Ziyoratgohlardagi maqbaralar va u erdagi daraxtlarni muqaddas sanab, uni tavof qilish va unga sig'inish shirk amalidir.
Tilaklar ijobat bo'ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog'lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o'pish bid'at va xurofot amallaridir.
Hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog'lab, hojatim ravo bo'ladi, deyish aqlga ham to'g'ri kelmaydi.
Qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchundir.
Qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, aziz avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini so'raydigan, baxt yoki farzand yohud ishiga rivoj tilab, istaklarini qabr sohiblaridan so'rash ulkan gunohdir.
Har qanday istak, tilaklarni faqat yolg'iz Allohdan so'ralishi kerak.
«Alloh: «Ikki ilohni ma'bud qilib olmangiz! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo'rqingiz!» – dedi. Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo'lishi) vojibdir. Allohdan o'zgasidan qo'rqasizmi?! Sizlarda qaysi bir ne'mat bor bo'lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat etsa ham faqat Ungagina yolvorasizlar. So'ngra, sizlardan musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to'da kimsalar Parvardigorlariga shirk keltirurlar» (Nahl, 51-54).
Hanafiy mazhabidagi mo''tabar manbalardan biri «Raddul muhtor» kitobida shunday deyilgan:
«Halq tarafidan o'liklarga atab nazr qilish, Allohning do'stlari qabrlariga ularga yaqin bo'lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir»
t.me/oliymahad
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi