Butun dunyo turkiylarining umumiy ajdodi sifatida e'tirof etiladigan Alp Er To'nganing ehtimoliy qabri Buxoro hududidan topildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Afsonaviy shaxs Alp Er To'nga yoki Afrosiyob – turkiy xalqlarning umumiy ajdodi hisoblanadi. Mutaxassislarning ishonch bildirishicha, agar topilmaning haqiqiyligi o'z tasdig'ini topsa, Buxoro butun turkiy dunyoning diqqatga sazovor markaziga aylanadi.
O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosatchi Sherzodxon Qudratxo'ja Rossiyaning «iReactor» elektron nashri muxbiriga bergan interv'yusida Afrosiyobning turkiy dunyo tarixida tutgan o'rni va mazkur kashfiyotning qiymati haqida aytib o'tdi.
Uning fikr bildirishicha, o'zbek olimlari ko'p yillardan buyon buyuk ajdodlari dafn etilgan joylarni aniqlash bo'yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ammo bu mavzuning ommaviy axborot vositalarida qayta ko'tarilgani O'zbekiston uchun respublikaning mashhur shaharlarini tadqiq va targ'ib qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
– Bugun mamlakatimizda Uchinchi Renesans davriga poydevor qo'yilayotgan bir paytda Alp Er To'nganing ulug'vor qiyofasini jonlantirish, ayniqsa, muhimdir, – dedi u. – So'nggi besh yil mobaynida yangi O'zbekiston TURKSOY va Turkiy Kengash kabi xalqaro tashkilotlarda, jahon hamjamiyatida munosib o'rin egallash jarayonida faol ishtirok etib kelayapti. Zero, o'z ildizlarini chuqurroq anglash tarixiy zaruriyatdir.
Siyosatchi turkiy xalqlar va Turon davlatchiligi, zamonaviy o'zbek xalqi va o'zbek davlatchiligiga asos solgan buyuk siyosatchi va mohir sarkarda, sak qabilasi etakchisi Alp Er To'nga obrazi bilan uzviy bog'liqligiga ishonadi.
– Alp Er To'nga shaxsiyatiga to'xtaladigan bo'lsak, biz, aslida, barcha turkiy xalqlar qahramoni-asoschisi, turkiylarning buyuk va qadimiy tarixi haqida gapirgan bo'lamiz, – deydi u Rossiya nashriga bergan interv'yusida. – Alp Er To'nga nafaqat Turon tarixida, balki O'zbekistonning zamonaviy tarixida ham munosib o'ringa loyiq. Alp Er To'nga dafn etilgan joyning aniqlanishi, agar tasdiqlansa, Geynrix Shlimann tomonidan qadimgi Troya kashf etilishi bilan bir darajada baholanadi. Har ikki holatda ham, dastlab, faqat yarim afsonaviy voqealar tasvirlangan qadimiy rivoyatlar aytilib kelingan. Troya holida ham, Afrosiyobda ham afsonaviy qahramonlar haqida gap ketgan, lekin bular ehtimol afsonalar emas, balki tarixiy faktlar ekani ma'lum bo'lmoqda.
"Bu tarixiy topilmaning o'zbek xalqi va unga birodar millatlar uchun ahamiyatini ortiqcha baholash qiyin emas. U butun turkiy dunyo uchun diqqatga sazovor joy, kuch-qudratga aylanishi mumkin. Turkiyalik professor Nekati Demirning fidokorona qat'iyati oldida va uni qo'llab-quvvatlagan barchaga ta'zim qilamiz. Umid qilamizki, eng yorqin umidlarimiz ro'yobga chiqadi va nihoyat haqiqiy kelib chiqishimizni baralla aytadigan payt keladi”, – deya ta'kidladi Sherzodxon Qudratxo'ja.
Ushbu tarixiy topilma haqida rossiyalik taniqli teleboshlovchi Vladimir Pozner ham o'z fikrlari bildirgan. U mazkur muhim yangilikni bevosita joyida ko'rish uchun O'zbekistonga tezroq kelishni rejalashtirayotganini ta'kidladi. «Men sobiq ittifoq mamlakatlari bo'ylab juda ko'p sayohat qilgan bo'lsam-da, ammo hozircha O'zbekistonga bormaganman. Lekin men, albatta, ushbu serquyosh o'lkani ziyorat qilishni istayman. Men, ayniqsa, Buxoro, Hiva va Samarqandni ko'rmoqchiman. Ushbu tarixiy shaharlar har doim meni o'ziga jalb qilgan», - deydi teleboshlovchi.
Vladimir Poznerning ta'kidlashicha, uning O'zbekistonda bo'lgan ko'plab do'stlari Markaziy Osiyoning ushbu davlati haqida faqat iliq fikrlarni bildirgan.
"Ularning aytishicha, mamlakatda, ayniqsa, infratuzilma borasida juda ko'p ishlar qilingan. O'zbekiston shitob bilan taraqqiy etib bormoqda. Shu bilan birga, ushbu zaminda o'tmish va madaniyat ham saqlanib qolgan. Bular menga juda qiziq. Men tarixiy muhitda yurishni, qadimiy madaniyat bilan uyg'un bo'lishni juda yaxshi ko'raman. Juda ehtiyotkorlik bilan saqlab kelinayotgan qadimiy shaharlar esa meni har doim o'ziga tortadi. O'ylaymanki, O'zbekiston tarixini juda yaxshi biladigan tilmoch bilan ushbu yurt haqida bilmaganlarimni o'rganardim", - deydi V.Pozner.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Umraga borganda bir holatga guvoh bo‘ldim. Madinada ham, Makkai mukarramada, tavof va sa’ylarda ham ayrim er-xotinlar qo‘llarini ushlab yurishibdi. Ular orasida yoshi kattalar ham, yoshlar ham bor. Bu narsa ehromga ta’sir qilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ehromdagi er va xotin jinsiy yaqinlik va unga olib boruvchi amallardan saqlanishi lozim. Bu hukm oyati karima va hadisi shariflarga asoslangan. Ammo ehromdan tashqari vaqtda ruxsat beriladi.
Savolda aytilgandek, er va xotin bir-birlarini qo‘llarini ushlab yurishgani kuzatiladi. Chunki u yerlarda tumonat odam to‘plangani uchun bir-birini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishadi va shu bois qo‘llarini ushlab olishadi. Lekin bunday narsalarga hojat bo‘lmay, qo‘l ushlashib yurish yaxshi emas.
Chunki muqaddas makonlarga sayru sayohatga, tomosha qilishga borilmaydi, balki tavba-tazarru va Alloh taologa yanada qurbat hosil qilish, ulkan ajru-savoblarga erishish maqsadida boriladi. Ziyoratga otlanib turgan inson asosiy maqsadni unutib qo‘ymaslik lozim.
Ehromdalik vaqtida bunga ahamiyatli bo‘lish lozim. Chunki agar er va xotin ehromda bir-birlarining qo‘llarini ushlaganda shahvat, jinsiy yaqinlikka moyillik paydo bo‘lsa, jonliq so‘yish lozim bo‘ladi. Shahvatsiz ushlasa, jarima bo‘lmaydi.
Ulamolar mazkur masalaga bir qancha hadislar va oyati karimani dalil qilganlar. Alloh taoloning: “Haj ma’lum oylardir. Kimki ularda o‘ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo‘qdir”, so‘zidagi “shahvoniy narsalar” deb tarjima qilingan so‘z oyatda “rafas” deb aytilgan. Bu so‘zning ba’zi tafsirlarida jinsiy yaqinlik va ushlash va o‘pish kabi unga olib boruvchi ishlar deyilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.