Har bir insonning o'z sha'ni, obro'-e'tibori bor. Har bir o'zini hurmat qilgan kishi boshqa birovning ham hurmatini bilishi lozim. Afzal kishi shundayki, uning tili va qo'lidan boshqa mo'min-musulmonlar ozor ko'rmaydi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Musulmon – qo'li va tili bilan boshqa musulmonlarga ozor bermagan odamdir, muhojir – Alloh taolo taqiqlagan narsalardan o'zini tiya bilgan odamdir!” dedilar.
Ba'zan esa bo'lar-bo'lmasga so'kadigan odamlarga duch kelamiz. So'kinish insonning tarbiyasizligidan, badxulq inson ekanligidan darak beradi. Islom dinida birovni so'kish qoralanadi. Islom shariatida so'kinish harom bo'lgan amaldir. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishini so'kish fosiqlikdir, u bilan urushish esa kufrdir”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).
Islom dinida gunoh ishlarni qiladigan kishi fosiq deyiladi. Fosiq kishi gunoh ishlariga pushaymon bo'lib, tavba qilishi lozimdir.
Ayrim kishilar birovning ota-onasini so'kish bilan o'zlarining ota-onalarini la'natlaydilar. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Katta gunohlarning kattasi insonning o'z ota-onasini la'natlamog'idir”, dedilar. Shunda: “Yo Allohning Rasuli! Qanday qilib odam o'z ota-onasini la'natlaydi”, deb so'raldi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam birovning otasini so'ksa, u ham buning otasini so'kadi, onasini so'ksa, onasini so'kadi”, dedilar (Imomi Buxoriy rivoyati).
Hulosa qilib aytamizki, so'kinishlik badxulqlik belgisi va gunoh amaldir. Alloh taolo barchamizni gunoh ishdan qaytib, yaxshi xulq egasi bo'lishlik baxtiga muyassar aylasin!
R. Akbarov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi.
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati