Germaniyaning Kyol'n shahrida o'tkazilayotgan Jahon oziq-ovqat va ichimliklar yarmarkasida halol mahsulotlar bozoriga yo'naltirilgan formatda Anuga Halal Market bozori tashkil etildi. Halol bozor ham qiyinchilik, ham yangi imkoniyatni o'zida namoyon qiladi.
Halol mahsulotlarning zarur shaffofligi va sanoatlashuvi Germaniyada yashovchi besh milliondan ortiq va Yevropa bo'ylab 50 milliondan ortiq musulmonlarning xavfsizligi va sifat talablariga javob beradigan sertifikatlashni talab qiladi.
2021 yilning 9 oktyabridan 13 oktyabriga qadar chakana savdo shoxobchalarida bo'lib o'tadigan Anuga Halal Market bozori go'sht va sut mahsulotlaridan tortib muzlatilgan oziq-ovqat, shirinlik va yaxna ovqatlargacha bo'lgan halol sektorning butun taklifini qamrab oladi.
Islam.ru xabariga ko'ra, maxsus ko'rgazma oziq-ovqat chakana savdosi vakillariga halol mahsulotlarning assortimenti bilan tanishib chiqish imkonini beradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi