Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

So'kinishlik – tarbiyasizlik alomati

08.10.2021   1749   2 min.
So'kinishlik – tarbiyasizlik alomati

Har bir insonning o'z sha'ni, obro'-e'tibori bor. Har bir o'zini hurmat qilgan kishi boshqa birovning ham hurmatini bilishi lozim. Afzal kishi shundayki, uning tili va qo'lidan boshqa mo'min-musulmonlar ozor ko'rmaydi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Musulmon – qo'li va tili bilan boshqa musulmonlarga ozor bermagan odamdir, muhojir – Alloh taolo taqiqlagan narsalardan o'zini tiya bilgan odamdir!” dedilar.

Ba'zan esa bo'lar-bo'lmasga so'kadigan odamlarga duch kelamiz. So'kinish insonning tarbiyasizligidan, badxulq inson ekanligidan darak beradi.  Islom dinida birovni so'kish qoralanadi. Islom shariatida so'kinish harom bo'lgan amaldir. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishini so'kish fosiqlikdir, u bilan urushish esa kufrdir”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).

Islom dinida gunoh ishlarni qiladigan kishi fosiq deyiladi. Fosiq kishi gunoh ishlariga pushaymon bo'lib, tavba qilishi lozimdir.

Ayrim kishilar birovning ota-onasini so'kish bilan o'zlarining ota-onalarini la'natlaydilar. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Katta gunohlarning kattasi insonning o'z ota-onasini la'natlamog'idir”, dedilar. Shunda: “Yo Allohning Rasuli! Qanday qilib odam o'z ota-onasini la'natlaydi”, deb so'raldi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam birovning otasini so'ksa, u ham buning otasini so'kadi, onasini so'ksa, onasini so'kadi”, dedilar (Imomi Buxoriy rivoyati).

Hulosa qilib aytamizki, so'kinishlik badxulqlik belgisi va gunoh amaldir. Alloh taolo barchamizni gunoh ishdan qaytib, yaxshi xulq egasi bo'lishlik baxtiga muyassar aylasin!

R. Akbarov,

O'zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi.

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   2803   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi