib, boshqaga tosh otmasligi kerak. Biz ham yurtimiz ulamolarining qadimdan tanlagan so'zlarini tutib, o'z sharoitimizdan kelib chiqqan holda, mavlidni bugungi kunning ruhida, hozirimiz va kelajagimiz uchun manfaatli suratda o'tkazishga harakat qilamiz. Unamaganlar o'zlari biladi.
Bugungi kunda musulmon o'rtasida turli xil bayramlarni keng miqyosda nishonlash ommaviy urfga aylangani va bu bayramlar ko'pchilikning, xususan yoshlarning xotirasida, qalblarida chuqur iz qoldirayotgani sir emas. Bunday vaziyatda musulmonlar yosh avlodga islomiy tushuncha va an'analarni singdira bilishlari lozim. Fursatni g'animat bilib, kerakli vositalarni ishga solishlari darkor. Ana shunday muhim omil va an'analardan biri bu – mavlid oyi va kunini o'ziga xos suratda o'tkazishdir. Ho'sh, bugun biz mavlid oyini qanday o'tkazishimiz kerak? Bu oydan unumli foydalanish uchun nimalarga e'tibor berishmiz darkor? Buning uchun quyidagilarni qilish lozim:
1. Rabiulavval oyini siyratni o'rganish mavsimi qilib olish rejasini tuzish va bunda har kim o'z holati, sharoiti va imkoniyatlaridan kelib chiqib yondashishi kerak.
2. Birorta siyrat kitobini tanlab, bir oyga taqsimlab, shu oy ichi uni yakunlash. Masalan: «Hadis va Hayot» kitobining 19‑juzi ‒ «Olamlarga rahmat Payg'ambar», «Tarixi Muhammadiy», «Arahiqul‑maxtum», «Sarvari olam», «Nurul‑yaqin», «Nurul‑basar», «Siz Payg'ambarni ko'rganmisiz?» va boshqalar.
3. Ahlu oilaga mavlid oyi oxir zamon Payg'ambari, habibimiz, dunyoda etakchimiz, oxiratda shafoatchimiz bo'lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallam tug'ilgan oy ekanini, u zot shu oyning 9 yoki 12 kuni dushanbasida dunyoga kelganlarini eslatish.
4. Ushbu oy kirish bilan farzand‑nabiralarni dasturxon atrofiga yig'ib, ularga bu oyning ahamiyatini tushuntirish. Ertalab ham, kechki payt ham ahlu oilaga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridan qisqacha suhbat qilib berish. Bunda u zotning xulqlarini, oliyjanobliklarini yoritib berish kerak. Buning uchun yuqorida eslab o'tilgan adabiyotlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
5 Bolalarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolajon bo'lganlarini, sahobalari ichida kichik yoshdagi, o'smir yoshdagi kishilar ko'p bo'lganini, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning har birini alohida sevib, ehtirom qilganlarini misollar bilan aytish. Qiz‑juvonlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollarga ko'rsatgan ehtiromlaridan so'zlab berish.
6. Honadonni oila davrasida shu oyning biror kunini, masalan, 8, 9 yoki 12 kuni oilaviy mavlid yig'ini uyushtirish va ushbu kunni o'zgacha bir ko'tarinki ruhda, shodiyonalikda o'tkazishga alohida e'tibor qaratish.
7. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavalludlari xursandchiligi, u zotning tavallud kunlari bolalarning zehnida yaxshiroq o'rnashishi uchun shu kunda bolalar uchun sovg'alar tashkil qilish, ularning qalblariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbat o'yg'otishga xizmat qiladigan ishlarni amalga oshirishni unutmaslik kerak. Sovg'alarni ularga topshirishda «Bu senga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuhfalaridir, suyunchilaridir», deb ta'kidlash ham foydadan xoli emas.
8. Imkoni borlar ushbu oyda mavlid yig'inlari uyushtirib, marosimni risoladagidek o'tkazishsa, xayrli ish bo'ladi, inshaalloh.
(Ushbu mavzu xususida «Mavlid haqida o'ylar» nomli maqolada batafsil so'z yuritilgan.)
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
1436 yil rabi'ul avval oyi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati