Samarqand shahrida joylashgan me'moriy yodgorliklar orasida Afrosiyob shaharchasining kunchiqar tomonida, Siyob kanali yoqasida joylashgan va xalq orasida “Doniyol payg'ambar qabri” deb yuritiluvchi maqbara mashhur. Doniyol (ivrit tilida Daniel, arab tilida Doniyal) payg'ambar yahudiy millatiga mansub bo'lib, miloddan avvalgi 603 yilda
Quddusda dunyoga keladi. Miloddan avvalgi 534 yilda Bobilda vafot etadi. Doniyol payg'ambarga tegishli deb ko'riluvchi Samarqanddagi maqbara bugungi kunda yahudiy, nasroniy va islom dini vakillari tomonidan birdek e'zozlanib ziyorat qilinadi.
Ushbu maqbarada kim dafn etilganligi haqida hozirgacha mutaxassislar bir to'xtamga kelgani yo'q. Ayni paytda ushbu maqbaraga ko'milgan shaxs haqida bir qancha rivoyatlar mavjud.
Ulardan birida aytilishicha, Ahamoniylar sulolasidan bo'lgan Kir II eramizdan oldingi 539 yilda Bobilni istilo qilganida Bobil podshohlari tomonidan qullikda tutilgan bir necha yuz yahudiyni ozod qiladi. Ushbu yahudiy qavmi ozod bo'lgach, Amudaryodan o'tib O'rta Osiyo hududiga kirib kelgan. Ular o'zlari bilan birga Bobil podsholigida yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan va o'zini payg'ambar deb e'lon qilgan Doniyol payg'ambarning qabrini ham olib kelgan ekan.
Ikkinchi rivoyat Amir Temur bilan bog'liq. Rivoyatda keltirilishicha, o'zining etti yillik harbiy yurishi vaqtida (1399-1404 yillar) Amir Temur Mosul shahri yaqinida to'xtaydi. Bu erda Doniyol payg'ambar haqida ko'p ajoyib rivoyatlarni eshitib, uning qabrini ziyorat qiladi. Roviylardan ushbu payg'ambar qabri turgan joy fayzli va barakali bo'lishini eshitadi. Shu onda u kishining hoklarini poytaxt Samarqandga olib ketishga buyruq beradi. Ammo bu ishga shahar aholisi qarshi chiqadi. Shundan so'ng Amir Temur qabrdan faqat nishona olib Samarqandga jo'natadi. Nishonani ortib olgan tuya Samarqandga kirib, hozirgi mozor o'rnida cho'kkach, qabrdan olingan nishona shu erga ko'miladi.
Boshqa bir rivoyatda shahar nomi o'zgarib kelgan. Ya'ni, Doniyol qabri Erondagi Suza (hozirgi Huziston viloyatida) shahrida bo'lgan. Nishona ham ayni qabrdan olib kelingan deb ko'rsatiladi. Doniyol payg'ambar bilan bog'liq yuqoridagi ikki holatda ham qabrdan nishonaning olib kelinishi Amir Temurning etti yillik yurishlari bilan bog'lanadi. Biroq Amir Temur 1381-1384 yildayoq Eronning katta qismini bosib olgan bo'lib, Eronning to'liq bo'ysundirilishi uch yillik (1386-1388 yillar) va besh yillik (1392-1396 yillar) yurishlar vaqtida amalga oshiriladi. Ya'ni, o'zining etti yillik yurishlari davrida asosiy e'tiborini Misr, Shom o'lkasi va Usmoniylar imperiyasiga qaratgan Amir Temur Eronning janubi-g'arbida joylashgan Suza shahriga borgan bo'lishi ehtimoldan yiroq. Shuningdek, hozir ham Iroqning shimolida joylashgan Mosul shahrida Doniyol payg'ambar maqbarasi mavjud bo'lib, aholi tomonidan ziyorat qilinadi.
Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiy o'zining “Samariya” asarida yuqoridagi fikrlarni inkor etadi. Bu haqda u shunday yozadi: “Avom uni Doniyol payg'ambarning qabri deydi, lekin uning mozori Mosul viloyatidadir. Derlarkim, u (Doniyol) Abbos o'g'li Hazrat Qusamning, Tangri undan rozi bo'lsin, yoronlaridan edi va shu erda ko'milgandir”.
Yuqoridagi manbalarda bir qancha qarama-qarshi fikrlar mavjud bo'lib, ba'zi savollarni o'rtaga tashlaydi. Ularni quyida ketma-ketlikda ko'rsatib o'tamiz.
Ushbu mozor ustida XX asr boshlariga qadar maqbara bo'lmagan. Maqbara o'tgan asrning boshida samarqandlik usta Abdulqodir Choldivor tomonidan Samarqand viloyati harbiy gubernatori ajratgan mablag' hisobiga bunyod qilingan.
Maqbara ichidagi qabr ham hozirgi ko'rinishidan farq qilgan. Dastlabki ko'rinishda qabrning bosh tomoni shimoli-sharqqa qaratilgan bo'lib, janubi g'arbga qarab pasayib boruvchi, uzunligi 17 metr atrofida bo'lgan marmar bilan qoplangan qabrtosh ko'rinishida bo'lgan. XIX asr oxirida Samarqandga kelgan sayyohlar olgan fotosuratlarda bu yaqqol ko'zga tashlanadi.
Islom dinida esa mayyit ko'milganda yuzi qibla (Makka) tomonga qaratilib ko'miladi. Ya'ni, qabr qiblaga ko'ndalang tarzda joylashadi. Doniyol payg'ambar qabrining oyoq tomoni qibla – janubi-g'arbga qaratilgan bo'lib, din va davlat homiysi bo'lgan biror hukmdor mayyitning bunday ko'milishiga yo'l qo'ymagan bo'lardi, shu jumladan Amir Temur ham. Shuningdek, agar mozorning shakllanishi Amir Temur davrida yuz bergan bo'lsa, nima uchun o'sha vaqtdagi kimsasiz Afrosiyob shaharchasining bir chekkasi tanlandi? XIII asrda mo'g'ullarning qirg'inbarot urushlari davridan buyon qadim Samarqand shahri hozirgi Afrosiyob shaharchasi hududida rivojlanishni to'xtatib, Registon maydoni atroflarida yangidan qad ko'tara boshlagan, Amir Temur davrida obod shahar darajasiga etgan edi. Doniyol payg'ambar hoki ham aynan shu erga qo'yilgan, uning ustiga muhtasham maqbara bunyod etilgan bo'lmasmidi?
Endi Abu Toxirxo'janing “Samariya” asarida keltirilgan fikrlarga keladigan bo'lsak, ushbu mozor Hazrat Shoh-Qusam ibn Abbosning izdoshiga tegishli ekanligi ham ehtimoldan yiroq. Agar shunday bo'lganda “Ho'ja Doniyor” Qusam ibn Abbos hazratlarining yoniga – Shohi Zinda majmuasiga dafn etilgan bo'lar edi. Yana musulmoncha an'analar bilan ko'milgan, qabrining oyoq tomoni qiblaga qaratilmagan bo'lar edi.
Maqolamiz boshida keltirilgan fikrga to'xtaladigan bo'lsak, anchayin haqiqatga yaqinroq ekanligini ko'ramiz. Birinchidan, Arabiston yarim oroli, O'rta dengizning sharqiy qirg'og'i va Quddusda istiqomat qiluvchi yahudiylar qadimda mayyitning oyog'ini Quddus shahriga qaratib ko'mishgan. Ularning e'tiqodiga ko'ra mayyit “qayta tirilganda” Quddusga qarab yo'l olishi kerak bo'lgan. Ushbu odat hozirgacha Quddusda istiqomat qiluvchi yahudiy jamoalarida saqlanib qolgan. Biz ko'rib chiqayotgan mozorning ham oyoq tomoni janubi-g'arbga – Quddus tomonga qaratib bunyod qilingan. Qabrning bosh tomonidagi tug' esa qadimdan turkiy halqlarga xos bo'lib, Doniyol payg'ambarga hurmat yuzasidan O'rta Osiyo hukmdorlari tomonidan o'rnatilgan. Bundan tashqari, yuqoridagi barcha manbalarda ushbu mozorga qudduslik Doniyol payg'ambar ko'milganligi bayon etilgan. Yana shuni ham ta'kidlash lozimki, qadimda maqbaraga olib boruvchi asosiy yo'l ko'hna Afrosiyob shaharchasi orqali o'tgan. Uning qoldiqlari hozirgacha saqlanib qolgan. Bu esa mozorning hozirgi Afrosiyob shaharchasi hududida istiqomat qilgan qadimgi samarqandliklar tomonidan muntazam ziyorat qilib turilganidan dalolatdir.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib shunday xulosa qilish mumkin: Doniyol payg'ambar mozori Chingizxon istilosiga qadar gullab yashnagan Samarqandning eng qadimgi o'rni – Afrosiyob shaharchasida islom dini yoyilgunga qadar ham mavjud bo'lgan. Biroq payg'ambarning hokini Samarqandga keltirilishi xususida manbalar mavjud bo'lmaganligi bois, uni Ahamoniy shoh Kir II tomonidan ozod qilingan yahudiy jamoalari olib kelganligi faqat taxminlarga asoslanadi.
(Fotosurat Dmitriyev Kavkazskiyning “O'rta osiyo bo'ylab. Rassom kundaliklari” Sankt-Peterburg-1894. asaridan olindi)
Mahmudxon YuNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo'riqxonasi bosh muhofizi.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi