2021 yil 9 oktyabr, shanba kuni Toshkent shahrida «Islom moliyasi» loyihasi hamda «Islamic Business and Finance» (IsBF) kompaniyasi tomonidan «Islom moliyasi: nasiya savdo qoidalari, muammolari va echimlari, ijara hamda biznesda baraka omillari» mavzusida amaliy seminar o'tkaziladi.
Seminar davomida ishtirokchilar quyidagi bilim-ko'nikmalarga ega bo'lishadi.
– Islom moliyasi haqida asosiy tushunchalar;
– Islom moliya tizimi va an'anaviy moliya tizimi o'rtasidagi farqlar;
– Islom moliyasidagi asosiy taqiqlar;
– Islom moliyasida qo'llaniladigan savdo shartnomalari;
– Biznesda baraka omillari va boshqa turli xil mavzular.
Bundan tashqari:
– Bo'lib to'lash (xalq tilida «rassrochka» deb ham nomlanadi);
– Distrib'yutor/dilerlikning Islom moliyasiga muvofiq ko'rinishi;
– Shartnomalarda «jarima», «penya» kabi moliyaviy jazolar;
– An'anaviy lizingning Islom moliyasiga nomuvofiq bo'lgan jihatlari;
– Sarmoyani ko'paytirishning Islom moliyasi talablariga javob beradigan shakllari kabi masalalarga javob olish mumkin.
Ushbu seminar Islom moliyasi va bankchiligi bo'yicha ko'p yillik tajribaga ega mutaxassislar tomonidan o'tkaziladi. Jumladan, O'zbekiston musulmonlari idorasi bo'limi mudiri, «Zikr ahlidan so'rang» hay'ati a'zosi Muhammad Ayyub domla Homidov, Jahongir Imamnazarov, Muzaffarjon Nizomiddinov, Kozimxon To'rayev, Muzaffar Husniddinovlar ishtirok etishadi.
Shuningdek, barcha seminar-trening qatnashchilari uchun maxsus telegram guruhi ochiladi. Bu telegram guruhida barcha asosiy trenerlar ham bo'lishadi. Ishtirokchilar treningdan keyin ham amaliy savollariga javob olishlari mumkin.
Seminarda ishtirok etish narxi:
* 500 000 so'm (oflayn qatnashuvchilar uchun);
* 300 000 so'm (onlayn qatnashuvchilar uchun)
Ishtirok etishni istaganlar quyidagi havola orqali ro'yxatdan o'tishlari va to'lov qilishlari mumkin:
To'lovlarni qanday amalga oshirish mumkin?
Agar ishtirokchi jismoniy shaxs bo'lsa, to'lovlarni Payme ilovasi yordamida amalga oshirishi mumkin.
Yuridik shaxslar to'lovlarni o'z hisob raqamlaridan ham to'lash imkoniyati mavjud.
Shartnoma olish uchun menejer bilan bog'lanish lozim: @IsBF_Trening (telegram)
Qo'shimcha ma'lumotlar:+998992772000
Manba: Islom.uz
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati