O'zbekiston musulmonlari idorasi bo'lim mudiri Shayx Alijon qori boshchiligidagi “Al-Quran mass media" MChJ ta'sischisi Kozimxon Niyazov va Diniy idora ish boshqaruvchisi Rustam hoji Jamilov mazkur nashriyot ijodiy uyiga tashrif buyurdi. Mehmonlar nashriyotning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif so'nggida nashriyot ishlariga muvoffaqiyat tilab, duoi xayr qilindi.
Qur'oni karim qiroati va tajvidi nuqtai nazaridan sharhlangan hadislar haqida eshitganmisiz? Qur'oni karim xodimi Shayx Alijon qori mana shunday xayrli ishga qo'l urdi. Qur'on ta'limi, Qur'on tajvidi, Qur'on qiroati va
Qur'on xizmatida qariyb 30 yil faoliyat olib borgan mutaxassis — Shayx Alijon qori tomonidan Qur'on fazilati va shafoatiga doir hadislar Qur'oni karim ilmlari asosida sharhlanib, "Qur'oni karim shafoati" nomli asar tayyorlandi.
Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o'g'li qalamiga mansub "Qur'oni karim shafoati" nomli kitobi nashrga tayyorlanib, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Shamsuddinxon Boboxonov" nashriyot-matbaa ijodiy uyiga chop etish uchun topshirildi. Hozirda mazkur kitob nashr etish ishlari jadal sur'atda davom etmoqda.
"Al-Quran mass media" MChJ tomonidan ilk marta taqdim etilayotgan "Qur'oni karim shafoati" kitobi tez orada nashr etilib, Qur'on muxlislari e'tiboriga havola qilinadi, inshaAlloh.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz