Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Badiiy adabiyot va din

29.11.2023   2308   5 min.
Badiiy adabiyot va din

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Badiiy adabiyot kerakmi degan savol ilm kerakmi degan savoldek mantiqsizdir.

Badiiy adabiyot inson didi va hissiyotlarini charxlaydi. Aqlini o'stiradi. Badiiy adabiyot aqlning suvi, qalbning hayotidir. Agar u bo'lmasa, aql qurib qoladi, qalb o'likka aylanadi.

Qur'on Arab o'lkasidagi johiliya adabiyoti ustiga indi. Qur'on Arablarning eng go'zal va betakror she'riyatini mag'lub qildi. Qur'on Uni hech kim badiiyatda enga olmasligini namoyishkorona e'lon qilgan holda haybat va go'zallik ila olamga yoyildi. 

Qur'on ingan pallada arablar she'r va so'zni juda inja tushunar, o'ta nafis tuyar edilar. Ularning tab'i, didi o'ta yuksak bo'lib, shoir sifatida nom qozonmoq katta shon-shuhrat eshiklarini ochgan. Holbuki, Qur'on qarshisida shoirlarning tili kesilib qoldi. Shuning uchun Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida "Biz unga she'rni ta'lim bermadik!" - dedi Yosin surasida.

Arablarni Qur'on fasohati, balog'ati va badiiyatiga taslim qilgan omillardan biri ularning she'riyati bo'ldi. Agar ular she'r nimaligini bilmasalar edi, Qur'on so'zlaridagi mo''jizakorlikni topa olmasdilar. Agar ular badiiyat bobida cho'qqiga chiqmaganlarida edi Qur'ondagi kalom go'zalligini kashf etmasdilar, qalblari Kalomullohdan bu qadar mutaassir bo'lib, ulkan cho'qqilarni zabt etmasdilar, hatto Tavhid diniga bu qadar to'liq taslim bo'lmasdilar.

Badiiyat, chinakam adabiyot insonni Qur'onga boshlaydi. Qur'ondagi qissalar, ibratlar, hukmlarni qabul qilish, his etish uchun insonda faqatgina arabcha lug'atlar ombori emas, so'z nafosatini tuyish iste'dodi ham bo'lishi lozim.

Qur'on arab tilida indi, ammo u tomon yo'l o'z ona tilimizni yaxshi bilish, o'z ona tilimizdagi badiiyatni to'la his etish orqali boradi. O'z tilidagi go'zallikni topmagan, o'z tilidagi badiiyati va ifoda qudratini kashf etmagan odam begona tilning jozibasini tasavvur ham eta olmaydi. Badiiyat jazbasidan mahrum insonlarda kashf, hayrat, zavq, shavq bo'lmaydi. Badiiyat sarhadlarini ko'rmagan odam taqlidchi va johildir. Badiiyatni anglash uchun oliy ma'lumot shart emas, u qalbning tub-tubida ochiladigan bir buloq yanglig' ne'mat sanaladi.

Fikrimcha, O'zbek zamonaviy adabiyotining sovet davri g'oya jihatidan, ulkan masalalarni qo'yish bobida rangpar va quvvatsiz adabiyotdir. Ammo bu adabiyot ichida Cho'lpon. Usmon Nosir. Hamid Olimjon, G'afur G'ulom, Mirtemir, Abdulla Orif, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Hudoyberdiyevalar she'riyati borki, ulardagi ifodalar, badiiyat juda nozik va chuqur, nasr bobida esa Abdulla Qodiriy. Cho'lpon. Oybek, G'afur G'ulom singari adiblarning ayrim bitiklarida nazokatni topish mumkin.

Inson o'zida badiiy did va adabiy go'zallikni shakllantirishi uchun ko'p mutolaaga muhtoj.
Mutolaa chog'ida esa g'oyaviy rangpar, qo'rqoq va quvvatsiz, ayni paytda fitratga qarshi bitilgan nasrga uchraysiz. Ularni badiiyatini tekshirish maqsadid, shuningdek, HH asrdagi iymondan yuz o'girgan avlod fojiasi, biqiqligini ko'rish uchun o'qisa bo'ladi.

Adabiyot mangulik, Hudo, insoniyat, olam, tabiat, qalb muammolarini qamrab olmasa, uni hech kim o'qimaydi. Bu muammolarni kuyik qalb, yoshli ko'z, kesilgan til faryod va yig'i bilan adabiyotga aylantirib bera oladi. Shunda u o'qiladi.

Adabiyotda qahramon bo'lish uchun haq so'zga jonni tikish kerak. Shunda u boshqa jonlarni uyg'otadi.

Qo'rqoqlar, insoniyatga nafrat sochuvchilar, hasadgo'ylar hech qachon katta adabiyotni barpo eta olmaydilar.

Adabiyoti bo'lmagan millat ko'r millatga aylanadi.

Adabiyotsiz qolgan xalq tafakkursiz olomonga evriladi.

Bugun har birimizni bizda yaqin yuz yilda chinakam haq so'z fidolari hamda ulug'vor adabiyot yo'qligi seskantirishi kerak. Bu hol zamonaviy dunyoning o'zida taqchil holga aylandi...

Akrom Malik

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   11856   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar